Ajralishlar yoxud "Kelin-kuyov" shou-2

O'zbekiston Image copyright Umida Ahmedova

Yaqinda Toshkent shahar hokimiyatida bo'lib o'tgan yig'ilishda hokim Rahmonbek Usmonov jamiyatda ajralishlar soni ko'payib borayotgani haqida gapirgan. Uning aytishicha, aholi orasida ajralishlar bo'yicha poytaxt yetakchilik qilmoqda.

Rasmiylarga ko'ra, o'tgan to'qqiz oyda har 100 yosh oiladan 32 tasi, ya'ni uchdan biri ajrashib ketgan.

Viloyatlarda bu ko'rsatgich biroz pastligi qayd etilgan. Yig'ilishda O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o'rinbosari hamda Respublika xotin-qizlar qo'mitasi raisi Elmira Bositxonova oilalardagi ajrimlar masalasi bo'yicha xato va kamchiliklar haqida gapirarkan, qilinayotgan ishlar hammasi rasmiyatchilik, deb aytgan.

Masalan, FHDYo bilan Xotin-qizlar qo'mitasining ishlashida ko'p xatoliklar bor.

Bositxonova sudlar hamda mahalla fuqarolar yig'inlari ishlaridagi xatoliklar, yoshlar tarbiyasidagi noqisliklar, olib borilayotgan targ'ibotlarda kamchiliklarga to'xtalgan.

Bositxonova ham, Toshkent shahar hokimi Rahmonbek Usmonov ham bu muammo O'zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi, Bosh vazir Shavkat Mirziyoevni ham tavishlantirayotganini ta'kidlashgan.

Usmonov statistik ma'lumotlarga tayanib, oilasidan ajrashayotgan har beshta ayolning bor-yo'g'i bittasigina qayta turmush qurayotganini aytgan. Yig'ilishda ajrimlardan asosan ayollar aziyat chekayotgani aytilgan.

Yig'ilishda ishchi guruhi tuzilib, ba'zi choralar ham belgilangan.

Jumladan, to'ydan bir oy o'tgach, kelinlarni propiskaga qo'yish majburiy etib belgilangan va Toshkent shahrida ajrashgan har bir oila vakillarining ism-familiyasi bundan buyon "Toshkent" telekanali va "Toshkent oqshomi" gezetasida chop etilishi aytilgan.

"Fahshga yetaklaydi"

"Ajrashayotgan er-xotinlarning ism-familiyalarini hozircha har 15 kunda soat 23:00da efirga uzatiladigan dasturda, o'zgarish bo'lmasa, soat 21:00da e'lon qilamiz. Agar yaqqol natija sezilmasa, ajrashayotgan oila a'zolarining suratini efirga uzatamiz. Bu bilan biz hech kimning haq-huquqlarini toptamaymiz, aksincha, ochiq ma'lumotlarni ommaga taqdim etamiz", - deb hokim Usmonovdan iqtibos keltirgan Qalampir.uz internet nashri.

Nashr hokim shuni qo'shimcha qilganini ma'lum qiladi: "Oilaviy ajrimlarga sababchi bo'layotganlar, xususan, qaynota-qaynonalar, kelinlarni ommaviy muhokamaga olib chiqib, ular ishtirokida teleko'rsatuvlar tayyorlanadi".

Ushbu tashabbus o'zbek internet foydalanuvchilari orasida qarama-qarshi munosabatlarni uyg'otdi.

Facebook ijtimoiy tarmog'ida musulmonlarga yaxshi tanish domla Mubashshir Ahmad bu muammo bo'yicha bildirilayotgan fikrlarni "eshitadigan" kimsa yo'qligidan taassuf izhor qilgan.

"Er-xotinni omma oldida sharmanda qilish bilan qo'rqitib, oilani kuch bilan ushlab turish yanada katta muammo keltirib chiqarishi aniq-ku. Nasroniylarda "Alloh bog'laganni bandasi echolmaydi", degan qoidaga muvofiq, taloq, ya'ni ajrashuv mashru'-qonuniy emas. Bu holat jinsiy sohada qanchalar buzilishlarga sabab bo'lgani hammaga ayon. Er va xotin xiyonati, zinokorlik, bir jinsli aloqalar. Ajrashishni to'liq yo'qotib bo'lmaydi, faqat kamaytirish mumkin. Bu xususda ayrim takliflarimizni aytyapmiz, beg'araz va amaliy yordamimizni taklif etyapmiz. Ammo eshitguvchi quloq yo'q. Afsus", - deydi domla.

"Taklif xatlarga ham e'tibor berishmayapti. Quyi tashkilotlarga jo'natishyapti. Afsus afsus..." deb qo'shimcha qilgan "Al Khorazmiy Uz".

"Shuncha odam yigilib, maslahatlashib, shunaqa ahmoqona chorani uylab topishibdimi?" - deydi g'azabnok ohangda "Doniyor Xorazmiy Rozmetov".

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilariga ko'ra, bu tashabbus aholi o'rtasida "grajdanskiy brak" nomini olgan nikoh turi sonining ko'payishiga sabab bo'lishi mumkin.

Jumladan, "Shahnoza To'raxo'jaeva": "Nima qilishni bilmay, miyaga kelgan birinchi fikrni qaror deb qabul qilaverishgan. Endi odamlar qonuniy nikoh qilmay yashashadi yoki qonuniy ajrashmay boshqa bilan turmush qurishadi. Bir-ikkitasi sharmandalikka chiday olmay, nimalar qilishini tasavvur etish dahshat!", deb yozadi.

"Ayollarga ancha qiyin bo'ladi, erkaklardan ham ko'ra. Bu bilan boshqa muammolar yaratiladi. Bitta kasallikni davolayman, deb o'nta kasallikni chiqaramiz..." deydi "Abdul Aziz Shamsieff".

Bunday chora ko'rilishi o'zbek xalqini sharmanda qilishi ham ta'kidlangan. "Bu qadamni o'ylamay quyishibdi, asoratlari juda achinarli bo'ladi... Or-nomus degan tushunchalar haqida o'ylashmabdi. O'zbeklarni ekranda ochiqchasiga sharmanda qilish-ku bu. Boshqa davlatlar ko'rsa, o'zbeklar haqida fikri yomonlashmaydimi?", degan "Said Axmad".

Masalaning bunday yechimiga qarshilarning yana biri "Noila Xolmatova" yangilikni shunday izohlagan: "ChORA emish... Ajrimga majbur bo'lganlar shundoq xam jiddiy muammoning ustida bo'lgan holatida, erkak va ayolning sirlari ommaga oshkor etilishi (ayb kimda bo'lgan taqdirda ham), ayniqsa, ayollar o'rtasida o'z joniga qasd kilish xolatlari ko'payishiga olib keladi...".

Qonunga zid

"Azamat Abdulloh Begaliyev" bunday "ahmoqona" choraning qonunga zid ekanligini aytadi: "Bunaqa darajada axmoqona qaror chiqaradi, deb o'ylamagan edim... Huquqiy jihatdan aytaman. Bu chora insonning shaxsiy hayotiga ochiqchasiga aralashish hisoblanadi. Agar shu chora mabodo amalga kirsa, (katta ehtimol bilan amalga kirmaydi), er-xotin sudga murojaat qilib, moddiy va ma'naviy zarar uchun haqqini olishi mumkin. Xuquqni muhofaza qilish organlari bu choraga qo'shilmaydi. Chunki oqibatini biladi. Garajlarni buzish haqida hokim qarorini eslanglar. Prokuratura qarorga protest keltirib, bekor qildirgan. Xullas, bu targ'ibot uchun qilingan ogohlantirish. 'O'ldiraman' deganga o'xshash".

Boshqa bir Facebook foydalanuvchisi ko'rsatuvlarni tartibga solishga chaqirgan. "TVda diniy ahloqiy ko'rsatuvlarni ko'paytirish kerak, kalta yubkada chiqvolib, kiyinish madaniyatini o'rgatguncha yoki serial qo'yguncha,", deb izoh qoldirgan "Abu Muhammadsodiq". "#Qo'yavering_zato_tinch_yashayapmiz" deydi "Jahongir Siddiqov".

"Nikohdan o'tib keyin ajrashmoqchi bo'lsam TVda va gazetada chiqarkanman deb, iymoni zaif, dindan xabari kam yigitlar nikohdan o'tmay, zino fahsh ishlar bilan shug'ullanib, jamiyatda yana buzuqliklar ko'payib ketmasmikan!," deb qo'shimcha qilgan "Muxammad Ayyubxon".

Kutilmaganda, foydalanuvchilar orasida "La'lixon Sobirova" mansabdorlarni himoya qiladi hamda yozishmalardan milliy teleradiokompaniya xabardor ekanligini aytadi. "Sal pastroq tushing, do'stim.. Mansabdorlar hali hukm qilishmadi.. Allaqanday postga ishonib, davlat rahbarlariga qarshi qayramang xalkni.. Shu vaqtgacha masalalarni ijobiy hal qilayotganlar o'shalar.. Yonboshlab yotganlarga oson aljirash.. Taklif beringlar undan ko'ra, kurakda turadigan... Ee o'rgildim..."

Foydalanuvchilar TVda ommaviy madaniyatni tanqid qilish asnosida horij klip va seriallari berilishini tanqid qilganlar. "Lalixon, MTRKda ishlar ekansiz, shu ijtimoiy tarmoqlarda aqlli gaplar yozayotganlarni yig'ib, bir TV davra suhbati o'tkazmaysizmi. Foydali ham qiziqarli ko'rsatuv bo'lardi", deb taklif bildiradi "OAV himoyachisi"ga.

Ko'rilishi kutilgan choralarni mazah qilganlar ham topiladi. "Abdul Aziz Shamsieff": "Televizorda chiqarkanman deb ham ajrashib qo'yadiganlar ham topilsa kerak". "Usmon Sagdiev": "Buyog'iga katta ekranda millionlab tomoshabinlar ko'z o'ngida '#love story'ning davomi bo'larkan-da... Agar besh marta ajrashib uylansang, ko'chada avtograf oladigan bo'lishadi (Mega yulduz bo'pketasan)".

"Botir Musurmankulov": "Zo'r ekanmi, xalqqa mashhur bo'lish uchun ajralsa kifoya ekan, ana endi hamma ajrashib boshlaydi:)) sportchi yoki qo'shiqchi bo'lish shartmas ekan:)))".

  • BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring