O‘zbekiston: prezidentlikka nomzodlar tasdiqlandi

Image copyright Getty Images

O'zbekiston parlamentida o'z deputatlariga ega siyosiy partiyalar o'z qurultoylarida 4 dekabrga mo'ljallangan prezidentlik sayloviga nomzodlarini ma'qullaganlar.

O'zbekistonni 27 yil mobaynida boshqarib kelgan prezident Islom Karimovning vafotidan keyin muvaqqat prezident etib Bosh vazir Shavkat Mirziyoev tayinlandi.

Liberal-Demokratik partiya Shavkat Mirziyoevni prezidentlikka nomzod sifatida ilgari surgani xabar qilindi.

Ammo rasman liberal-demokratlarning qurultoyi hali o'tkazilgani yo'q.

O'zbekiston Markaziy Saylov komissiyasi Xalq Demokratik partiyasi, "Milliy tiklanish" demokratik partiyasi va "Adolat" sotsial-demokratik partiyalaridan ham saylovda qatnashish uchun talab etiladigan hujjatlarni qabul qilib olganini ma'lum qilgan edi.

So'nggi bir necha kun mobaynida "Milliy tiklanish" partiyasining s'ezdi Sarvar Otamurodovni o'z nomzodi sifatida, "Adolat" Narimon Umarovni, Xalq Demokratik partiyasi Hotamjon Ketmonov nomzodlarini tasdiqlaganlar.

O'zbekistonning saylov qonunchiligiga binoan, prezidentlikka ilgari surilgan nomzod aholining 1 foizi dastaklovi tasdig'i sifatida imzolar to'plashi talab qilinadi.

Siyosiy partiyalar o'z nomzodlari qo'llovi uchun 20 oktyabrgacha 214 mingdan ortiq imzo yig'ishlari lozim.

O'zbekistonda 2015 yil 29 martida prezidentlik saylovi bo'lib o'tgan, unda marhum Islom Karimovga raqib sifatida Xalq Demokratik partiyasidan Hotamjon Ketmonov, "Adolat" sotsial-demokratik partiyasidan Narimov Umarov, "Milliy tiklanish"dan Akmal Saidov nomzodlari qo'yilgandi.

O'zbekiston parlamentida o'z deputatlariga ega siyosiy partiyalar hukumatga chin muxolif partiyalar sifatida ko'rilmagan.

Muxolifatdagi "Erk" Demokratik partiyasi va "Birlik" Xalq harakati faollarining O'zbekiston parlamentida o'z deputatiga ega bo'lish maqsadidagi harakatlariga to'sqinlik qilib kelingan, hatto mustaqil nomzodlar sifatida Markaziy Saylov komissiyasida ro'yxatdan o'tkazishga ham yo'l qo'yilmagan.

So'ng mustaqil nomzodlarga qo'yiladigan talablar yanada og'irlashtirilgan.

O'zbekiston Markaziy Saylov komissiyasi Ovro'poda Xavfsizlik va Hamkorlik tashkilotini 4 dekabrdagi prezidentlik saylovini kuzatishga taklif etgan.

OXHT guruhining 11-14 oktyabr kunlari O'zbekistonga borib ichki siyosiy vaziyat bilan tanishishi, ushbu tanishuv asosida prezidentlik sayloviga o'zining kuzatuv guruhini yuborish-yubormaslik borasida qaror berishi xabar qilingan.

OXHT O'zbekistondagi prezidentlik saylovi rasmiy mazmun kasb etib, omma ko'zi uchun o'tkazilishini ham istisno qilmagan.

Markaziy Saylov Komissiyasi raisi Mirzo-Ulug'bek Abdusalomovga ko'ra, "saylovlar milliy saylov qonunchilik talablari va xalqaro huquqning umume'tirof etilgan demokratik tamoyillari asosida ochiq va oshkora o'tkaziladi".

O'zbekistondagi bundan oldingi saylovlarga OXHT o'zining cheklangan hay'atlarini yuborgan.

Buni O'zbekistondagi saylovlarda raqobat yo'qligi bois to'laqonli missiya qatnashishining zaruriyati yo'qligi bilan izohlagan.

2015 yil mart oyida o'tgan prezidentlik saylovlari haqida Ovro'poda Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti "saylovlar yaxshi tashkil qilindi, ammo haqiqiy raqobat va bahslarsiz o'tdi", degan, "saylovda haqiqiy muxolifat mavjud bo'lmagan holatda siyosiy sahnada joriy rahbar siymosi ustuvorlik qilgan"ini aytgandi.

Tahlilchilar ayni paytda O'zbekistonda olib borilayotgan saylov kampaniyasi faqat Shavkat Mirziyoevga tegishli bo'lib qolayotgani, boshqa nomzodlarning saylovoldi dasturlari haqida targ'ibot ishlari yo'qligiga e'tibor qaratishadi.

  • Bi-bi-si O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook- BBC UZBEK
  • Google+ BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - bbcuzbekradio
  • bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring.