'O‘zbekistonga marhamat, Guterrish janoblari!'

Image copyright AFP

O'zbekiston muvaqqat prezidenti Shavkat Mirziyoev Antoniu Guterrish Birlashgan Millatlar tashkilotining navbatdagi Bosh kotibi etib saylangani munosabati bilan tabrik yo'llagan.

Janob Mirziyoevning janob Guterrishga yuborgan maktubida «O'zbekiston BMTni butun jahon tinchligi va barqarorligini saqlash, xalqaro va mintaqaviy xavfsizlikning ko'plab murakkab muammolarini hal etish, izchil rivojlanishni ta'minlash va ekologiyani himoya qilishdagi universal xalqaro tuzilma deb hisoblashi» ta'kidlangan.

Muvaqqat prezident, Bosh vazir Shavkat Mirziyoev Antoniu Guterrishga o'ziga qulay vaqtda O'zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelishga taklif etgan.

BMTning joriy Bosh kotibi Pan Gi Mun O'zbekistonga ikki marta borgan.

Ilk safarida janob Pan bir vaqtlar Orol dengizi sohilidagi baliq mahsulotlari ishlab chiqarish korxonasi faoliyat yuritgan Mo'ynoq shahriga borgan hamda Orol dengizining qurishi oqibatlari bilan yaqindan tanishgan.

Pan Gi Mun O'zbekistonga Orol fojeasi oqibatlarini yumshatishda BMT dastagini va'da qilgan.

BMTning Qochqinlar bo'yicha Oliy komissari, Portugaliyaning sobiq bosh vaziri 67 yoshli Antoniu Guterrishning nomzodi BMTning Bosh Assambleyasi 13 oktyabr kuni Bosh kotiblikka tasdiqladi.

U 2017 yilning 1 yanvaridan 2021 yilning 31 dekabrigacha Birlashgan Millatlar tashkilotiga rahbarlik qiladi.

Antoniu Manuel de Oliveyra Guterrish 1949 yili Lissabon shahrida tug'ilgan.

Lissabon Oliy Texnika institutida injenerlik ishi va fizikani o'rgangan.

1971 yili institutni tugatganidan keyin o'qituvchi sifatida faoliyat boshlagan.

1974 yili Portugaliya Sotsialistik partiyasiga a'zo bo'lib kirgan.

1993 yili Sotsialistik partiya bosh kotibligiga saylangan.

Antoniu Guterrish 1995 yildan 2002 yilgacha Portugaliya bosh vaziri lavozimini egallagan.

2005 yili BMT Qochqinlar agentligining Oliy komissari etib tayinlangan.

Tahlilchilarga ko'ra, janob Guterrishning rahbarligi yillarida Qochqinlar agentligining Jenevadagi idorasidagi xodimlar soni qisqartirilgan, agentlikning dunyoning "qaynoq nuqta"larida yuzaga kelgan inqirozlar payti qochqinlarga yordam berish amaliyoti tezlashishiga erishilgan.

  • Bi-bi-si O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook- BBC UZBEK
  • Google+ BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - bbcuzbekradio
  • bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring.