Virtual qabulxona: Mirziyoev “Lasetti”ning yaroqsiz uskunasini ham almashtirib beryapti

Muallif: Nozim HikmatJ

Image copyright facebook official page
Image caption Mirziyoyev

O'zbekiston bosh vaziri Shavkat Mirziyoevning virtual qabulxonasi ish boshlaganiga ikki haftadan oshdi. Bu qabulxona fuqarolarga hal etilmayotgan masalalar bo'yicha ariza, shikoyat yoki takliflarni bevosita Mirziyoevning o'ziga yuborish imkonini va'da qiladi.

O'zbekistonda amalda bo'lgan qonunchilikdan kelib chiqib tayyorlangan foydalanish shartlarida, aholining bosh vazirga murojaatlari rasmiy maqomga ega ekanligi alohida qayd etib o'tilgan.

Nomuvofiqlik

Mirziyoevning virtual qabulxonasi ishga tushguniga qadar nafaqat bosh vazirga, balki davlatning boshqa tashkilotlariga ham elektron murojaatlar yo'llash imkoninini beruvchi butun boshli alohida internet xizmat - my.gov.uz Yagona portali bir necha yildan beri ishlayotgan edi.

12 sentyabr kuni Yagona portal orqali murojaatlar yuborish jarayoni murakkablashdi. O'zbekiston birinchi prezidenti Islom Karimov tomonidan imzolangan va 2014 yil 4 dekabr kuni amalga kirgan "Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to'g'risida"gi qonun talabiga ko'ra, Yagona portal orqali murojaatlarni yuborishda elektron raqamli imzodan foydalanish majburiy etib belgilandi.

Qonunga ko'ra, elektron murojaat elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan bo'lishi kerak. Biroq Shavkat Mirziyoevning virtual qabulxonasida elektron raqamli imzo talab qilinmaydi. Bundan tashqari, bosh vazirga elektron ko'rinishda murojaat qiluvchilardan hatto pasport ma'lumotlari (pasport seriyasi va raqamlari, qachon, kim tomonidan berilgani kabi ma'lumotlar) ham so'ralmaydi.

Yagona portal orqali shaxsan janob Mirziyoevga bo'lgan murojaatlar, ularning qanday echim topgani haqida shu vaqtgacha biror axborot berilmagan. Ayni vaqtda, Feysbukda bosh vazir virtual qabulxonasiga kelib tushayotgan murojaatlar statistikasi va aholi ariza-shikoyatlari ijobiy hal etib borilayotgani haqida ma'lumot beruvchi maxsus sahifa ochilgan.

Feybsukdagi Mirziyoev

Feysbukda 14 sentyabrdan paydo bo'lgan "Shavkat Mirziyoev - Shavkat Mirziyoyev" nomli sahifa dastlab Shavkat Mirziyoevning muvaqqat prezident etib tayinlangani va bu lavozimdagi faoliyati bilan bog'liq xabarlar bilan to'ldirilgan.

Sahifada e'lon qilingan dastlabki ma'lumotlar orasida Senat raisi Nig'matulla Yo'ldoshev o'rniga O'zbekiston bosh vaziri muvaqqat prezident etib tayinlanganini oqlovchi turli xabar va videolarni topish mumkin.

Ular orasida Mirziyoevning birinchi o'rinbosari Rustam Azimov, O'zbekistonning etakchi huquqshunoslari va siyosiy arboblari sifatida ta'riflanadigan Akmal Saidov va Sodiq Safoevning chiqishlari va maqolalari ham bor.

24 sentyabrdan e'tiboran Feysbukdagi bu sahifa asosiy e'tiborni virtual qabulxonaga kelayotgan murojaatlar tahliliga qaratgan. Xususan, virtual qabulxona ochilganidan 48 soat o'tib Mirziyoevga 3 mingdan ortiq, 10 kunda esa 15 ming murojaat kelib tushgani aytilgan.

Odamlar Mirziyoevga nima deb shikoyat qilmoqda?

Feysbukdagi sahifada 15 mingdan ortiq murojaatdan 30 ga yaqinining javoblari e'lon qilingan. Ularning aksariyati banklar bilan bog'liq - fuqarolar pensiyasini oylab naqd pul ko'rinishida ololmayotgani, omonatga pul qo'yganlar pulini qaytarolmay halakligidan shikoyat qilgan.

Bundan tashqari, oylik maoshi yoki pensiyasini o'z xohishiga ko'ra kartochkaga o'tkazgan fuqarolar banklardan plastik kartochkalarini, tadbirkorlar esa to'lov terminallarini olishda muammoga duch kelayotgani ayon bo'lgan. Bosh vazirga murojaatdan so'ng, ularning bari 1-2 kun ichida o'z niyatiga etgan.

"Ta'lim krediti ololmayapman", deb Agrobank ustidan shikoyat qilgan qashqadaryolik va sirdaryolik murojaatchilarga ertasigayoq kredit ajratilgan. Biznes uchun bankdan imtiyozli kredit olmoqchi bo'lgan zangiotalik kollej bitiruvchisi 4 oktyabr kuni Turonbank ustidan Mirziyoevga shikoyat yozgan, 6 oktyabr kuni kredit olgan.

Murojaatchilar orasida avtosalonlar ustidan shikoyat qilayotganlar ham talaygina. Aynan bosh vazirga murojaatidan so'ng Toshkentdagi firma bir yildan beri ololmayotgan "Kaptiva"sini besh kun ichida, toshkentlik fuqaro "Orlando"sini uch kunda qabul qilib olgan. GM Uzbekistanning yaroqsiz "Lasetti"sidan shikoyat qilgan xorazmlikning mashinasidagi har xil bahonalar bilan ikki oydan beri almashtirib berilmagan "turba komprosseri" almashtiriladigan bo'lgan.

Murojaatchilar orasida topshirgan g'allasi uchun pulini ololmayotgan dehqon, meva eksport qilish uchun Milliy bank va bojxonaning tizimidan o'ta olmayotgan bog'bon, farzandini davolatish uchun tashxislari avgustda Prezident devonining ishchi guruhi tomonidan soxtaga chiqarilgan ona, so'm plastik kartasidagi pulni dollarga almashtirib berishni so'rab, o'z maqsadiga etgan fuqaro ham bor.

Qolgan minglab murojaatlarning mazmuni va taqdiri haqida ma'lumot yo'q. Ular orasida mamlakat kuch ishlatar tizimlari ustidan shikoyatlar, Toshkentdagi propiska, paxta terimiga majburiy jalb qilish masalalari bo'yicha ham murojaatlar bo'lishi mumkinligi esa faqat taxmin.

Muvaqqat prezidentgacha etib borayotgan mayda muammolar

Mazmuni va echimi ko'rsatilgan murojaatlarning aksariyatida juda mayda masalalar ko'tarilganini Mirziyoevning Feysbukdagi "sahifasi" ham keskin bir ohangda qayd etgan.

"Agarda joylardagi "ishonch telefonlari" masalalarni o'z vaqtida va sifatli hal etganida, bu kabi masalalar O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining virtual qabulxonasiga kelmagan bo'lardi!", - deb yozgan Mirziyoevning Feysbukdagi "sahifasi".

Kuzatuvchilar fikricha, qonun normalarining ishlamayotgani, fuqarolarning oddiy huquq va erkinliklarini ta'minlash masalalariga e'tibor deyarli yo'q ekani sabab mamlakatda aholi va mutasaddilar orasida katta jarlik yuzaga kelgan, joylardagi rahbar kadrlar xalqning emas, balki ma'lum doiralarning xizmatini qiluvchi shaxslarga aylanib bo'lgan. Shuning uchun "alimentimni ololmayapman", "terminal berishmayapti" kabi shikoyatlar hokimiyatning quyi bo'g'inlarida hal etilishi o'rniga, bosh vazirgacha ko'tarilmoqda.

Hammasi 4 dekabrgachami?

O'zbekistonda 4 dekabr kuni navbatdan tashqari prezident saylovi bo'lib o'tadi. Munosib siyosiy raqiblarning yo'qligi sabab mazkur saylov janob Mirziyoevni muvaqqat prezidentlikdan haqiqiy prezidentlikka o'tkazuvchi bir tadbir o'laroq ko'rilmoqda.

Tahlilchilarning fikricha, Islom Karimovning vafotiga qadar shaxsining o'ta sirligi va haddan ziyod qattiqqo'lligi bilan nom chiqargan Shavkat Mirziyoevning so'nggi bir oy davomida u yoki bu joyga tashrif bahona kunda-kunora televizor orqali chiqishi, virtual qabulxona ochishi o'zini tanitish, o'zi haqida odamlarda ijobiy fikr uyg'otish yo'lidagi vaqtincha harakatlardir.

Prezident saylovida taxmin qilinayotganidek g'olib chiqqanidan so'ng, janob Mirziyoev keyingi katta e'tiborini bankdan terminal yoki avtosalondan mashinasini ololmayotgan fuqarolarga emas, balki uzoq va yaqindagi oliy hamkasblari bilan muloqotlarga ham qaratishga majbur bo'lishi aniq. Bu muloqotlar esa hozirgidek tug'ilgan kun tabriklaridan iborat bo'lmaydi.

Bi-bi-si O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook- BBC UZBEK

Google+ BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring