Samarqandda yangi iqtisodiy hudud ochiladi

Urgut Image copyright Getty Images

O'zbekiston muvaqqat prezidenti Shavkat Mirziyoev chorshanba kuni Samarqandga tashrifi paytida viloyatda yangi erkin iqtisodiy hudud ochish tashabbusi bilan chiqqdi.

Uning aytishicha, Urgut tumani iqtisodiy hudud uchun ma'qul hisoblanadi.

"Axborot" dasturining xabar qilishicha, Urgut tuman ishlab chiqarish hududida 19 qo'shma korxona doxil 40 ta ishlab chiqarish korxonasi mavjud. Ularda qariyb 1200 kishi ish bilan band.

O'tgan yilda mazkur korxonalar tomonidan 157 milliard so'mdan ortiq o'nlab sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilgan, eksport hajmi 10 million dollardan oshgani aytiladi.

Xususan, gilam va gilamchilik mahsulotlari, sun'iy tola, elektrpechlar, gaz pilitalari, plastik idishlar, polimer yelim kabi mahsulotlar shular jumlasiga kiradi.

Tumanda tashkil qilinadigan hudud ishchi o'rinlarini ko'paytirishi ta'kidlangan. Rejaga ko'ra, yana 78 ta mahsulot ishlab chiqariladi, 3400 inson ishlik bo'lishi mumkin.

Ayni paytda O'zbekistonda uchta - Navoiy, Toshkent va Jizzax erkin iqtisodiy hududlari bo'lib, dastlab 2008 yilda "Navoiy" iqtisodiy hududi yaratilgan.

Rasmiylar Navoiy viloyati va Toshkent viloyatining Angren shahrida tuzilgan erkin iqtisodiy sanoat hududlari ko'ngildagidek daromad keltirganini aytganlar.

Uning ortidan 2013 yilda Sirdaryo filiali bilan birga Jizzax iqtisodiy zonasi tuzilgan edi.

Hukumat erkin iqtisodiy zonalar orqali investorlarga biznes yuritish uchun imtiyoz va yengilliklar va'da qiladi.

Iqtisodiy hudud

Tahlilchilar iqtisodiy hudud iqtisodiy jihatdan qashshoq, nochor hududlarda tashkil qilinishi kerakligini aytishadi. Biroq O'zbekiston misolida iqtisodiy hududlar ko'proq iqtisodi rivojlangan hududlarga to'g'ri keladi.

Navoiy viloyatida gaz ham, oltin konlari, boshqa sanoat korxonalari xam yaxshi ishlaydi va mahsulot ishlab chiqarish respublikada yuqori hisoblanadi. Shunday ekan u yerda nimaga erkin iqtisodiy zona qurish kerak? - degan savol tug'iladi.

O'zbekistonda eng qashshoq hududlar sifatida Xorazm va Qoraqalpog'iston keltirilib, bu viloyatlarga alohida e'tibor qaratish lozim, deydi ular.

Ya'ni iqtisodi rivojlanmagan xududlarda uzok yillar, 50-100 yilga emas, balki qisqa muddatda iqtisodni ko'tarish maqsadida erkin hudud barpo etiladi. Iqtisodni ko'tarish uchun maxsus sharoitlar yaratiladi. Jumladan soliqlar kamaytiriladi va boshka imtiyozlar beriladi. Albatta bunday sharoitlar mintaqaning boshqa joylaridagidan farq qiladi. Bu kapital va xorij sarmoyalarini jalb qilish va mintaqa uchun sezilarli daromad keltirish maksadida qilinadi.

Shunday ekan, iqtisodiy xududga talab mintaqaning talabidan kelib chiqadi. Misol uchun qoloq viloyat nimaga ehtiyoj borligi, nima ishlab chiqarmoqchi ekanini aytib, hukumatga taklif bilan chiqishi kerak va shunga qarab erkin iqtisodiy hudud yaratiladi.

Mutaxassislar fikricha, erkin iqtisodiy hudud yaratish va uning faoliyati shaffof bo'lishi, xalqqa nima ishlab chiqarilayotgani va tashqariga nima eksport qilayotganini bilishi, xalqni manfaatini ko'zlashi lozim.

  • BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - bbcuzbekradio
  • bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring