Mo'sul nazorati uchun janglar kutilganidan keskin kechmoqda

Haydar al-Abadiy armiya va Kurd qo'shinlari o'rtasidagi hamkorlikni olqishlagan Image copyright Reuters
Image caption Haydar al-Abadiy armiya va Kurd qo'shinlari o'rtasidagi hamkorlikni olqishlagan

Iroq Bosh vaziriga ko'ra, Mo'sul shahrini "Islomiy Davlat" atalmish guruh nazoratidan xalos qilishga qaratilgan harbiy amaliyotlar rejalanganidan ko'ra shiddatliroq kechmoqda.

Haydar al-Abadiyning aytishicha, mazkur holat Iroq va Kurd kuchlari yagona maqsad yo'lida bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilayotganlarini ko'rsatadi.

Uning izohlari Kurd jangchilari Mo'sul sharqi va shimolida keng ko'lamli amaliyotlarni boshlashlari manzarasida yangradi.

Iroq armiyasi janubdan harakat qilmoqda. Hozir janglarga maxsus kuchlar ham qo'shilishgan.

Mo'sul 2014 yildan beri ID jangarilari qo'lida va ularning Iroqdagi so'nggi yirik tayanch nuqtasi bo'lib qolmoqda.

Shahar nazorati uchun harbiy amaliyotlar dushanba kuni boshlangandi. Ichkarida hali ham 1,5 millionga yaqin kishi qolib ketmoqda.

Ular kundalik ehtiyojlari uchun zarur oziq-ovqat va boshqa mahsulotlari tugab borayotganini aytishadi.

Xabarlarga ko'ra, IDning ayrim liderlari qochib qolishgan, ammo u yerda hamon 5,000 nafarcha jangarilar borligi taxmin qilinadi.

Parijda Mo'sul kelajagi borasida xalqaro anjuman bo'lib o'tmoqda. Iroq Bosh vaziri Mo'suldagi hodisalar rivoji haqida ayni anjumanda video orqali so'zlagan nutqida ma'lum qilgan.

"Kuchlar shahar tomon o'ylaganimizdan ko'ra tezlik bilan yaqinlashishmoqda. Amaliyot rejasida qayd qilganimizdan ko'ra ancha tez", deb aytgan u.

Ayni paytda u armiya va Kurd qo'shinlari o'rtasidagi hamkorlikni olqishlarkan, Iroq hududini ID dan tozalash uchun "birga" jang qilishmoqda.

Yig'inga mezbonlirk qilayotgan Frantsiya Prezidenti Fransua Olland "Islomiy Davlat" atalmish guruh jangarilari Raqqa tomon qochayotganlaridan ogohlantirgan va ularni to'xtatish sa'y-harakatlari yo'lga qo'yilishi kerakligini aytgan.

Raqqa guruhning Suriyadagi tayanch nuqtasi hisoblanadi.

ID rahbari Abubakr al-Bag'dodiyning qaerdaligi esa hamon noaniq qolmoqda. Ayrim xabarlarda uning Mo'sulda ekani, boshqalarida Iroq shimoliga qochgani aytiladi.

• BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02

• TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

• Instagram - BBC UZBEK

• Twitter - BBC UZBEK

• Odnoklassniki - BBC UZBEK

• Facebook - BBC UZBEK

• Google+ - BBC UZBEK

• YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

• Skype - uzbekbbclondon

• bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring