O'zbekistonda paxta yakkahokimligidan qutulish boshlandimi?

Muvaqqat prezident, Bosh vazir Shavkat Mirziyoev Image copyright SCREEN SHOT OF UZBEK TV

O'zbekiston rasmiy ma'lumotlariga ko'ra, 2016 yilning to'qqiz oyi mobaynida mamlakatdan chetga meva-sabzavot olib chiqish 40 foiz o'sgan.

Ayni paytda paxta maydonlarini yildan-yilga qisqartirib, suv ko'p sarflanadigan hamda mehnati mashaqqatli paxta ekini o'rniga bog'lar va issiqxonalar barpo etish zarurligi ta'kidlanmoqda.

Mustaqil tahlilchilar uzoq yillardan buyon 1 gektar maydondagi paxta qancha daromad keltiradiyu, shuncha maydonga ekilgan kartoshka-piyoz yoki qovun-tarvuz yoxud olma-gilos bog'iga aylantirilgan bog' qancha daromad berishini hisob-kitob qilib, paxta o'zini oqlamasligini aytib keladilar.

Buning ustiga, mintaqaning asosiy suv manbalari bo'lgan Qirg'iziston va Tojikistondagi ko'p asrlik muzliklar erishi shiddatlashgan, bundan keyin O'zbekistonning paxtachilikka ixtisoslashgan butun boshli tumanlariga suv yetkazib borish yil sayin qiyinlashishi kutilmoqda.

Mamlakat rahbariyati ko'p yillardan buyon paxta maydonlarini qisqartirish rejasi borligini aytib keladi.

Biroq shu yil bahoridan bir zamonlar O'zbekistonning "o'ziniki" hisoblanib kelgan Rossiyaning meva va sabzavot bozorlarini qayta qo'lga kiritish yo'nalishidagi harakatlar boshlandi, deyish mumkin.

Aprel oyida O'zbekistonda meva-sabzavot va poliz mahsulotlarini xorijga olib chiqish va chetda sotish bilan shug'ullanadigan "O'zagroeksport" shirkati tashkil etildi.

Iyul oyida Toshkentda bo'lib o'tgan xalqaro meva va sabzavot yarmarkasida muvaqqat prezident, Bosh vazir Shavkat Mirziyoev 2020 yilga borib O'zbekiston meva-sabzavot ishlab chiqarishni yiliga 32 million tonnaga yetkazishni rejalashtirayotganini aytdi.

Janob Mirziyoev aytishicha, bugungi kunda O'zbekistonda 160 mingdan ortiq fermerlik xo'jaligi bog'bonlik va poliz mahsulotlari yetishtirmoqda.

Sentyabr oyida chetga meva-sabzavot eksport qiluvchilarning majburiy valyuta to'lovini ikki barobar kamaytirishga qaror qilindi.

Agar 9 oylik sarhisobiga qaraladigan bo'lsa, O'zbekistondan 543 ming tonna meva-sabzavot eksport qilingan. Bu 2015 yilning 9 oyiga solishtirganda 40 foiz ko'p degani.

O'zbekiston Liberal-demokratik partiyasining qurultoyida o'zining prezidentlikka nomzod sifatidagi saylovoldi dasturini e'lon qilgan Bosh vazir Shavkat Mirziyoev kelgusi yil 18000 gektar paxta va 1000 gektar g'alla maydoni qisqartirilib, ularning o'rniga bog'lar, tokzor va issiqxonalar tashkillashtirish rejalanganini aytgan.

Shuningdek, butun respublika bo'ylab qo'shimcha 200 ming tonna meva-sabzavotni saqlashga mo'ljallangan sovuq omborxonalar qurilishi mo'ljallangani ma'lum qilgan prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoev.

  • BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring