Shavkat Mirziyoyev: "Davlat xalqqa xizmat qilmayapti"

Shavkat Mirziyoyev Image copyright courtesy
Image caption Mirziyoyevning aytishicha,iqtisodiy o'sish odamlarning turmushida aks etmayapti

Bosh vazir va Prezident vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev joylarda "odamlarning dardu tashvishlari bilan hech bir mutasaddi rahbar astoydil shug'ullanmayotgani" va aholining sud-huquq tizimiga ishonchi qolmaganini aytgan.

Chorshanba kuni Tadbirkorlar va ishbilarmonlar - O'zbekiston Liberal-demokratik partiyasining qurultoyida nutq so'zlagan janob Mirziyoyev "xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqqa xizmat qiladigan vaqt kelgani"ni ta'kidlagan.

"Afsuski, hayotda buning aksini ko'rsatadigan ba'zi bir raqamlarga sizning e'tiboringizni qaratmoqchiman. Shu yilning o'zida Vazirlar Mahkamasiga, vazirlik va idoralarga, barcha darajadagi hokimliklarga tushgan murojaatlarning umumiy soni 338 mingtani tashkil etdi. Ulardan 200 mingdan ortig'i yoki 60 foizi tuman va shaharlar hissasiga to'g'ri kelmoqda. Bu raqamlar joylarda odamlarning dardu tashvishlari bilan hech bir mutasaddi rahbar astoydil shug'ullanmayotganini ko'rsatadi", deb aytgan janob Mirziyoyev o'zining amalda saylovoldi dasturi deb aytish mumkin bo'lgan ma'ruzasida.

Unga ko'ra, bundan keyin rahbarlar faoliyatiga ularning xalq ichida yurishi va muammolarni hal qilishiga qarab baho beriladi.

Janob Mirziyoyev shuningdek, davlat xizmatchilarining ish kuni va haftasi aniq me'yorga solinishi kerakligini aytib, davlat xizmatchilari to'g'risida maxsus qonun qabul qilishni taklif qilgan.

Uning ma'lum qilishicha, Bosh vazirning virtual qabulxonasiga uch hafta ichida fuqarolardan 50 mingdan ortiq shikoyatlar kelib tushgan.

"Raqamlar bilan ovora"

Janob Mirziyoyevga ko'ra, "ishga joylashtirish, yer uchastkalari ajratish, ish haqi va pensiyalarni o'z vaqtida to'lash masalalari bo'yicha murojaatlar soni ko'paygan".

"Ayniqsa, sog'liqni saqlash va ta'lim sohalariga doir murojaatlarning oshgani, ishimizdagi kamchiliklardan dalolat beradi", - deb aytgan Bosh vazir.

Uning so'zlariga ko'ra, mamlakatdagi iqtisodiy o'sishga doir raqamlar odamlar turmushida aks etmayapti.

"O'sish sur'atlari - bu shunchaki bir maqsad emas. Bunday o'sish avvalo xalqimizga, har bir fuqaroga qanday naf yetkazishi, uning dasturxonida, kundalik hayotida aks etishi biz uchun muhim masaladir", - deb aytgan Bosh vazir.

U hukumat o'z oldiga 2030 yilga qadar yalpi ichki mahsulot hajmini ikki barobardan ziyod ko'paytirish vazifasini qo'yganini aytgan.

Janob Mirziyoyev davlatning statistika idoralari faqat raqamlarni qayd etish bilan ovora ekanini tanqid qilgan.

U aholini ish bilan ta'minlashga doir "tizimli ishlar" amalga oshirilishini ma'lum qilgan.

Mirziyoyevga ko'ra, asosiy e'tibor eksportga yo'naltirilgan meva-sabzavot, oziq-ovqat hamda chorvachilik mahsulotlari etishtirishni ko'paytirishga qaratiladi.

U aholini ijtimoiy muhofaza qilishni kuchaytirish, jumladan, uy-joy bilan ta'minlash, dori-darmon va ko'mir narxini tushirish yuzasidan qat'iy chora-tadbirlar ko'rilishini ma'lum qilgan.

Bundan tashqari, janob Mirziyoyev olimlar va ijodkor ziyolilarni qo'llab-quvvatlash, mamlakatni modernizatsiyalash maqsadida internet va zamonaviy kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirishga e'tibor qaratilishini aytgan.

Odil sudlov

Janob Mirziyoyev o'z nutqida aholining huquqni muhofaza qilish organlariga nisbatan bo'lgan e'tirozlariga diqqat qaratgan.

U sud-huquq tizimini tubdan isloh qilish, advokaturaning roli va o'rnini kuchaytirish, shuningdek, jinoyat ishlarini qo'shimcha tergovga qaytarish amaliyotidan voz kechishni taklif qilgan.

Bosh vazirning ta'kidlashicha, keyingi yillarda sudlar tomonidan bironta ham oqlov hukmi chiqarilmagan.

"Sud yoki oqlov, yoki qoralov hukmini chiqarishi kerak", - deb aytgan janob Mirziyoyev.

Unga ko'ra, "sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini hamda odil sudlov faoliyatiga aralashganlik uchun javobgarlik muqarrarligini ta'minlash asosiy masaladir".

Avvalroq Senat janob Mirziyoyevning taklifi bilan amnistiya to'g'risidagi qonunni qabul qilgan, ammo hozircha amnistiyaning ko'lami qanchalik bo'lishi, jumladan, diniy-siyosiy ayblovlar bilan qamalganlarning ozod etilish-etilmasligi noma'lum.

Mirziyoyevning Prezident vazifasini bajaruvchi sifatida imzolagan ilk qonunlaridan biri ichki ishlar idoralari to'g'risidagi qonun bo'lgan.

O'tgan hafta muvaqqat Prezident shuningdek, parlamentning quyi palatasiga korruptsiyaga qarshi kurash to'g'risidagi qonunni qabul qilishni taklif etgan.

U shuningdek, O'zbekistonning qo'shnilari bilan aloqalarni yaxshilash tomon qadamlar qo'ygan.

Shavkat Mirziyoyevning ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi ilk qadamlari va qonunchilik tashabbuslari mamlakatda o'zgarishlarning muqarrar ekani haqidagi umidlarni uyg'otgan.

Ammo tanqidchilar uning faoliyatiga haqiqiy bahoni prezident saylovlaridan keyingina berish mumkinligini aytishadi.

4 dekabr kungi saylovlarda Mirziyoyevdan tashqari yana uch siyosiy partiya nomzodlari ishtirok etadilar.

Ovro'poda Xavfsizlik va Hamkorolik Tashkiloti so'nggi o'n yilda ilk bor O'zbekistondagi saylovlarga to'laqonli hay'at yuborishini ma'lum qilgan.

Saylovlarda muxolifat ishtirok etmaydi va janob Mirziyoyev hozirga qadar siyosiy sohada jiddiy islohotlarni amalga oshirishi borasida hech qanday ishora bermagan.

  • BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring