Bi-bi-siga aytaman: O'g'rilar yoshlarni tarbiyalaydi, biz esa kamerani "aka" deymiz!..

Image copyright No credit
Image caption Камера "акалар"

Bitta savolim bor edi. Bersam dilim, bermasam tilim kuyadigan savol...Xullas, jinoyatchi bo'lmasang ham olib borilayotgan xavfsizlik choralaridan yuraging taka-puka bo'lib yashash mumkinmi?

Mumkin ekan, azizlar!

O'zingni biroz dunyoni suv bossa ham to'pig'iga etmaydiganday tutsang, bas.

Balki bu ham noto'g'ridir, chunki sen ogohlik o'rniga beparvolikka yo'l qo'yayotgan bo'lishing mumkin.

Xullas, O'zbekistonimizda o'tkazilayotgan chora-tadbirlar haqidagi ko'chadagi g'ala-g'ovurlar biroz boshimni aylantirgan ko'rinadi.

Umuman olganda, shu kunlar uyda TVni yoqmasang bo'ldi, o'zingni eng tinch bir makonda his qilasan.

Chunki seni kuzatayogan kameralar yo'q. Bunday hadiksirashga sabab shuki, avvalroq tadbirkorlardan o'z ish joylarini hamda masjidlar, do'konlar va boshqa aholi ko'p yig'iladigan inshootlarni kameralashtirishlari talab qilingandi.

Bunga juda tez erishildi. Hozirda qayoqqa kirmang, kamera sizga qarab turadi, bir tabassum bilan videoga tushib olasiz.

Ogohlikka doir da'vatu tashabbuslar jahd bilan davom etmoqda.

Qo'pollikka yo'ymang, ammo bexavotir bir joylarga tabiatning "chaqirig'i" bilan kirib chiqish mushkul bo'lib qoldi.

Bu xoli joyda ham kamera bo'lsa-ya...Yoki mikrofon!

Bunaqa kuzatuv kameralari hozirda mahallalar va katta-kichik ko'chalarda o'rnatila boshlandi.

Bir tomondan xayolinga "vo, mana biz ham rivojlangan davlatlar qatoriga kirib bormoqdamiz", degan fikr ham keladi.

Boshqa tomondan esa masjidga kirayotganindagi hadiksirash endi ko'chada ham davom etadigandek.

"Bizga nima do'stim, tinchliksevar odam bo'lsak, uyda jimgina o'tiraveramiz-da," dedi bir do'stim.

Bunga ham ko'nikib qolarmiz, har xolda jinoyatchi emasmiz.

Masalaning boshqa tomoni shundaki, bu kameralar o'g'rilarning ko'paygani bois qo'yilayotgani aytilyapti.

Bir kechani o'zida ko'p qavatli uy oldidagi mashinalarni birin-ketin "echintirish" keyingi paytlarda tez-tez quloqqa chalinmoqda.

Qolaversa, deputatlarning keyingi uch yil ichida avtoulov o'g'irlash bilan bog'liq jinoyatlarning 65 foizga o'sgani sababli bunday jinoyatlarga qarshi kurashni kuchaytirayotganlari ham ahamiyatga molik.

Endi bunday jinoyat qilganlar 5-10 yil emas, balki 15-20 yilga ozodlikdan mahrum bo'lishlari ko'zda tutilmoqda.

Shu nuqtada kamera mavzusi o'g'rilarga borib taqalar ekan, beixtiyor o'g'rilar olamidagi o'zgarishlar haqida bo'layotgan mish-mishlar ham qiziqligini aytib o'tish kerak.

Shavkat Mirziyoev qudratga kelgandan beri, har xaftada "Postda" gazetasi hududlarda militsiya xodimlarining almashtirilayotgani haqida e'lon qilib bormoqda.

Ulfatchilik degandek, maktabdosh, ammo o'g'rilar olamidan yaxshi xabardor o'rtoqlar bilan gaplashib qolamiz.

Ularga ko'ra, militsiya kuchaytirilib, o'g'riga ma'lum darajada nazorat ostida vakolatlar berilayotgan emish…

"Ko'cha"dan xabardor ulfatlardan biriga ko'ra, militsiya o'z kuch-qudratini tiklashga kirishgan, shuning uchun lavozimlardagi mulozimlar birin-ketin almashtirilmoqda.

Yana boshqa "ko'cha" ulfatning ichkaridan xabariga qaraganda, zonalarda allaqachon 50-50 kelishuvi ostida "polojenets" va "xozyainlar" ishni yo'lga qo'yishga ulgurishgan.

Uning aytishicha, bu kabi kelishuvlarga quyishqondan chiqqan yoshlarning "o'g'rilar qonunlari"ga amal qilmasdan, haddan tashqari jirkanch jinoyatlarga qo'l urayotganlari sabab bo'lgan.

Xulosa qilib aytganda, shu yoshlarning masjiddan mosuvo qilinishlari, ya'ni tarixdan odob-axloq dargohi bo'lib kelgan maskandan chiqarilishlarini faqatgina TVdagi tashviqot bilan to'ldirib bo'lmasligi ancha sezilib qolgan ko'rinadi.

Abdulaziz Mansur aytgandi, yoshlar masjiddan chiqarilsa, odob-axloqni qaerdan o'rgansin, deb...

Endi mana "o'g'rilar" va "bratanlar" yoshlarga boshchilik qiladigan bo'lsa...ishqilib, bu ham balki bir yo'lidir?

Kim bilsin, balki "oila-mahalla-o'quv dargohlari o'rtasidagi hamkorlik mexanizmini rivojlantirish" ostida ko'chadagi kameralar bir kun uyimizga kirib kelar...

Xotinni sizlab qolsak, uyda shim-kostyum kiyib o'tirsak... Sho'rvani ham qiziqchimiz aytmish, vilka bilan ichsak...Har bir qo'ygan qadamimizda "Kamera akaga" rahmatlar aytib tursak...O'zbekistonimiz shundoq ham yagona o'zi, bizdan o'tadigan yagona davlat bo'lmay qolardi shunda...