Atambaev vertolyot halokati yuzasidan ta'ziya bildirdi

Image copyright Ria Novosti
Image caption Atambaev vertolyot halokati yuzasidan ta'ziya bildirgan ilk davlat rahbaridir

Qirg'iziston rahbari Almazbek Atambaev O'zbekistonda yuz bergan vertolyot halokatida 9 inson nobud bo'lgani munosabati bilan prezident vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoevga hamdardlik bildirgan. Bu haqda Qirg'iziston Prezidenti matbuot xizmati xabar qilgan.

"Qirg'iziston Respublikasi xalqi hamda shaxsan o'zim nomimdan halok bo'lganlar oilasi va yaqinlariga hamdardligimiz va dastagimizni yetkazishingizni so'rayman", deyiladi davlat rahbari yo'llagan elektron maktubda.

O'zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligiga tegishli uchoq 18 oktyabr kuni Farg'ona viloyati hududida qulab tushgan edi. Hodisada 3 ekipaj a'zosi va O'zbekiston Qurolli Kuchlari 6 harbiy xizmatchisi hayotdan ko'z yumgan.

Image caption Uchoq Farg'ona viloyati hududida qulab tushgan

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati aviahalokat sabablarini tekshirish bo'yicha maxsus komissiya tashkil qilinganini ma'lum qildi.

"O'zbekiston" telekanali xabarida Mi-171 rusumli uchoq reja asosida parvoz qilgani aytiladi.

Telekanal vertolyot halokati borasidagi xabarni bir kun o'tib tarqatgan. O'zbekiston matbuoti aksariyat hollarda bu kabi xabarlar borasida sukut saqlaydi.

Ayni paytda Toshkent-Navoiy yo'nalishidagi yo'lovchi samolyot shoshilinch ravishda ortga qaytishga majbur bo'lgani borasida ham xabar qilindi.

Kun.uz internet nashriga ko'ra, "samolyotni yerda yong'in xavfsizligi, favqulodda vaziyatlar, tez tibbiy yordam xizmati xodimlari kutib olgan".

• BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

• TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

• Instagram - BBC UZBEK

• Twitter - BBC UZBEK

• Odnoklassniki - BBC UZBEK

• Facebook - BBC UZBEK

• Google+ - BBC UZBEK

• YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

• Skype - uzbekbbclondon

• bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring