Islom Karimov nomini abadiylashtirish keyinga qoldirildimi?

Image copyright MATBUOTDAN
Image caption Islom Karimov

2016 yil 2 sentyabr kuni mustaqil O'zbekiston tarixida misli ko'rilmagan hodisa yuz berdi - mamlakat Birinchi Prezidenti Islom Karimov 78 yoshida, qudratga kelganining 27 yilida vafot etgani rasman e'lon qilindi.

Shu kunning o'zida O'zbekiston parlamenti va hukumatining Islom Karimovni dafn etish marosimini tashkil qilish, buning uchun davlat komissiyasini tuzish haqidagi qarori e'lon qilindi, komissiya oldiga bir qator vazifalar qo'yildi.

Birinchi Prezident o'limidan keyin muvaqqat prezidentga aylangan Shavkat Mirziyoev rais komissiya oldiga "keng jamoatchilikning fikrini hisobga olib, bir oy muddatda Islom Karimov xotirasini abadiylashtirish bo'yicha takliflar kiritsin" degan vazifa qo'yilgan edi.

Oradan bir emas, bir yarim oydan ko'proq fursat o'tdi. Ammo rasmiy OAV Islom Karimovning nomini abadiylashtirish bo'yicha qilinayotgan ishlar, bildirilgan takliflar haqida biror nima deganicha yo'q. OAVning shu kecha-kunduzdagi bosh mavzusi - virtual qabulxona.

"Aeroport va metroga Karimov nomi berilsin!"

Image copyright COURTESY
Image caption Islom Karimovning o'limidan keyin ijtimoiy tarmoqlarda avval ko'plar ko'rmagan suratlari paydo bo'ldi

Birinchi Prezidentning o'limi e'lon qilingani hamonoq ijtimoiy tarmoqlar Islom Karimov nomini abadiylashtirish takliflari bilan to'lib toshdi.

O'zbekistonning so'nggi 27 yillik tarixidagi yagona va yakka davlat rahbari vafotidan o'ziga kelib ulgurmagan yoshlar mamlakatdagi barcha eng yirik bino va inshootlarga Islom Karimov nomini berish da'vati bilan chiqishdi.

Sentyabr boshida O'zbekistonda ommabop ijtimoiy tarmoqlar, messenjerlarda eng ko'p tarqalgan "abadiylashtirish taklifi" 12 banddan iborat "Men Mustaqil O'zbekistonimning o'g'loni sifatida" deb boshlanuvchi murojaat bo'ldi.

Murojaat muallifi Karimov nomidagi maxsus stipendiya tashkil etish, Karimov ordenini ta'sis etish, u tug'ilgan kun (30 yanvar)ni davlat bayramlari qatoriga qo'shish, unga bag'ishlangan muzey va kutubxona qurish, Toshkentdagi aeroport, Mustaqillik maydoni, Davlat boshqaruvi akademiyasi, "Bunyodkor" stadioni, metro bekatlaridan biriga Birinchi Prezident nomini berish va nihoyat, Mustaqillik maydonida Islom Karimov haykalini o'rnatishni taklif qilgan edi.

Jamoatchilik fikri ham hisobga olinishi lozimligi aytilarkan, mahalliy internet-nashrlar o'z o'quvchilari orasida so'rovlar o'tkazdi. Bu so'rovlarning aksariyatida Turkiyadagi Otaturk yo-da, Amerikadagi Kennedi aeroportlaridan ilhomlangan ko'yi Toshkent, Samarqanddagi aeroportlarga ham Karimov nomi berilishi so'raldi.

Talabalar o'zi ta'lim olayotgan oliygoh, o'zi yashayotgan yoki tug'ilgan shahardagi eng katta bino va inshootlar nomini Islom Karimov deb o'zgartirishni taklif qilishdi.

Toshkentda, Karimov tug'ilgan Samarqandda, viloyatlar poytaxtlarida Birinchi Prezidentga atab yodgorliklar, muzeylar qurish fikrlari o'rtaga tashlangan.

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan aktrisa Ra'no Yarasheva Islom Karimovning hayot yo'li haqida maktablar, litseylar, kollejlar, oliygohlar uchun mo'ljallangan yangi darslik chop ettirish lozimligini ta'kidladi. Ba'zilar prezident har kuni uyga va ishga qatnagan yo'l ("Prezident trassasi")ni Islom Karimov deb nomlash ma'qulligini aytishdi.

Mahalliy OAVning shunday so'rovlaridan so'nggisi "Novosti Uzbekistana" nashri tomonidan Facebook da o'tkazildi. 550 foydalanuvchi qatnashgan savolnomada 199 kishi Toshkent aeroportiga Karimov nomi berilishini, 72 kishi Mustaqillik maydoniga Birinchi Prezident haykali qo'yilishini, 57 kishi bo'lsa metrodagi bekatlardan biri Islom Karimov deb nomlanishini yoqlab chiqqan.

"Islom ota" masjidi

Image copyright MATBUOTDAN
Image caption Lola Karimova-Tillaeva turmush o'rtog'i bilan qayta ta'mirlangan masjidning ochilish marosimida (Surat Qalampir.uz saytidan olindi)

O'tgan bir yarim oy davomida Islom Karimov nomini abadiylashtirish bo'yicha hech bir ish qilinmadi, deyish ham to'g'ri bo'lmaydi.

Birinchi Prezident nomi abadiylashtirilishi bilan bog'liq hozircha yagona eng yirik hodisa - Toshkentning Farg'ona yo'li yoqasida bir yil avval yonib ketib, so'ng qayta qurilgan "Jo'rabek" masjidi "Islom ota" deya o'zgartirilganidir.

Prezident vafotiga qadar masjid uning atrofidagi mahallada istiqomat qiluvchi shaxsi ziddiyatli ishbilarmon Salim Abduvaliev homiyligida ta'mirlanayotir, deb taxmin qilingan edi.

Lekin Islom Karimov o'limidan 10 kuncha o'tib, uning kenja qizi Lola "masjidni qayta tiklashdek savobli ishni bajarish baxtini men va turmush o'rtog'imga nasib aylagani uchun mehribon Parvardigorga beadad shukronalar va hamdu-sanolar" aytishi ortidan namozgohga keng jamoatchilik taklifiga binoan "Islom ota" jome' masjidi nomi berilganini e'lon qildi.

Bu tashabbus turlicha kutib olindi. Kimdir masjidga Islom Karimov nomi berilganini olqishlagan bo'lsa, kenja qiz otasining nomini abadiylashtirishga urinish yo'lida aslida unga nisbatan hurmatsizlik qilganini aytguvchilar ham topildi.

"MDHning qator davlat rahbarlaridan farqli ravishda O'zbekiston Prezidenti hech qachon diniy bayramlar munosabati bilan musulmonlarga murojaat qilmasdi. MDHning ba'zi davlat rahbarlaridan farqli o'laroq, u kinokameralar qurshovida bayram namozlariga kirib bormasdi. U o'z xalqining samimiy hurmatini qozongan edi, shu sababli ham bu kabi targ'ibot tadbirlariga muxtoj emasdi", - deb yozadi o'z vaqtida O'zbekiston rasmiy matbuotida ishlagan, hozirda uzmetronom.com sayti muharriri Sergey Ejkov.

Ashxobod va Moskvada nima gap?

Islom Karimovning janozasiga birinchilardan bo'lib etib kelgan Turkmaniston rahbari Gurbanguli Berdimuhamedov dafn marosimidan so'zga chiqib, Turkmanistondagi maydon va ko'chalarga Islom Karimov nomi berilishini e'lon qilgan edi.

Bundan tashqari, Rossiya poytaxti Moskva shahri markazida Islom Karimovga atab haykal qo'yish, Sankt-Peterburgdagi ko'priklardan biriga O'zbekiston Birinchi Prezidenti nomini berish tashabbuslari ham yangradi.

Biroq na Ashxobod, na Moskva, na boshqa bir xorijiy mamlakatda O'zbekiston Prezidenti xotirasini abadiylashtirish bo'yicha amaliy harakatlar ko'zga tashlandi.

Islom Karimovning ko'rinmas haykallari O'zbekistonda Islom Karimov surati bo'lmagan biror ta'lim muassasasi, davlat korxonasini topish mushkul, hatto xususiy shirkatlarda ham uning katta va kichik portretlari e'zoz bilan yuqori qo'yilishi odat tusiga kirgan.

Mamlakatdagi har bir ijobiy o'zgarishni, davlat ommaviy axborot vositalari tomonidan aytiladigan bunyodkorlik va farovonlik, tinchlik va osoyishtalikni Islom Karimov nomi bilan bog'lash uning vafotidan keyin ham davom etmoqda.

Shunga qaramay, tirikligidayoq haykallari o'rnatilgan Qozog'iston va Turkmaniston rahbarlaridan farqli o'laroq, Islom Karimov hayotligida o'z shaxsini abadiylashtirishga ochiq-oshkora urinmagan.

Har yili jahonning turli mamlakatlarida o'tkazib kelingan xalqaro Islom Karimov kurash musobaqasini hisobga olmasa, uning nomi bilan bog'liq boshqa biror ob'ekt yo tadbirni eslash qiyin.

Ko'p yillar avval o'z tashabbusi bilan o'tkazilgan, jahon tennischilari qatnashgan xalqaro tennis musobaqasiga ham "Islom Karimov kubogi" deb emas, balki Prezident kubogi deb nom qo'ygan edi.

1993 yili Farg'ona viloyatida Islom Karimovga haykal o'rnatilganida, prezident devoni bu harakatni qoralab chiqqan, aholidan bu kabi tashabbuslarni to'xtatishni so'ragan.

Islom Karimovning o'limdan so'ng ijtimoiy tarmoqlarda Birinchi Prezident tasviri tushirilgan xayoliy 10 ming so'mliklarning suratlari paydo bo'ldi, shu bilan birga Karimov so'm muomalaga chiqarilgan birinchi yillarda pulda shaxslarning surati aks ettirilishi yaxshi emasligi, o'zi ham bunga qarshi ekanini aytgani eslatildi.

•BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02

•TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

•Instagram - BBC UZBEK

•Twitter - BBC UZBEK

•Odnoklassniki - BBC UZBEK

•Facebook - BBC UZBEK

•Google+ - BBC UZBEK

•YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

•Skype - uzbekbbclondon

•bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring