BBCga aytaman: "Endi ...urush bo'ladimi?"

Tinchlik garovimi? Image copyright Reuters
Image caption Tinchlik garovimi?

Yoz o'tib, kuz keldi. Kuzning birinchi kunlaridanoq qalbimda bir bo'ron ko'tarildi.

Dilim vayron bo'ldi.

Hayotim izdan chiqib ketdi. Vahimaga tushib qoldim. Uyning eng ichkarisidagi xonaga kirib, ko'rpaga berkinib yotdim.

Xayolimda hozir bo'lmasa, bugun-erta eksremistu-terroristlar xujum qilib qoladi... Tinchligimizni buzadi.

Barqarorlikni izdan chiqaradi.

Kim bizni himoya qiladi ichki va tashqi ofatlardan?

Bir oy shunaqa yashadim. Hamma narsa ko'zimga xavf va dushman bo'lib ko'rinardi. Hatto yaqinlarimdan ham shubhalana boshladim.

Ishongan tog'imizning ag'darilganini tushunib etmayotganlari uchun jahlim chiqardi.

Oxiri yaqinlarim kelib, "buni domlaga obormasak bo'lmaydi", deya nafasi zo'rligi bilan tanilgan Ahmad qori akaga dam soldirishdi.

Mulla akam avval bu vahimaning sababi nedur, deb so'radilar.

Borini aytdim. Ular miyig'larida jilmaydilar.

"Bo'tam, tinchlik bu Ollohning ne'mati, uni bir odam bilan bog'lab bo'lmaydi..."

Ko'zim moshday ochildi. Qalbim taskin topdi.

Uyga kelib bir mulohaza qildim.

27 yil davomida shu birgina kalomni nega hech kim gapirmadi?

27 yil davomida nima uchun faqat televizor degan bugun ko'zimga bir ko'zli mahluq bo'lib ko'rinayotgan "palakatdan" aqalli bir jumla haqiqat aytilmadi?

Aytilgani, kosa tagida nimkosa qilingani shu ediki - "O'zbekistonda Islom Karimov bo'lmasa urush boshlanadi..."

Buni fan tilida subliminal ta'sir deyishar ekan.

"25 kadr" deyilar ekan...

Xullas, shu yillar mobaynida miyada yig'ilib qolgan "kerakmas fayllar"ni o'chirishning yagona yo'li bu ozgina bo'lsa ham dindan xabardor bo'lish ekan degan qarorga keldim.

Shunga taqvador qo'shnimning oldiga chiqdim. Keling,akajon deb kutib oldi.

Boshimdan kechgan voqealardan keyin, undan bir oz diniy tahsil olish niyatim borligini aytdim. U esa "Akajon, diniy ilm o'rgatish savobi oliy, lekin buni zamon ko'tarmaydi. Sizga qo'shib meni ham olib ketishadi. Mening litsenziyam yo'q. Maslahatim siz yaxshisi rasmiy joylarda ta'lim oling", dedi.

Shunaqa rasmiy joylarning ro'yxatini qidirdim.

Atigi 2-3 tasini topdim.

Ammo mening yoshim to'g'ri kelmas ekan bu dargohlarga kirishga.

O'zimcha kitoblar olib o'qiyman desam, u ham o'xshamadi.

"Ustoz ko'rmagan shogird har maqomga yo'rg'alar" deganlariday...so'zlarini tushunaman, lekin jumlalarning mag'zini chaqolmay ovorayu sarsonman.

Avvallari masjidlarga jumaga chiqsang, imomga bir varaqda savol uzatib yuborsang, javobini batafsil olarding, hozir esa umumiy duo va idoradan kelgan tezis bilan cheklanishadi.

Asosan tinchlikni saqlash haqidagi ma'ruzalar. Ko'pgina savollarimga javob topolmay qolyapman. Shunga Siz orqali "Hidoyat Sari" ko'rsatuviga murojaat qilmoqchi edim.

Shu kelgusi Jumadagi dasturingizda vasiyatni buzish, meros va vorislik haqidagi masalani batafsil to'xtalsangiz, degan taklifim bor.

Qolaversa, men kabi avom xalq vakili uchun qaerda oz-moz diniy bilim olish imkoni bor?

Shu masjidlarda yakshanba kunlari litsenziyasi bor imomlar 1-2 soatlik darslar uyushtirsa a'lo ish bo'lardi.

Xabarlarga qaraganda, yong'indan keyin qayta qurilgan tarixiy "Jo'rabek" masjidi yangi "Islom ota" nomi bilan ochilar ekan.

Balki bu tashabbusni aynan shu joydan boshlab berilar?

Tushunaman, tinchlikka hech narsa yetmaydi.

Ayniqsa ko'ngil xotirjamligiga...

Menga o'xshab o'z uyidagi xonalardan biriga kirib, ko'rpaga o'ranib, ana urush bo'ladi, mana bo'ladi, deb yotganlar qancha bo'lsa O'zbekistonda...

Shunga domlamizning menga aytganini yana takrorlab qo'ysam, harna kimgadir davo bo'ladi.

"Tinchlik Ollohning ne'mati, uni bir odamga bog'lab qo'yib bo'lmaydi..."

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring