O'zbekistonda Karimov davri davom etmoqdami?

Image copyright Reuters
Image caption Ислом Каримов

Prezident Karimov o'limidan keyin hozirga qadar bir emas, bir necha qonunlarni imzolagan, katta-kichik mulozimlarni to'xtovsiz almashtirib turgan Shavkat Mirziyoev kuni-kecha yana bir zohiran anchayin populistik bo'lgan siyosiy qaror olgan.O'zbekiston prezidenti vazifasini vaqtincha bajaruvchi Mirziyoev «Korruptsiyaga qarshi kurashish to'g'risida»gi qonun loyihasini parlament qonunchilik palatasiga taqdim etish taklifini kiritgan.

Mirziyoevning Karimovdan keyingi qo'yayotgan har bir qadami 4 dekabrga belgilangan saylovga o'ziga xos tayyorgarlik ekaniga shubha yo'q.

Prezident Karimov o'limidan keyin O'zbekiston siyosiy sahnasida bir qadar faollashish kuzatilar ekan, O'zLiDeP - O'zbekiston liberal-demokratlari birinchi bo'lib o'z tanlovlarini oshkor qilishgan edi.

Bu tanlov Karimovning vafotiga qadar mamlakat Bosh vaziri bo'lib kelgan Shavkat Mirziyoev edi.

Ammo so'nggi xabarlarda aytilishicha, O'zbekiston liberal-demokratlari rasman Mirziyoevning nomzodini 14 oktyabrda emas, balki 19 oktyabrda e'lon qilishga qaror berganlar.

Bu haqda O'zbekistonning podrobno.uz nashri xabar qilgan.

Rasman nomzod kechiktirishning biror bir sababi ma'lum qilingani yo'q.

Bi-bi-si O'zbek xizmati bu qaror ortida turgan sabablar va umuman partiyaning nomzod tanlovi haqida suhbatlashish uchun O'zLiDePning Toshkentdagi qarorgohiga sim qoqdi.

Go'shakni ko'targan, ammo o'zini tanishtirmagan shaxs muxbirimizning kimligi va telefon raqamlarini so'rar ekan, "o'n daqiqadan so'ng telefon qiling, sizga javob beramiz", dedi.

O'n daqiqa o'tgach takroran telefon qilinganida esa aloqa "uzilib" qoldi.

Bi-bi-si O'zbek xizmatining anglashicha, O'zLiDeP ayni masalada gaplashishni istamadi.

Bu so'nggi o'n yildan ortiqroq vaqt davomida O'zbekiston hukumati, rasmiylari va yo ular tomonidan tuzilgan tashkilotu firqalar uchun an'anaga aylangan jimjitlikning namunasi edi.

Bu galgi saylovning avvalgilaridan farqi bo'ladimi?

Image copyright Reuters
Image caption Аввалги сайлов манзараси

O'zbekistonlik aksariyat saylovchilar va mamlakatni yaqindan kuzatib kelayotgan jurnalistlarga ko'ra, bu savolga "yo'q" deb javob berish mumkin.

Toshkentlik mustaqil jurnalistga ko'ra, "faqat birgina farq bor, bu ham 2016 saylovlarda Karimov qatnasholmaydi".

8 sentyabrda mamlakat konstitutsiyasiga zid ravishda , ammo Senat qarori bilan Shavkat Mirziyoev O'zbekistonning muvaqqat prezidenti etib saylanar ekan, O'zbekistonning keyingi rahbari borasida ma'lum payt o'rtaga otilgan taxminlar to'xtadi.

"O'zLiDePning Mirziyoev nomzodini ko'rsatishi rasmiyatchilik uchun edi. Undan keyin esa boshqa "cho'ntak" partiyalar ham birin-ketin deyarli hech kim tanimaydigan a'zolarini ko'rsatishdi. Bu nomzodlar orasida eng taniqlisi Hotamjon Ketmonov edi. U ham Karimovga "raqib" rolini o'ynab bergani uchun tanilib qolgandi", deydi jurnalist.

2016 yilgi prezident saylovoldi jarayoni shu qadar "silliq" kechmoqdami?

Tabiiyki, bu jarayon Karimov davrida bo'lgani kabi silliq kechayotgani yo'q.

Har qalay, Islom Karimov qudratdagi qariyb 27 yili davomida do'stu dushmanlariga o'zining qanchalar "almashtirib bo'lmas" ekanini isbotlab ulgurgandi.

Konstitutsiyani buzish bilan bir emas, bir necha marta "saylovlar" uyushtirganini esa hech kim, hatto G'arb ham jiddiy savol ostiga olmas edi.

Saylov arafasida va saylovdan keyin turfa tashkilotlar, faollarning mavsumiy "oh-vohi" va tanqidlariga qaramasdan O'zbekistonda siyosiy manzara mutlaqo o'zgarishsiz qoldi.

Ammo 2016 yilda vaziyat o'zgardi, zamon boshqacha bo'ldi.

Islom Karimov vafot etdi.

Karimov davrida aksariyat onggida atayin va yoki kaltabinlik bilan bir ishonch shakllantirilgandi.

Keyinroq aynan shu ishonch mamlakatda qanchalar muvaqqat bo'lmasin hech bir rahbar istamagan holatni yuzaga keltirdi.

"Hech kim Karimovdan keyin davrni tasavvur qilmas va bu haqda so'z ochmas edi", deydi o'zbekistonlik jurnalist.

"Doda"ning o'ziga merosxo'r tayinlamagani, bunga aqalli ishora bo'lmagani bir masala bo'lsa, hech kimda, aqalli eng yosh avlodda ham "men prezident bo'laman" degan orzu parvarishlanmadi.

Xuddi Stalin davrida bo'lgani kabi aksariyat o'zbekistonliklar Karimovning bir kun kelib o'lishini tasavvur qila olmaydigan darajadagi holatga tushirilgandilar.

...ammo Karimov har bir banda yanglig' "o'limni totguvchi" edi

Uning o'limi ijtimoiy tarmoqlarni rostakamiga qo'zg'atib yubordi.

Ijtimoiy tarmoqda bo'lgan o'zbekistonliklar ikki, ayrim holatlarda uch guruhga bo'linishdi.

Tarmoqlarni yaqindan kuzatgan jurnalistga ko'ra, qaysidir ma'noda eng xatarnok va agressiv guruh - birinchi guruhdagilar edi.

Ular tinmay Karimovni duo qilishar, muhabbatlarini izhor etishar va nafaqat marhum prezidentdan norozilarni, balki sukut saqlayotgan yoki o'rta yo'lda turganlarga ham "virtual zug'um" qilishardi.

O'tgan 25 yil ichida O'zbekiston jamiyatida muvaqqat bo'lsa ham bu qadar jiddiy bo'linish yuz bermagan edi, har holda ijtimoiy tarmoqlarda...

Hatto hukumat nashrlari ham Karimov shaxsiga befarq va yo muxoliflarni, sal boshqacha fikr aytganlarini ochiqchasiga haqorat qila boshladi.

Trollarga "fas" buyrug'i berildi.

Sharh.uz kabi nashrlar esa boshqalarni ham "dushmanga munosib javob bering" qabilida o'ta sayoz chiqishlari bilan gij-gijlay boshladi.

Jurnalistga ko'ra, ayni mana shu guruh O'zbekiston rejimi uchun tahdidli an'anani shakllantirishga yordam berdi.

Tahdidki, avvallari jim turganlar va hatto hayrixoh bo'lganlar endilikda turfa saytlar, ijtimoiy tarmoqlarda O'zbekiston rejimining 25 yillik monologiga muqobil fikrlar mavjudligini bilib qolishdi.

Bir qarashda, millionlar onggini yovvoyi va biroz yirtqichroq "demokratik an'ana" O'zbek matbuoti tili bilan aytilsa "zaharlab" qo'ydi.

Qudrat bo'lashish o'yinlari va xalq Karimovdan yomonrog'ini emas, yaxshirog'ini istashi haqida

O'zbekiston hukumatida qudrat talashish avjida ekaniga aksariyatda shubha yo'q.

Agar shunday bo'lmasa, bu hukumat tuzishning barcha qonunlariga zid bir holat bo'lar edi.

Mustaqillikning ilk yillaridan beri diktatorlik va avtoritar tuzum orasida arosatda yashagan O'zbekiston uchun ham bu holat yot emas.

Ayrim matbuot nashrlari, mintaqa bo'yicha mutaxassislar asli o'zbekistonlik bo'lgan badavlat shaxs Alisher Usmonovning Shavkat Mirziyoevga qarindoshligi, Usmonovning esa Rossiya prezidenti Putin bilan yaxshi munosabatlarda ekaniga bot-bot urg'u berishmoqda.

Mirziyoev esa hali nomzodi rasman ko'rsatilmasidan turib, prezidentchasiga nuqtlar so'zlamoqda, mamlakat bo'ylab safar qilib, o'zi istagan va yo o'zaro kelishilgan shaxslarga mansab berib, "yaramay" qolganlarini chetlashtirmoqda.

Rustam Azimov, Rustam Inoyatov kabi "nahang mulozimlar"ning aniq mavqeilari hamon qorong'u qolar ekan, ishbilarmonlik da'vosida bo'lgan Salim Abduvaliev va G'ofir Rahimovlar kabi bahsli shaxslarning erkinroq nafas ola boshlagani haqida xabarlar tarqalmoqda. Tarqatilmoqda.

Bu ham qudrat uchun kurash jarayonining oddiy odamlar ko'zidan berkitilgan tomonlaridir.

Lekin tepadigalarning boshini og'ritayotgan savollardan biri ham oddiy odamlar bilan bog'liq...

Shuning uchun ham ijtimoiy tarmoqlar va internetda Mirziyoevning virtual qabulxonasi ochildi.

Bu virtual qabulxona aslida jamiyatda, ayniqsa oddiy odamlar orasida Karimov o'limidan keyin tobora ko'proq yangrayotgan, tepadagi guruhlar uchun o'ta nomaqbul bo'lgan savollardan sal chalg'itishga harakatdan boshqa hech narsa emas.

Chunki O'zbekistonning hozirgi hukumati istagidan qat'iy nazar aksariyat bu "nomaqbul" savollarni tobora ko'proq va qayta-qayta so'ramoqda.

Eng katta savol - endi nima bo'ladi?

Keyin esa:

Qachongacha paxta terimiga majbur qilasiz? Nima uchun?

Nima uchun OVIR faqat O'zbekiston va Shimoliy Koreyada bor?

Nima uchun ikki fuqarolik mumkin emas?

Nima uchun qamoqdagi siyosiy mahbuslarni ozod etmaysiz?

Nima uchun Toshkentga propiska bekor qilinmaydi?

Nima uchun...?

Va bu ro'yxatni hali uzoq davom ettirish mumkin.

Bu savollarga to'laqonli va ko'pchilikni rozi qiladigan amaliy javob berish hozir qudrat bo'lashish va yo talashish jarayonida bo'lgan mulozimlar uchun oson emas.

Ammo javob bermaslik yangi rahbar uchun haqiqiy muammo yaratishi tayin.

Har qanaqa ta'bir bilan ayting, ammo O'zbekiston yangi davr bilan ro'para kelgani kunday ravshan.

4 dekabrdan keyin qudratga keladigan hech bir rahbar, hech bir hukumat millionlab o'zbekistonliklarning "Karimov davri baribir yaxshi edi" degan dakkisini ko'tarolmaydi.

O'z vaqtida Karimov "Sovet davri yaxshi edi" degan qarashni ko'tarolmagani kabi...

Video uchun mana shu linkka boring

Bi-bi-si O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook- BBC UZBEK

Google+ BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring