Alisher Usmonovning O'zbekistonda nima manfaati bor?

Alisher Usmonov Image copyright Reuters
Image caption Alisher Usmonov O'zbekistonda tug'ilib o'sgan

Dunyoning eng badavlat shaxslaridan biri Alisher Usmonov Islom Karimov vafotidan keyin O'zbekistonga tez-tez tashrif buyurmoqda. Janob Usmonov O'zbekiston prezidenti vazifasini vaqtincha bajarayotgan Shavkat Mirziyoev bilan qudalik rishtalariga ega. Ayni damda u Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning yaqin sheriklaridan biri hisoblanadi. Uning O'zbekistonda kunda-shunda bo'lib qolishi ortidan qanday sabablar bo'lishi mumkin? Usmonovni O'zbekistonda nima qiziqtiradi? BBC bu savollar bilan siyosiy tahlilchi Alisher Ilhomovga murojaat qildi.

Ilhomov: Shubhasiz, gap siyosiy ta'sirni oshirish haqida ketyapti, lekin kimning ta'sirini degan savol tug'iladi. Ayni sharoitda men bu Usmonovning emas, Rossiya rahbariyatining tashabbusi deb bilaman. Rossiya ko'p vaqtlardan beri O'zbekistonni o'z ta'sir doirasiga qo'shish maqsadida turli usullarni qidirib keladi. Ma'lumki, Karimov oxirgi yillarda KXShT (Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti) va Ovrosiyo iqtisodiy ittifoqi kabi tashkilotlardan o'zini masofada ushlab keldi, chunki ular Rossiyaning Varshava kelishuvi yoki Sovet Ittifoqiga o'xshagan ittifoqlarni tuzish xohishi deya baholandi. Toshkent bunga shubha bilan yondoshardi, Putin esa bosim o'tkazmasdan, mavridini kutib, lekin ayni damda norozi ekanini ham bildirib keldi. Ikki tomonlama aloqalarda Toshkent yaqinlashishga intilardi, ammo Shanhay hamkorlik tashkilotidan tashqari mintaqaviy ruhdagi ittifoqlardan o'zini yiroq tutardi. Bu kabi siyosat Karimovning shaxsi, uning mustaqillik mafkurasi, aynan sobiq markaz bo'lmish Moskvadan mustaqil bo'lish g'oyalari bilan bog'liq edi. Endi esa u ketib, Mirziyoev kelar ekan, balki u pragmatik yo'l tutar? U ham o'zining shaxsiy manfaatlaridan kelib chiqib, Moskva bilan yaqinlashish tarafdori bo'lishi mumkin. Hozircha rasmiy minbarlardan u avvalgi tizim saqlanib qolishi va ittifoqlarga qo'shilmasligini aytayapti, lekin vaqt bilan bu o'zgarishi mumkin. Agar Kreml yangi rahbariyatning ongi va yuragiga yo'l topsa, vaqt o'tib ittifoqlarga ham qo'shilish mumkin. Buning uchun Moskvaga turli ta'sir usullari kerak. Aynan shu maqsadda Moskva Alisher Usmonovni norasmiy elchi sifatida qo'llayapti.

BBC: Lekin Usmonov janoblari siyosiy ambitsiyalari yo'qligini aytib kelgan. Ammo, siz aytgandek, norasmiy elchi sifatida ish yuritishi mumkin, shundaymi?

Ilhomov: Odamlar yuqori minbarlardan o'z siyosiy ambitsiyalari yo'qligini aytishganida, bunga shubha bilan yondoshish kerak. To'g'ri, Usmonovning siyosatda katta tajribasi yo'q. U tadbirkor sifatida shakllanib bo'lgan, hamda Rossiya va O'zbekiston siyosiy doiralarida ta'sirga ega odam. Lekin, u bevosita, qandaydir rasmiy lavozimni egallab, davlat ishlari bilan shug'ullanishni istaydi deb aytmagan bo'lardim. Prezidentlikdan past lavozimni egallash uning obro'iga to'g'ri kelmaydi. Mirziyoev yaqqol nomzod bo'lib turganida, Usmonov bu lavozimga da'vo qilolmaydi. Shuning uchun ham u Kremlning norasmiy vazifasini bajaradi.

Image caption Usmonovning Toshkent aeroportidagi xususiy samolyoti

BBC: O'zbekiston iqtisodiyoti Usmonovning tashriflari bilan qanday o'zgarishi mumkin? Usmonov uchun ham o'zbek bozori o'ta yirik bozor.

Ilhomov: O'zbekistonda faqatgina o'ta yuqori darajadagi himoyaga ega bo'lsang, biznes qilishing mumkin. Boshqa davlatlar bilan solishtirsangiz, O'zbekistondagi sarmoya darajasi o'ta past. Masalan, Gruziyani oling, uning aholisi O'zbekistonnikidan 8 baravar kam, ammo ikki yil avval unga yotqizilgan sarmoyalar 2 baravar ko'proq edi. O'zbekistonda 30 millionlik aholi bor, yirik bozor, mineral zaxiralar, katta pul qilish imkoniyatlari bor, lekin ma'muriy aralashuvlar, korruptsiya va o'zboshimchalik sarmoyadorlarga xalaqit beradi.

BBC: Lekin, Usmonovda himoya bor deb aytsak bo'lsa kerak. Unda hatto Mirziyoev janoblari bilan qudalik rishtalari ham bor.

Ilhomov: Ha, lekin u kelajakni ham hisobga olishi kerak. Bugun "krysha"si bor, lekin ertaga bo'lmay qolsa-chi? Oddiy sarmoyador sifatida uning O'zbekistonga sarmoya kiritishi amri mahol. Bu uning tabiatiga qarshi. U biladiki, Rossiya biznesini allaqachon O'zbekistonda yuritishga urinishlar bo'lgan. Hatto Amerika bilan qo'shma korxonalarda ham xodimlar paxta dalalariga haydaladi. Sarmoyadorlar uchun bu kabi qo'pol sharoitlar mavjudligini Usmonov juda yaxshi biladi. Yuqori darajali himoya, shahsan Mirziyoevning qo'llab-quvvatlovi unga yordam berishi mumkin, lekin bu degani, Usmonov yangi rahbariyatga ham sarmoya kiritishi kerak. Rahbariyatga qancha "kiritishi" kerakligini biz bilmaymiz. Aks holda Mirziyoev aynan Usmonovga himoya yaratib berishdan qanday manfaatdor? Evaziga nimadir berishi kerak. Aks holda, hukumatda sarmoyadorga qarshi fundamental doiralar bor. Ularga qay miqdorda, qanchalar tez-tez to'lov berib turish kerak? Balki ularga bari kamlik qilar? Bu kabi tizim o'ta ishonchsiz, shunday ekan Usmonov ham yetti marta o'ylab ko'radi.

BBC: Hozir ham, masalan uzmetronom sayti Usmonovning tashriflari allqachon ba'zi doiralarning, xususan MXXning jig'iga tegayotganiga ishora qilyapti.

Ilhomov: Ha, shuni aytmoqchiman. "Krыsha"ga da'vo qilsang, bilginki, faqat prezidentniki yetarli emas, chunki o'z ta'siri va ishtahalariga ega ko'plab boshqa strukturalar bor. Yana savol paydo bo'ladi: kimga, qancha, qachon va qancha vaqt davomida? Hozir muayyan strukturalarning jig'i qo'ziyotganiga guvoh bo'lyapmiz, va bu Usmonovga bir ishora berishi kerak, ya'ni u faqat bitta rasmiy emas, balki bir nechasi bilan hisoblashishi kerak.

BBC: Ayni damda Usmonovning xarakterini qanday baholagan bo'lardingiz? U bir necha bor o'z milliy merosi, o'zbekligi bilan faxrlanishini aytgan. Mana endi unda o'zbek xalqi uchun, o'zbek iqtisodini ko'tarish uchun yaxshigina imkoniyat paydo bo'ldi. Unda shunday g'oyalar, vatan oldidagi burch degan tushunchalar bormikan?

Ilhomov: Buni istisno qilmayman. Bo'lishi mumkin. Lekin qay shaklda va qanday miqdorda? U allaqachon kichik ob'ektlar, masalan masjid qurilishiga homiylik qilgan. Bu homiylik, xolos. Homiylik yo'li bilan u 1, 2, 3 yoki 20 million dollar berishi mumkin. Lekin, iqtisodni rivojlantirish uchun bu miqdor katta ahamiyatga ega bo'lmaydi. U qandaydir iz qoldirib, O'zbekiston uchun nimadir qildim deya olishi mumkin. Lekin, agar haqiqatdan o'zbek iqtisodiga yordam bermoqchi bo'lsa, u buni sarmoyalar orqali qila olishiga ko'zim yetmaydi. U qanchalik badavlat bo'lmasin, uning boyligini O'zbekiston yalpi ichki mahsulotiga qiyoslab bo'lmaydi, shuning uchun u bir sarmoyador sifatida ko'p ham o'zgartirishlar qila olmaydi. Mamlakatga aslida sarmoyadorlar oqimi kerak. Bir milliarder emas, balki ko'plab boshqa kompaniyalar, xalqaro bank va korporatsiyalar yog'ilib kelishi kerak. Agar u o'z ta'siridan foydalanib, o'zbek hukumatini islohotlar qilishga undasa, bu boshqa gap. Mana shu islohotlar ham uning sarmoyalari va ham ko'plab boshqa xorijiy sarmoyadorlarga sharoitlar yaratib bergan bo'lardi.

  • BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - bbcuzbekradio
  • bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring