Faollar Azimjon Asqarovning ozod etilishini talab qilishmoqda

Azimjon Asqarov Image copyright Front Line Defenders
Image caption Azimjon Asqarov

Jurnalistlarni himoya qilish tashkiloti CPJ Qirg'iziston rasmiylaridan Azimjon Asqarovni zudlik bilan ozod etishni talab qilgan.

Azimjon Asqarovning ishi bugun Chuy viloyati mahkamasida qayta ko'rilmoqda.

CPJ 2012 Xalqaro Matbuot erkinligi mukofoti bilan Azimjon Asqarovni taqdirlagan edi.

Asqarov 2010 yil janubiy Qirg'izistonda kechgan xunrezliklarda "aybdor" deb topilgan va umrbod qamoq jazosiga hukm etilgandi.

2016 yil 21 aprelda BMT inson haqlari bo'yicha qo'mita Qirg'iziston hukumatidan Azimjon Asqarov qamoqda noqonuniy ushlab turilganini aytib, unga nisbatan jinoiy ishni adolatli qayta ko'rib chiqish talabnomasini yuborgan edi.

Azimjon Asqarovning BMT doxil xalqaro idoralarga huquqlarini tiklash va himoya so'rab murojaat qilgan.

BMT qo'mitasi Asqarovga nisbatan mahkamagacha va mahkamadan keyin qiynoqlar qo'llanilgani, himoya tomoni guvohlari so'roq qilinmagani holatlarini qayd etgan.

AQSh Davlat departamenti 2015 yil iyulida Azimjon Asqarovni "Inson huquqlari himoyachisi" mukofoti bilan mukofotlagani Qirg'iziston rasmiylarini g'azablantirgan edi.

Qirg'iziston Tashqi ishlar vazirligi taniqli inson haqlari himoyachisi Azimjon Asqarovning AQSh Davlat departamenti mukofoti bilan taqdirlanganini qoralab bayonot e'lon qildi.

Azimjon Asqarov mukofotlanganiga javoban Qirg'iziston AQSh bilan 1993 yilda imzolangan hamkorlik bitimini bekor qildi.

Shu yilning 21 aprelida Birlashgan Millatlar tashkilotining Inson huquqlari qo'mitasi ekspertlari 2010 yil yozidan buyon hibsda qolayotgan Azimjon Asqarovni ozod etishga chaqiriq bilan chiqdilar.

BMT qo'mitasi Azimjon Asqarovning hibsga olinishi Qirg'iziston qonunlariga zid bo'lgani, izolyatorda inson chidab bo'lmas sharoitda saqlangani, shafqatsiz qiynoqlarga tutilgani hamda o'zini mahkamada himoya qilish imkoniyatlaridan mahrum etilganini urg'ulagan.

Azimjon Asqarovning himoyachilariga ko'ra, Qirg'iziston hukumati huquq faolini ozod qilmaslik uchun yo'l tutayotgan amallari demokratiya talablariga butunlay ziddir.

  • BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring