Mirziyoev tadbirkorlik to'g'risida farmon chiqardi

Mirziyoev Image copyright Getty Images

Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta'minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida farmonga muvaqqat prezident Shavkat Mirziyoev imzo chekkan.

Unga ko'ra, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning jadal rivojlanishini ta'minlash, xususiy mulkni himoya qilish va uning daxlsizligi kafolatlarini mustahkamlash, tadbirkorlikni rivojlantirishda byurokratik to'siqlarni bartaraf etish, respublikada investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash ko'zda tutiladi.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka keng erkinlik berish, ularning faoliyatiga davlat organlarining aralashuvini tubdan qisqartish, huquqbuzarliklarning oldini olishni ta'minlash, huquqbuzarliklarga yo'l qo'yilmaslik tadbirkorlik faoliyatini yanada rivojlantirish sohasida davlat siyosatining muhim ustuvor yo'nalishi va davlat organlarining birinchi darajali vazifasi etib belgilansin, deyiladi hujjatda.

Shuningdek, farmonda aytilishicha, 2017 yilning 1 yanvaridan boshlab, tadbirkorlik sub'ektlarini rejadan tashqari tekshirishlarning barcha turlari bekor qilinadi. Nazorat qiluvchi organlarbundan keyin rejadan tashqari tekshirishlar o'tkazishni tashkil qilish huquqiga ega emasligi qayd etiladi.

Ayni vaqtda yuridik shaxslar tugatilayotganida, shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslarning qonunchilik buzilganligi holatlari bo'yicha bergan murojaatlari asosida faqatgina Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika kengashi qaroriga muvofiq o'tkaziladigan qisqa muddatli tekshiruvlar bundan mustasno.

O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Oliy sud, Adliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmati va boshqa idoralarga farmon yuzasidan mas'uliyatlar yuklatiladi.

Jumladan, fuqarolar va tadbirkorlarning davlat organlariga bo'lgan ishonchini mustahkamlash, respublikaning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, korruptsiya ko'rinishidagi huquqbuzarliklarning oldini olish va "Korruptsiyaga qarshi kurashish to'g'risida"gi qonun loyihasiga o'zgartirishlar kiritish, xususiy mulk daxlsizligini ta'minlashga, tadbirkorlik sub'ektlari faoliyatiga asossiz aralashishga va ularning faoliyati to'xtatib qo'yilishiga yo'l qo'ymaslikka qaratilgan takliflarni kiritish belgilangan tartibda amalga oshirilishi aytiladi.

Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Bosh vazirning birinchi o'rinbosari, moliya vaziri Rustam Azimov va O'zbekiston Respublikasi Bosh prokurori Ixtiyor Abdullaev zimmalariga yuklansin, deyiladi farmonda.

Hukumat saytida e'lon qilingan farmon matni ijtimoiy tarmoqlarda muhokama qilingan.

Ko'pchilik internet faollar uning amali mamlakat iqtisodi, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik rivoji uchun juda oqilona ish bo'lishi to'g'risida fikr qoldirganlar.

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

•TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

•Instagram - BBC UZBEK

•Twitter - BBC UZBEK

•Odnoklassniki - BBC UZBEK

•Facebook - BBC UZBEK

•Google+ - BBC UZBEK

•YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

•Skype - bbcuzbekradio

•bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring