Shavkat Mirziyoev musulmon olamining xavfsizligi haqida

Shavkat Mirziyoev Image copyright COURTESY

O'zbekiston muvaqqat prezidenti va Bosh vazirining bayon qilishicha, mamlakati yadro qurolidan xoli hududlar ko'lamini izchil kengaytirish tarafdori va Yaqin Sharqda ham xuddi shunday hudud tashkil etish g'oyasini qo'llab-quvvatlaydi.

Shavkat Mirziyoev bu haqda Islom Hamkorlik Tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining Toshkentda bo'lib o'tayotgan 43-sessiyasi ochilish marosimi chog'ida qilgan nutqida bayon qilgan.

Janob Mirziyoevga ko'ra, O'zbekiston tashkilotga a'zo mamlakatlar va, umuman, musulmon olamining xavfsiz va farovon davlatlarga aylanishiga ishonadi.

O'zbekiston muvaqqat prezidenti ommaviy qirg'in qurolini tarqatmaslik muammosi bugungi kunda eng keskin muammolardan biri bo'lib qolayotganini ta'kidlarkan, mamlakati hali 1993 yildayoq Markaziy Osiyoda yadro qurolidan xoli hududni tashkil etish tashabbusini ilgari surganini eslatib o'tgan.

O'zlarining bu tashabbuslari O'zbekiston va qo'shni davlatlar tomonidan 2006 yilda imzolangan maxsus shartnoma va oradan 8 yil o'tib, Birlashgan Millatlar Xavsfizlik Kengashi besh nafar doimiy a'zosi tomonidan ma'qullangan Kafolatlar to'g'risidagi protokolida o'zining amaliy ifodasini topganligini ta'kidlagan.

Xuddi shu manzarada qator internet nashrlarida O'zbekistonda mamlakat Bosh prokurorining 30 sentyabrdagi buyrug'iga asosan, "Terrorchilik faoliyatida yoki ommaviy qirg'in qurolini tarqatishda ishtirok etayotgan yoki ishtirok etishda gumon qilinayotganlar ro'yxatiga kiritilgan shaxslarning operatsiyalari, pul mablag'larini yoki boshqa mol-mulkini ishga solmay to'xtatib (turish) qo'yish, ishga solmay to'xtatib qo'yilgan mol-mulkidan foydalanishga ruxsat berish va operatsiyalarini tiklash tartibi to'g'risida"gi nizom tasdiqlanganiga oid xabarlar ham bo'y ko'rsatgan.

Birinchi bor emas

2014 yil O'zbekistonning boshqa bir rasmiysi ham Markaziy Osiyoda atom inshootlarining mavjudligi bu mintaqani yadroviy terrorizm xavfi qarshisida ojiz qilib qo'yganini bayon qilgan.

O'zbekistondagi mintaqaviy xavfsizlik muammolarini o'rganish bo'yicha tadqiqot markazi ijroiy rahbari Alisher Badalboevning bu so'zlari Tojikiston poytaxti Dushanbeda bo'lib o'tgan "Mintaqaviy barqarorlikni ta'minlashda Shanxay Hamkorlik Tashkilotining roli: muammolar va istiqbollar" nomli ilmiy anjumanda yangragandi.

Janob Badalboev o'shanda yadroviy materiallarning terrorchi kuchlar qo'liga tushib qolishi xavfi yuzasidan xavotirlar kuchayib borayotganini aytgan.

O'tgan 10 yil ichida bu kabi mahsulotlarni noqonuniy tarzda sotishga urinish bilan bog'liq 650 ta qayd etilgan holatdan yarmiga yaqini sobiq Sho'ro davlatlari hisobiga to'g'ri kelganini o'z so'zlariga misol tariqasida keltirib o'tgan.

"Hech bir shubha yo'qki, xavfsizlikka bo'lgan noan'anaviy tahdidlar turi ortib borarkan, yadroviy qurollarni tarqatmaslik muammosi yanada dolzarblik kasb eta boshlashi"ni ta'kidlagan.

O'zbekiston o'z oldiga Markaziy Osiyoni yadroviy qurollardan xoli mintaqaga aylantirishga oid kelishuvga imkon qadar xayrixohlik qilish vazifasini qo'yganini aytgandi.

O'zbekistonga qo'shni Qozog'iston mustaqilligining ilk yillarida sobiq Sho'rolar davridan qolgan yadroviy inshootlarini yopganiga qaramay, u yerda hamon yadroviy materiallar saqlanib qolmoqda.

Qozog'iston

Ayrim ma'lumotlarda birgina Semipalatinsk shahrida 3 tonna plutoniy va katta miqdorda o'ta boyitilgan uran saqlanishi aytiladi.

Semipalatinsk yadro poligoni 1991 yilda Qozog'iston hukumatining qarori bilan yopilgandi.

1949 yilda ishga tushirilgan poligon sobiq Sho'rolar hududidagi eng yiriklaridan biri edi.

Aynan Semipalatinskda sovetlarning ilk atom quroli sinab ko'rilgan.

Ayrim ma'lumotlarga ko'ra, 40 yillik faoliyati davomida poligonda 450 dan ortiq yadroviy sinovlar o'tkazilgan.

Ularning ta'siri esa, yuz minglab aholining salomatligiga ziyon yetkazgani aytiladi.

Orada Qozog'iston Prezidenti Nursulton Nazarboev dunyo miqyosida Xalqaro Yadroviy sinovlar qarshi kurash kunini bayram qilish tashabbusi bilan ham chiqqan.

Buning ortidan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan ham dastaklangan ushbu sana ilk bor 2010 yilning 29 avgust kuni butun jahon bo'ylab bayram ham qilingandi.

Oradan yil o'tib esa, Norvegiyaning Bike for Peace nohukumat tashkiloti xuddi ana shu tashabbusi uchun Qozog'iston Prezidenti Nursulton Nazarboevning nomzodini Nobel Tinchlik mukofotiga ilgari surgandi.

•BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

•TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

•Instagram - BBC UZBEK

•Twitter - BBC UZBEK

•Odnoklassniki - BBC UZBEK

•Facebook - BBC UZBEK

•Google+ - BBC UZBEK

•YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

•bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring