Rok-yulduz Bob Dilan adabiyot bo‘yicha Nobel sovrindori

Image copyright AFP

2016 yilgi adabiyot bo'yicha Nobel mukofoti bilan AQShlik mashhur qo'shiqchi Bob Dilanni taqdirlashga qaror qilingan.

Bu bilan Bob Dilan Nobel mukofoti tarixida taqdirlangan ilk qo'shiq ijodkori bo'lgan.

75 yoshli rok afsonasi Nobel mukofotiga «buyuk Amerika qo'shiq an'anasi doirasida yangi she'riy ifodalarni ijod qilgani uchun» munosib topilgan.

Bob Dilan balladachi, rassom va aktyor sifatida ham tanilgan.

Uning "Shamol uchirgan" (Blowin' in the Wind) va "Vaqtlar o'zgarib ketayapti"(The Times They are A-Changin) deb tarjima qilish mumkin bo'lgan qo'shiqlari juda mashhur.

Bob Dilan uzoq yillar davomida Nobel mukofotiga munosib ko'rilgan, biroq adabiyot bo'yicha Nobelni taqdirlash komissiyasi a'zolari rok-yulduz nomzodini rad etib keldilar.

Bob Dilan taxallus bo'lib, asli ismi-sharifi Robert Allen Zimmerman.

U 1941 yili tug'ilgan.

O'zining musiqiy faoliyatini 1959 yili Minnesotadagi qahvaxonalarda musiqa chalib kun ko'rish bilan boshlagan.

Bob Dilan 1960 yillarda urushga qarshi chiqqan faol sifatida ham tanilgan, uning Blowin' in the Wind va The Times They are A-Changin deb nomlangan qo'shiqlari aksilurush va inson huquqlari kampaniyalarining madhiyalariga ham aylangan.

Dastlab Bob Dilanning qo'shiqlari an'anaviy folk yo'nalishida bo'lgan bo'lsa, keyinroq u o'z ijrosida elektrik musiqa asboblaridan foydalanishga o'tadi.

Uning har ikki yo'nalishdagi ijodi musiqa yo'nalishiga katta ta'sir ko'rsatadi.

Bob Dilanning 1965 yili chiqqan "Highway 61 Revisited", 1966 yilgi "Blonde on Blonde" va 1975 yilgi "Blood on the Tracks" deb nomlangan albomlari ko'p mashhurlashgan.

Bob Dilan 1980 yillardan boshlab dunyo bo'ylab kontsert safarlarini tashkil qilib keladi, bu safarlariga u "Hech qachon tugamas ijodiy safar" deb nom bergan.

  • Bi-bi-si O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook- BBC UZBEK
  • Google+ BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - bbcuzbekradio
  • bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring.