Halab bolalari: 'Biz o‘lishni emas, yashashni xohlaymiz!'

Image caption 12 yoshli Vissam va 11 yashar Zeyn ota-onasi bilan Halabning sharqiy qismida yashashadi.

Suriya hukumati mamlakatning bir qancha tumanlariga insonparvarlik yordamlarini etkazishga ruxsat berishini bildirdi, biroq hukumat kuchlari qamali ostidagi sharqiy Halabga emas.

Oxirgi ikki kunda havo hujumlari natijasida Halabda kamida 150 tinch fuqaro halok bo'ldi. Qurbonlarning ko'pchiligi bolalar.

Ikki aka-uka- 12 yoshli Vissam va 11 yashar Zeyn ota-onasi bilan Halabning sharqiy qismida yashashadi.

Bi-bi-si Today muxbiri Mark Tompson ulardan qamaldagi shaharda hayot kechirish haqida so'ragan.

Zeyn: Kunduzlari odatda o'ynaymiz, rasm chizamiz, o'qiymiz, bo'sh vaqtni nimadir bilan to'ldirishga harakat qilamiz. Har xil o'yinlar va ba'zida qo'shiq aytamiz. Lekin bombalash boshlansa, yashirinish uchun xonadan yo'lakka qarab yuguramiz.

Bi-bi-si: Zeyn, sizlarda uy hayvonlari bormi? Balki it, mushuk bordir?

Zeyn: Yo'q, bizda hech qanday uy hayvonlari yo'q. Men 100 yillar bo'lib ketdi shahrimizda jonivorlarni ko'rmadim. Hoynahoy, ular bombalardan qo'rqib, qochib ketgan bo'lsalar kerak.

Bi-bi-si: Sizda ko'chaga chiqib aylanishga, do'stlaringiz bilan o'ynashga imkon bo'ladimi?

Vissam: Ba'zan, lekin juda kam. Ko'chaga chiqdik deguncha- vertolyotlar uchib o'tadi, bombalash boshlanadi. Umuman olganda, mening deyarli hamma o'rtoqlarimi Suriyadan ketishgan.

Zeyn: Bizning hayotimiz juda og'ir. Lekin biz ko'nikyapmiz. Masalan men tushayotgan bombalarning ovozini eshitmaslikka, o'chirishga harakat qilaman.

Bi-bi-si: Qanday qilib?

Zeyn: Men quloqlarimga barmoqlarimni solaman. Boshimni yostiq bilan o'rayman. Bo'lmasa, uxlash juda qiyin.

Vissam: Bir kuni biz uyda mehmonga ketgan oyimni kutib o'tirgandik. Shunda uchoq shundoq yonimizdagi binoga bomba tashladi. Odamlar qichqira boshladilar, ular yig'lar, chopishar , vayronalar ostida qolganlarni qidirishar edi. Juda qo'rqinchli bo'lgandi.

Bi-bi-si: Sizda maktabga borish imkoni umuman bormi?

Zeyn: Bir oydan beri maktabga borolganimiz yo'q. Maktabga borishga hozirlanganimizda samolyotlar bochka bombalarni tashlay boshlaydi, hammayoqni vayron qiladi.

Men shunchalik ko'p samolyotlar ovozini eshitdimki, hozir darrov farqlayman nima uchayotganini- vertolyotmi, bombardimonchimi yoki qiruvchimi. Ularni ajratib olish uchun Feysbukda juda ko'p rasmlarni ko'rganman.

Image copyright Reuters
Image caption Halab sharqidagi hududlar shu kungacha isyonchilar nazorati ostida qolmoqda.

Men eslayman, bir kuni samolyotlar uchib o'tishdi va bombalashni boshlashdi. Har doim ham oldindan yashirinishga imkon bo'lmay qoladi. Bizning ulgurganimiz- erto'laga tushib oldik va samolyotlar uchib ketgunicha, polga yuzimizni berib yotdik.

Bi-bi-si: Siz nima uchun urush ketayotganini bilasizlarmi? Nima bo'layotganini tushunasizlarmi?

Vissam: Ha, men nima bo'layotganini tushunaman. Bu bizning ozodligimiz, kelgusi avlodning kelajagi uchun urush.

Bi-bi-si: Katta bo'lganlaringizda nima bilan shug'ullanmoqchisizlar?

Zeyn: Men arxitektor bo'lishni istardim. Shunda men Bashar Assad vayron qilgan hamma narsani tiklashga yordam bera olaman.

Bi-bi-si: Dunyo siz uchun nima qilishini xohlagan bo'lardingizlar?

Zeyn: Butun dunyo rahbarlari Suriyadagi urushni tugatish uchun birlashishlarini xohlayman. Agar siz buni qilmasangiz va urush davom etaversa, Alloh sizni hech qachon kechirmaydi va buning uchun siz albatta javob berasiz.

Na men, na mening do'stlarim sizni hech qachon kechirmaymiz, sizni hozir ham, qiyomatda ham kechirmaydilar.

Bi-bi-si: Prezident Assad va uning ittifoqchilari Rossiya va Eron harbiylariga nima degan bo'lar edingiz?

Zeyn: Mana men nima deyman Suriya Prezidenti Assadga: Alloh jazoingni bersin!

Vissam: Men ham seni hech qachon kechirmayman! Alloh oldida sen barcha qilganlaring uchun javob berasan.

Bi-bi-si: Sizning intervьyuingizni eshitgan britaniyalik va dunyodagi boshqa mamlakat bolalariga nima deb aytishni xohlaysiz?

Vissam: Bizni bu erdan ketishimiz kerakligini aytayotganlar xaq emaslar. Biz shu erda, vatanimizda qolamiz.

Zeyn: Men yana qo'shimcha qilmoqchiman: biz bu erdamiz. Bizni esdan chiqarmanglar. Biz har kuni o'lmoqdamiz. Biz yashashni istaymiz, o'lishni emas (yig'laydi).

Vissam: Ha, biz bormiz. Bizni yoddan chiqarmanglar.

  • Би-би-си Ўзбек хизмати билан Whatsapp, Telegram ва Viber орқали боғланишни истасангиз, телефонимиз: +44 78-58-86-00-02.
  • ТЕЛЕГРАМДА ЭСА каналимиз - https://telegram.me/bbcuzbek ёки BBCUZBEK
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook- BBC UZBEK
  • Google+ BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - bbcuzbekradio
  • bbcuzbek.comга тўсиқ бўлса, uzbekweb.netга киринг.