O'zbekistonning Ravon brendi MDHga chiqadi

O'zbek mashinasi Image copyright Getty Images

O'zbekiston avtosanoatining eksport uchun mo'ljallangan Ravon markali mashinalari faqat Rossiyaga emas, MDHning boshqa mamlakatlari, jumladan yaqin vaqtda Belorus, kelgusida Ozarbayjon va Turkmanistonga ham yetkazilishi xabar qilinadi.

GM Uzbekistan shirkatining Ravon matbuot xizmatiga ko'ra, Belorus avtomobil bozoriga R2, Nexia R3 va Gentra, yil oxiriga borib R4 modelini yetkazish yo'lga qo'yiladi.

Shuningdek, Ozarbayjon va Turkmaniston ham o'zbek mashinalariga qiziqish bildirgan.

GM Uzbekistan shirkati 2017 yildan boshlab sobiq ittifoq respublikalarida o'z avtosalonlarini qurishni rejalashtirganini ma'lum qilgan.

Ayni paytda Rossiyadan Ravon Matiz avtomobillari chiqib ketishi xabari tarqalgan. Shirkatning o'zi bu borada izoh bermagan. Bungacha Rossiyada Ravon Matiz modeli 314 000 rubl(Rossiya Markaziy banki kursi bo'yicha 5 ming AQSh dollari)ga sotilgan.

Ma'lumot uchun, O'zbekistonda Daewoo markasi ostida ishlab chiqarilgan mashinalar 2016 yilda Rossiyada Ravon nomi ostida sotila boshlangan.

Shirkat Ravon markasi faqat Rossiya bozori doirasida rivojlantirilishini bildirgandi.

Bir oy oldin Rossiyada Ravon avtomashinalari narxi 20 ming rublga ko'tarilishi xabar berilgan.

Ilgari 390 ming rubl bo'lgan Ravon 409 ming rubl, ko'proq qulayliklarga ega modeli 509 ming rublgacha qimmatlaydi.

Narxlardagi o'zgarishlar, Ravon mashinalarining Rossiyada tobora ommalashib borayotgani bilan izohlangandi.

2015 yil boshida esa Rossiyadagi iqtisodiy inqiroz O'zbek avtomobillari narxiga ham ta'sir qilgan, minglab mashinalar sotilmagan, narxi tushib ketgan.

GM shirkati ham Rossiya bozoriga Chevrolet Cobalt va Chevrolet Spark avtomobillarini yetkazishni to'xtatishini, buni Rossiya bozorining mavhumlishi bilan tushuntirgandi.

Biroq bu O'zbekistonning ichida mashinalar narxiga hech ham ta'sir qilmagan.

O'zbekistonliklarning o'zlari chetdagidan ikki baravar qimmat narxda mashina sotib olishga majburlar. Bundan tashqari, avtosalonlar milliy valyuta-so'mda emas, dollarda faoliyat qilib kelgan.

Fuqarolarning mashina uchun bankka to'lagan pul-dollarlari shirkatga taaluqli guruh tomonidan shaxsiy maqsadlarda aylantirib kelingani fosh etilgandi.

Joriy yilning aprel oyida "O'zavtosanoat" boshqaruv raisining o'rinbosari va "GM-Uzbekistan" qo'shma korxonasi bosh direktori Tohirjon Jalilov ushbu korruptsiya janjallari orqasidan lavozimidan chetlatilgan, hibsga olingani xabar qilingan, yaqinda esa u garov evaziga uy qamog'iga o'tkazilgani aytilgandi.

Biroq £GM-Uzbekistan" shirkati avtomobillarini sotish bo'yicha yirik korruptsion sxema amal qilishi haqidagi da'volarni rad etib chiqqan.

"GM -Uzbekistan"

V 2008 yilda "O'zavtosanoat" va Daewoo shirkati 2002 yilda bankrot bo'lishi ortidan O'zbek bozoriga kirgan Amerikaning General Motors shirkati hamkorligida UzDaewooAutoning vorisi GM-Uzbekistan tuzilgan.

Sobiq Chkalov zavodi hududida shirkatning Toshkent filiali ochilib, Chevrolet Captiva, Tacuma va Epica, 2012 filda Chevrolet Malibu avtomobillari ishlab chiqarila boshlangan.

O'zbekistonning ichki bozorida sotiladigan atomobillarning 90 foizdan ko'prog'i "GM -Uzbekistan" hissasiga to'g'ri keladi.

"General Motors" dunyoning boshqa bironta bozorida bu kabi yirik hissaga ega emas.

"GM-Uzbekistan" hissalarining 75 foizi O'zbekiston hukumatiga tegishli.

  • BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - bbcuzbekradio
  • bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring