"Xalqaro terrorchilikning Markaziy Osiyoga kirishiga yo'l qo'yib bo'lmaydi"

IShID jangarisi Image copyright COURTESY

Bu haqda Rossiya va Xitoy prezidentlari BRIKS sammiti bahona Goada o'tkazgan yuzma-yuz muloqotlari chog'ida bayon qilishgan.

Xalqaro terrorchilikning mintaqa orqali boshqa davlatlarga yoyilishining oldini olish uchun bundan buyog'iga ham o'z hamkorliklarini davom etdirishning muhimligini urg'ulashgan.

Tomonlar Suriyadagi vaziyat borasida fikr almashishgan, "terrorchilikka qarshi kurashish masalasida mavqe'lari o'xshash ekani"ni alohida ta'kidlashgan.

Bu haqda Rossiyaning qator axborot agentliklari va internet nashrlari Rossiya prezidenti matbuot voizi Dmitriy Peskovga tayanib, xabar berishgan.

Uning so'zlaridan ayon bo'lishicha, har ikki davlat rahbari o'zaro muloqotlari chog'ida Markaziy Osiyoning ishlariga chetdan aralashuvni qabul qilib bo'lmasligiga xosan diqqat qaratishgan.

Ta'kidlash joiz, so'nggi yillarda shundoqqina biqinlaridagi Afg'onistonda vujudga kelgan vaziyat Markaziy Osiyo davlatlari qolib, Rossiya va Xitoyning ham jiddiy xavotirlariga sabab bo'lib keladi.

Ayniqsa, Afg'onistonning aksariyat Markaziy Osiyo davlatlariga bevosita chegaradosh shimoliy va shimoliy-sharqiy mintaqalari zo'ravonliklar girdobiga kirib borarkan, mavjud holatni o'nglash uchun rasmiy Kreml afg'on hukumatiga o'z yordamini taklif etish darajasiga borgan.

Xitoy hukumati esa, afg'on mojarosiga echim topish uchun mintaqada yangi diplomatik vositachi vazifasini bajarish tashabbusi bilan chiqqan, buning uchun osmono'par iqtisodiy loyihalarni amalga oshirishga hozir ekanligini ham bayon qilgan.

Ustiga ustak, bu ikkovlonning Goadagi so'nggi bayonotlari Afg'oniston birinchi vitse-prezidenti general Abdulrashid Do'stumning Yaqin Sharqdagi IShID guruhi Markaziy Osiyoni ko'zlab, Afg'oniston shimoliga minglab jangarilarini sizdirish niyatida ekaniga oid so'zlari manzarasida yangragan.

General Abdulrashid Do'stumning o'zi esa joriy paytda shu yil hisobidan uchinchi bor Afg'onistonning Turkmaniston va Tojikistonga bevosita chegaradosh viloyatlarida yirik harbiy amaliyotlarga boshchilik qilmoqda.

Xuddi shu kunlarda O'zbekistondagi Demokratiya va inson huquqlari instituti rahbari Sayyora Xo'jaeva ham internetda "IShID terrorchilariga Afg'oniston emas, daryo ortidagi Markaziy Osiyo kerakligi" haqidagi fikrlarni izhor etib chiqqandi.

Shimol-sharq

Afg'onistonning shimoliy-sharqiy mintaqalarida so'nggi yillarda nafaqat toliblar, balki IShID jangarilarining ham anchayin faollashishga muvaffaq bo'lishgani aytib kelinadi.

IShID guruhi esa, G'arb boshchiligidagi ittifoq qo'shinlarining 2014 yilgi ommaviy safarbarligi ortidan kechgan o'tgan bir yilning o'zidayoq mintaqaga sizib kirishga muvaffaq bo'lgan va Pokistonda o'zining yangi tarmog'iga asos solgan.

Ham Pokiston va ham Afg'onistonda sobiq toliblar hisobidan o'ziga yuzlab yangi a'zolar yollagan, Afg'onistonning har bir burchagiga kirib borish, o'zining tayyorgarlik jamloqlariga asos solish va hatto, mamlakatning aksariyat Markaziy Osiyo davlatlariga bevosita chegaradosh shimoliy-sharqiy mintaqalarida yirik va halokatli hujumlar uyushtirishning uddasidan chiqqan.

Yaqinda esa, Afg'onistonning sharqiy Nangarxor viloyatini o'zining Yaqin Sharqdagi islomiy xalifatining bir qismi, deb e'lon qilgan.

Guruh orada ham Pokiston va ham Afg'oniston Tolibon harakatining eski va yaqin ittifoqchilaridan biri bo'lgan O'zbekiston Islomiy Harakatini o'ziga og'dirishga muvaffaq bo'lgan, harakat to'lig'icha ularga rasman bay'at keltirgan.

Ammo yaqinda harakat saflarining parchalangani, ular orasidan IShIDga qarshi va qayta Tolibonga moyil qanoti ajralib chiqqaniga oid xabarlar ham olingandi.

Yaqin-yaqingacha mintaqadagi aksariyat jangari guruhlar rasman bay'at keltirib kelgan Afg'oniston Tolibon harakati rahbariyati IShIDning o'z tuproqlarida faollashish harakatlariga keskin va oshkora norozilik bildirgan.

IShID etakchisi va Yaqin Sharqdagi xalifi Abu Bakr al-Bag'dodiyga bay'at keltirishdan bosh tortish barobarida, unga ochiq maktub yo'llab, Afg'onistondan uzoqroq turish, aks holda buning oqibatlari jiddiy bo'lishi bilan ham ogohlantirgan.

Ammo rahbariyatining bu kabi keskin mavqei manzarasida Afg'oniston ichkarisida qorishiq vaziyat shakllangan, toliblarning an'anaviy tayanch nuqtalari sifatida ko'rib kelingan janubiy, janubiy-sharqiy va sharqiy mintaqalari ikki guruh jangarilari o'rtasidagi shiddatli janglar sahnasiga aylangan, shimoliy va shimoliy-sharqiy mintaqalarida esa, ikkovlon yaqin ittifoqchi kabi harakat qilishga o'tishgan.

Xavotirlar

Rossiya esa, bor-yo'g'i bir yilning o'zida shundoqqina biqinida shakllangan bu kabi vaziyatdan jiddiy tashvishda. Orada rossiyalik yuqori martabali xavfsizlik mulozimlari qolib, tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov va prezident Vladimir Putinga qadar bu xususda ustma-ust xavotirli bayonotlar bilan chiqishgan.

Mavjud vaziyatni qator mintaqaviy xavfsizlik tashkilotlarining yig'inlarida ko'tarishgan, so'nggi oylarda o'zining mintaqadagi eng yirik harbiy bazasi joylashgan va Afg'onistonga bevosita chegaradosh Tojikistonda esa, yirik qo'shma harbiy o'quv mashg'ulotlari o'tkazishga tushib qolgan.

Mamlakati qayta zo'ravonliklar girdobiga botib borarkan, Xitoy Afg'onistonning yangi prezidenti Ashraf G'ani Tolibon bilan tinchlik muzokaralarida dastagini so'rab, birinchilardan bo'lib safar qilgan dunyoning ikkita davlatidan bittasi bo'lgandi.

Prezident G'ani bu masalada eng avvalo rasmiy Pekinning Islomobodga bo'lgan katta ta'siri va yirik iqtisodiy qudratiga ko'z tikkandi.

O'z navbatida, ham harbiy va ham iqtisodiy jihatdan qanchalik qudratli bo'lmasin, shundoq biqinidagi Afg'onistondagi vaziyatning qanday tus olishi, yillarki, qolgan aksariyat mintaqa davlatlari kabi Xitoyning ham diqqat-e'tiboridagi asosiy masalalardan biri bo'lib keladi.

Mintaqaviy tahlilchilarga ko'ra, rasmiy Pekin chegaraosha arzon afyun oqimi va uyg'ur islomiy bo'lginchiligining yanada kuchayib, Xitoy milliy xavfsizligiga tahdid solishi mumkinligidan jiddiy xavotirda.

Ammo oradan ikki yil o'tib ham, Tolibon harakati Xitoy hukumatining osmono'par iqtisodiy tashabbuslariga oshkora biror bir munosabat bildirib chiqmagan.

Rasmiy Pekinning afg'on mojarosiga siyosiy yo'l bilan barham berish uchun raqib va manfaatdor tomonlar o'rtasida vositachilik qilish urinishlari esa, hozircha, deyarli biror bir samara bermagan.

Hisob-kitoblar

Rossiya esa, Yaqin Sharqda bo'ladimi va yoki Afg'onistonda, IShID guruhi saflarida o'z va sobiq Sho'ro davlatlari fuqarolari sonining ortib borayotganidan jiddiy xavotirda.

G'arblik ayrim tahlilchilarga ko'ra, IShID saflarida Rossiyaning Shimoliy Qofqozidan bo'lganlarning soni anchagina bo'lish barobarida, liderlik mavqeida bo'lganlarning ham kam emasligi bois, Rossiya ular va boshqa islomiy jangari guruhlarni o'z xavfsizligiga jiddiy tahdid sifatida ko'radi.

Rasmiy Kreml o'tgan yil o'zining Suriyadagi havo hujumlariga qo'shilish qarorini ham qisman xuddi shu omil bilan izohlagan.

Jumladan, prezident Vladimir Putin suriyalik hamkasbi Bashar al-Assad bilan Moskvada o'tkazgan so'nggi uchrashuvi chog'ida to'rt mingga yaqin sobiq Sho'ro davlatlari fuqarolarining rasmiy Damashqqa qarshi jang olib borishayotganini ta'kidlagandi.

Ularning nazdlarida, IShID Afg'onistonni mintaqada o'z ta'sirini kengaytirishda muhim jang maydoni sifatida ko'rmoqda.

Rahbariyatining xavotirlari manzarasida rossiyalik yuqori martabali xavfsizlik mulozimlari IShIDning Xuroson amirligini barpo etish rejasiga diqqat qaratishgan.

Ularning aytishlaricha, guruhning Afg'oniston shimolida o'zining viloyatiga asos solish rejasi Markaziy Osiyo, Eron va Xitoyga ham tahdid solmay qo'ymaydi.

Ammo

Yaqinda IShID Afg'onistonda kuchlanib borayotgani, hozirga kelib, jangarilarining soni uch mingga etib qolganligini taxmin etib chiqqan Amerika harbiylari esa, so'nggi oylarda afg'on hukumat kuchlari bilan ularga qarshi havo hujumlarini kuchaytirishgan.

Orada mintaqadagi tarmog'i rahbari Hofiz Sayid Xon doxil qator yetakchilari va yuzlab jangarilarini o'ldirganliklarini iddao etib chiqishgan.

Ammo, ta'kidlash joiz, ularning ayni mazmundagi bayonotlariga shu paytga qadar Afg'onistondagi IShID jangarilari biror bir munosabat bildirishmagan.

Mintaqaviy tahlilchilarga ko'ra esa, turli minbarlardan turib, ustma-ust oshkora bildirayotgan xavotirlariga qaramay, Rossiya va Xitoy bundan buyog'iga ham Afg'onistonga o'z harbiylarini yuborishning o'rniga, qo'proq Afg'oniston Qurolli kuchlarini qurollantirish, tayyorgarlikdan o'tkazish va mamlakat iqtisodini oyoqqa qo'yish ishlarida ko'mak beradi.

Ular, o'z o'rnida, G'arb boshchiligidagi ittifoq qo'shinlarining Afg'onistondan 2014 yildagi ommaviy safarbarligi mintaqada kuchlar muvozanatining o'zgarishiga olib kelishi, bundan buyog'iga Rossiya va Xitoy o'z iqtisodiy yordamlari bilan Afg'oniston masalasida yakuniy so'zni aytishga urinishlarini taxmin etishadi.

Afg'oniston Rossiya-yu Xitoy yetakchi maqomga ega va O'zbekiston, Qozog'iston, Qirg'iziston hamda Tojikistonni o'z ichiga oluvchi Shanxay Hamkorlik Tashkilotida kuzatuvchi maqomiga ham ega.

Ayrim tahlilchilar Pokiston va Hindiston qatorida rasmiy Kobulning ushbu mintaqaviy tashkilotga to'liq a'zolikka erishishga qaratilgan so'nggi urinishlari manzarasida ShOS bu yaqin kelajakda Afg'onistonda barqarorlikni qaror toptirishda muhim o'rin tutishi mumkinligi ehtimolini ham nazardan soqit etishmaydi.

Ammo xuddi shu manzarada so'nggi xavotirli bayonotlarini Rossiyaning Markaziy Osiyodagi geo-siyosiy manfaatlari bilan bog'lab izohlayotgan ekspertlar ham yo'q emas.

Ularga ko'ra, Rossiya, bir tomondan, Markaziy Osiyoda o'zining manfaatlarini parvarishlash, ishtirokini kuchaytirish uchun Afg'oniston tahdidini bo'rttirib, informatsion sohada unga kattaroq e'tibor berayotgan bo'lishi mumkin.

Bu kabi tahlilchilar nazdlarida, Rossiya shu tariqa Turkmaniston, Tojikiston va O'zbekistonni qo'rqitib, ularni o'z orbitasiga qaytarishga urinishi - har doim kuzatib kelingan holat. Va, ularning ta'kidlashlaricha, buning hech bir yangilik jihati yo'q.

Aksariyat tahlilchilarning birdek e'tirof etishlaricha esa, afg'on mojarosidan manfaatdor barcha o'yinchi davlatlarning manfaatlarini ko'zda tutmas ekan, bu muammo amalda hech qachon o'z yechimini topmaydi.

Eng so'nggida ta'kidlash joiz, Sobiq Sho'rolar Ittifoqi 10 yillik harbiy hozirligi ortidan, 1989 yilda Afg'onistonni tashlab chiqishga majbur bo'lgan.

Buning ortidan, Afg'oniston bir necha yilga cho'zilgan qonli fuqarolar urushiga botgan va alal-oqibat bularning barchasi 1996 yilda qudratga toliblarning kelishi bilan yakun topgandi.

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring