Talabalar paxtaga olib chiqilmayaptimi?

Talabalar
Image caption Talabalar paxta dalasida

Toshkent viloyatidagi ba'zi kollej o'qituvchilarining aytishlaricha, bu yilgi paxta terimiga talabalar olib chiqilmayapti. O'tgan yillar davomida kollejlarning 3-kurs talabalari paxta dalalariga safarbar qilinardi.

"Bu yil kollej talabalarimiz chiqmayapti. Uchinchi kursdagilar ham. Bu yaxshi, albatta, talabalar ta'lim olishi kerak deyilyapti. Lekin, darsi kamroq o'qituvchilar, qorovullarimiz, laborantlarimiz har kuni chiqishyapti, ularga nazorat katta", - deydi Toshkent viloyati tumanlaridan birining o'qituvchisi BBCga.

Biroq, respublikaning boshqa hududlarida, xususan Farg'ona viloyatining Rishton tumanidagi kollejning nafaqat 3, balki 1-kurs talabalari ham paxta terimiga olib chiqilishi buyurilgan.

Bu haqida kollej o'qituvchilaridan biri o'zining Facebookdagi sahifasida bildirdi.

"Yakshanba kuni guruhingizni paxtaga olib chiqing degan buyruq bo'ldi. Albatta, og'zaki buyruq. 1-kurs guruhlaridan biriga guruh rahbariman", - deb yozdi mualli o'z ijtimoiy tarmoqda.

Talaba mehnatini kim qoplaydi?

Ayni damda bo'shab qolgan mazkur ishchi kuch o'rnini to'ldirish mahalla qo'mitalariga topshirilgan.

"Mahallaqo'mlar uyma-uy yurib, uyda o'tiradigan odamlarni paxtaga chiqishga majburlashyapti. Biz o'qituvchilarni esa shanba-yakshanba kunlari paxtaga chiqarishadi. Shu bilan etti kun ishlaymiz", - deydi Toshkent viloyatidan gapirgan suhbatdosh.

Uning aytishicha, har bir o'qituvchi maoshidan kollej rahbariyati "yollanma paxtakorlar" uchun 600 ming so'm ushlab qolmoqda.

"Bu pul o'rnimizga paxta teradigan odamlar uchun ekan. Agar norozi bo'lsak, unda "bor, dalaga chiqib paxta ter, kilosiga 250 so'm olasan, oylik yozilmaydi" deb aytishadi", - deydi muallim.

Kollejlar rahbariyatining o'qituvchilar maoshlaridan ushlab qolayotgan puli respublika bo'ylab hisoblansa, yuz millionlab so'mni tashkil qiladi. Ammo, bu miqdorning qanchasi haqiqatdan ham mardikor paxtakorlarni yollash uchun sarflanishi borasida hech qanday hisob-kitob olib borilmaydi.

Bu pullar kimning cho'ntagiga borib tushishi noma'lum.

Ayni damda suhbatdosh o'quvchilarning dalaga olib chiqilmayotganini olqishlaydi. "Baribir ularni olib chiqqandan foyda yo'q. Yugurib, o'ynab yurishadi dalada", - deydi u.

Kimning boshi?

O'zbek internet nashrlarida tarqalgan xabarlarda aytilishicha, O'zbekiston prezidenti vazifasini vaqtincha bajaruvchi Shavkat Mirziyoev bir necha kun avval o'tkazilgan selektor majlisida viloyat va tumanlar hokimlariga maktab va kollejlar talabalari mehnatidan foydalanishni ta'qiqlagan. U bu buyruqni buzganlar boshi bilan javob berishlarini aytib tahdid qilgani aytiladi.

Rasmiy Toshkent paxta yig'im-terimiga bolalar jalb etilishini rad etib keladi, lekin shunga qaramay ayrim hududlarda bolalar mehnatida foydalanish davom etmoqda.

  • BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - bbcuzbekradio
  • bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring