Mosulni IShIDdan qaytarib olish uchun jang boshlandi

Image copyright AP
Image caption Mosul 2014 yilda IShID qoʻliga oʻtgan.

Bugun dushanba sahardanoq Mosul atrofini tinimsiz otishma sadolari tutdi.

Iroq hukumati kuchlari, Kurd peshmerga jangarilari va boshqa ittifoqchilar shaharni qaytarib olish uchun hujum boshlaganlar.

Iroqning neftga boy bu shahri ikki yil oldin IShID nazoratiga oʻtgandi. Guruh rahbariyati Suriya va Iroqning bir necha viloyatlarini oʻz ichiga olgan "xalifat tuzishganini" ham aynan Mosulda eʼlon qilgan.

Kimning qoʻli baland?

Shohidlarga koʻra, shaharga hozir tanklar kiritilayotir. Kurdlar esa, allaqachon, shahar yaqinidagi bir necha qishloqni qoʻlga olishganini aytishmoqda.

AQSh boshchiligidagi ittifoq kuchlari ham IShIDga qarshi koʻkdan hujum boshlaganlar. Amerikalik maxsus mutaxassislar esa qoʻshinlarga maslahat berishmoqda.

Amaliyotlar oʻta murakkab boʻlib, tahlilchilarga koʻra, hujumlar bir necha hafta davom etishi mumkin.

"Insholloh, Mosulni IShIDdan qutqaramiz va bayram qilamiz!" - dedi harbiy amaliyot oldidan telemurojaat bilan chiqqan Iroq Bosh vaziri Haydar Ibodiy.

Mosulda 8 mingga yaqin IShID jangarisi borligi taxmin etiladi. Oʻlimga tayyor qurolli jangarilariga qarshi amaliyotlar oson kechmasligi mumkin.

Image copyright Empics
Image caption IShID qoʻllagan oʻta keskin cheklovlar sunniylarni ham norozi qilgan.

Tez orada Iroq aksilterror kuchlari ham ayni amaliyotlarga qoʻshilishadi. Hozir Qayyara havo bazasida logistik markaz ochib, Iroq kuchlarini joylashtirish rejalangan.

Keyin Mosul atrofi IShIDdan tozalanadi. Rejaga muvofiq, bir kun 13-14 chaqirim masofa qoʻlga kiritiladi. Ikkinchi kuni esa mazkur hududni saqlab qolish hamda tozalash uchun jang qilinadi. Bu orada qoʻshinlarga kerakli qurol-aslaha hamda oziq-ovqat yetkaziladi.

Shu asno kelasi noyabr va dekabr oylarida asosiy janglar boʻlib oʻtishi kutilayapti.

Aholi himoyasi

Iroq kuchlari ham, ittifoqchilar ham aholini qanday muhofaza qilish mumkinligi ustida bosh qotirishmoqda.

Mosul hozir IShID nazoratida qolayotgan eng yirik shahar. Bu yerda kamida 1.5 million odam yashaydi.

Shu bois BMT IShIDga qarshi amaliyotlarda tinch aholi ham jabrlanishi mumkin, deya xavotirda.

Mosulda sunniy arablar, kurdlar, turkmanlar va qator boshqa diniy ozchiliklar istiqomat qiladilar.

Ushbu nuqtai nazardan olganda, har qanday yirik amaliyot boshqa bir milliy yo mazhabiy nizoni boshlab yuborishi mumkinligini nazardan soqit qilib boʻlmaydi.

Mosullik sunniy arablar Saddamdan keyingi shialar boshqalar hukumatdan norozilar va shu bois ular avvaliga IShIDni xush qarshilashgandi.

Toʻgʻri, keyinroq sunniylar orasida ham IShIDga qarshi kayfiyatlar kuchaygan.

Lekin hozirgi hujumlarda shia jangarilari ishtiroq etayotgani koʻpchilikni xavotirga solayapti.

Chunki shialar ilgari IShID qoʻlidan qaytarib olingan shaharlarda sunniylarga qarshi noinsoniy munosabatlar va zoʻravonliklarni amalga oshirishda ayblanishgan.

Hozir 1 million kishi, yaʼni shahar ahlining uchdan ikki qismi oʻz uy-joyini tashlab qochgan.

Ayni paytda, Mosul IShIDdan tozalansa ham, Iroq shimolining katta qismlari hamon bu guruh qoʻlida qolmoqda.

Bi-bi-si Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibogʻlanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring.