Xitoy harbiylari Tojikistonda nima qilishmoqda?

Harbiy mashqlar Image copyright COURTESY

Mintaqadan olingan xabarlarga ko'ra, bu ikki davlat harbiylari Tojikiston janubi-sharqida o'zlarining qo'shma harbiy mashg'ulotlarini boshlashgan.

Afg'oniston bilan bevosita qo'shni Tog'li Badaxshon mintaqasida bo'lib o'tayotgan yangi mashqlarga har ikki tomondan 10 mingga yaqin harbiy, zirxli ulovlar, artilleriya va qiruvchi uchoqlar jalb qilingan.

(Videolavhani BBCUZBEK YouTube kanalida tomosha qiling)

Ayon bo'lishicha, Shitarv harbiy poligonida kechayotgan mashg'ulotlar shaxsan Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon rejasi asosida uyushtirilmoqda.

Undan maqsad esa, Tojikiston davlat chegarasining Afg'oniston bilan Badaxshon orqali tutash anchayin beqaror qismi xavfsizligini mustahkamlash ekani aytilmoqda.

G'arb boshchiligidagi katta sondagi ittifoq qo'shinlarining ommaviy safarbarligi ortidan kechgan o'tgan ikki yil vaqt ichida esa, Afg'onistonning aynan Tojikiston bilan bevosita chegaradosh shimoliy-sharqiy Badaxshon va Qunduz viloyatlaridagi vaziyat jiddiy izdan chiqqan.

Toliblar o'zlarining aksariyati markaziy osiyolik jangarilar ekani aytilgan va mahalliy mas'ullar tomonidan IShID a'zolariga nisbat berilgan xorijlik ittifoqchilari bilan bu ikki viloyatning qator tuman va shaharlarini muayyan muddatga bo'lsa-da, bosib olishga muvaffaq ham bo'lishgan.

Ta'kidlash joiz, Tojikistonda boshlangan yangi harbiy mashqlar manzarasida ham Afg'onistonning aynan shimoliy va shimoliy-sharqiy mintaqalarida vaziyat notinchligicha qolmoqda.

O'zaro chegara

Besh kundan buyon Turkmanistonga bevosita chegaradosh shimoliy Faryob viloyatida yangi harbiy amaliyotlarga boshchilik qilayotgan Afg'oniston birinchi vitse-prezidenti general Abdulrashid Do'stum esa, buning ortidan aynan Tojikistonga qo'shni Qunduz viloyatini ham ilk bor toliblardan shaxsan o'zi tozalamoqchi.

Tojikiston Afg'oniston bilan 1344 chaqirimga uzangan o'zaro chegaraga ega va uning asosiy qismi qo'riqlash qiyin bo'lgan suvli hamda tog'li mintaqalar orqali o'tgan.

Afg'oniston shimoli-sharqida so'nggi yillarda vujudga kelgan bu kabi vaziyat Tojikiston tomonini davlat chegarasi himoyasi yo'lida o'z mustaqilligi tarixida kuzatilmagan darajada xavfsizlik choralariga qo'l urishga undagan.

Toliblarning shu oy boshida Qunduzga uyushtirgan navbatdagi keng ko'lamli hujumlari manzarasida esa, ilk bor o'zaro chegaradagi barcha qo'shinlarini harbiy tayyorgarlik holatiga keltirishga ham qaror qilgan.

Tojikiston, boshqa tomondan, oxirgi paytlarda Afg'oniston bilan bevosita chegaradosh mintaqalarida Rossiya harbiylari bilan hamkorlikda ham bu kabi mashqlarga zo'r bergan.

Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon esa, o'tgan yili qo'shimcha zaruriyat paydo bo'lsa, Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti va o'z hududlaridagi 201-sonli Rossiya harbiy bo'linmasidan ham ko'mak so'rashlarini bayon qilgandi.

Xuddi o'sha yili MDHga a'zo davlatlarning Moskvada bo'lib o'tgan norasmiy sammiti chog'ida tojik rahbari barcha ishtirokchilarni Afg'oniston bilan janubiy chegaralarini mustahkamlash uchun shoshilinch choralari ko'rishga ham da'vat qilgan.

Buning ortidan Tojikistonda Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti Tezkor kuchlarining Rossiya boshchiligidagi yirik harbiy-o'quv mashqlari ham bo'lib o'tgandi.

Ammo, bularning barchasiga qaramay, rasmiy Dushanbe Afg'oniston bilan chegarasidagi vaziyat o'zlarining to'liq nazoratlari ostida ekani va isyonchilarning har qanday bosqinini qaytarishga qodir ekanliklarini davomiy ravishda ta'kidlab keladi.

Tojikiston-Xitoy

O'z navbatida ta'kidlash joiz, Afg'onistonning qayta zo'ravonliklar girdobiga kirib borayotgani unga chegaradosh qudratli Xitoyni ham yaxshigina tashvishga solmay qo'ymagan.

Rasmiy Pekin afg'on mojarosiga o'z boshicha echim topishga urinish manzarasida "insonparvarlik ko'magi" doirasida Tojikistonga berayotgan harbiy ko'magi miqdorini ham jiddiy oshirgan.

O'tgan oy tojik hukumati bilan Tojikiston-Afg'oniston chegarasini mustahkamlashga qaratilgan xos bitim ham imzolagan.

Yangi kelishuv Xitoy tomonidan o'zaro chegarada tojik qo'shinlari uchun qo'shimcha harbiy bo'linmalar, chegara postlari va boshqa inshootlar qurib berilishini ko'zda tutishi xabar berilgandi.

Shu yil avgust oyida esa, Xitoy "mintaqada kuchayib borayotgan jangarilik tahdidini jilovlash uchun" Tojikiston, Pokiston va Afg'oniston bilan yangi aksilterror ittifoqi tuzishga ham kelishib olgandi.

Rasmiy Pekin chegaraosha arzon afyun oqimi va uyg'ur islomiy bo'lginchiligining yanada kuchayib, Xitoy milliy xavfsizligiga tahdid solishi mumkinligidan jiddiy xavotirda.

Xitoy va Afg'oniston

Xitoy Mudofaa vaziri yaqinda Sharqiy Turkiston Islomiy Harakatiga qarshi kurashda ko'rsatgan dastagi uchun afg'onistonlik hamkasbiga o'z minnatdorchiliklarini ham izhor etgan.

Chunki rasmiy Pekin Sharqiy Turkiston Islomiy Harakatini o'zlaridan mustaqil Shinjon davlatini barpo etish istagida bo'lgan islomiy jangari guruh sifatida ko'rib keladi.

Xitoy uzoq yillardan beri Afg'onistondagi zo'ravonliklarning aynan shu g'arbiy mintaqasiga sizib o'tishidan jiddiy xavotirda.

Azal-azaldan musulmon uyg'urlari yashab kelgan bu mintaqada so'nggi yillarda yuz bergan zo'ravonliklar o'nlab insonlarning umrlariga zomin bo'lgan.

Rasmiy Pekin bu hodisalarda ekstremistlarni aylab keladi, ammo o'z siyosati Shinjondagi tanglikka sabab bo'layotganiga oid baholarni keskin rad etadi.

Xitoy va Tojikiston, bundan tashqari, mintaqadagi aksariyat davlatlarni o'z ichiga oluvchi Shanxay Hamkorlik Tashkilotining doimiy a'zolari ham sanalishadi.

Shanxay Hamkorlik Tashkiloti esa, yaqinda O'zbekiston poytaxti Toshkentda bo'lib o'tgan so'nggi oliymaqom yig'inida aynan afg'on mojarosi yechimida faolroq o'rin tutishlarining vaqti yetganini bayon qilgan.

O'tgan oy Qirg'iziston Shanxay Hamkorlik Tashkilotining "Tinchlik missiyasi", deb nomlangan qo'shma aksilterror mashqlariga ilk bor mezbonlik qilgandi.

Bu tashkilot ham G'arb boshchiligidagi ittifoq qo'shinlarining 2014 yilgi ommaviy safarbarligi ortidan Afg'onistondagi xavfsizlik bilan bog'liq vaziyatning keskin yomonlashishi va giyohvand moddalar kontrabandasining kuchayishidan jiddiy tashvishda.

Agar, imkonli bo'lgan ayrim ma'lumotlarga tayanilsa, joriy yil hisobidan tojik-afg'on chegarasida 20 ga yaqin qurolli hodisa yuz bergan.

•BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

•TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

•Instagram - BBC UZBEK

•Twitter - BBC UZBEK

•Odnoklassniki - BBC UZBEK

•Facebook - BBC UZBEK

•Google+ - BBC UZBEK

• YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

•Skype - uzbekbbclondon

•bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring