Taniqli o'zbekshunos olim Edvard Olvors olamdan o'tdi

Olim Temur Xo'janing Facebookdagi sahifasidan olingan fotosurat Image copyright FACEBOOK Timur Kocaoğlu
Image caption Turkiy tillar bo'yicha olim, professor Temur Xo'ja o'zining Facebookdagi sahifasida ustozi Edvard Olvorsni xotirlab yozdi

Shogirdlari ehtirom bilan "Domla" deb atashgan amerikalik Markaziy Osiyo bo'yicha buyuk olim Edvard Olvors 92 yoshida vafot etgan.

Professor Edvard Olvors o'nlab yillar mobaynida Kolumbiya Universitetining Yaqin Sharq va Osiyo tillari bo'limida Turk-Sovet tadqiqotlarini boshqardi.

U ushbu o'quv dargohida Markaziy Osiyo dasturi deb nomlangan, shuningdek, Milliy Masalalar dasturiga asos solgan edi.

Professor Olvors talabalariga Markaziy Osiyo va Qofqoz bo'yicha tahsil berib keldi.

Shogirdlari professor Olvorsning yondashuvi AQSh ta'lim dargohlarida Rossiya deb bilingan SSSRdagi xalqlar haqidagi bilim boyishiga turtki berganini aytadilar.

Boshqa universitetlar asosan rus tiliga ixtisoslashgan tadqiqotlarga ko'proq e'tibor qaratgan bir davrda professor Olvorsning Kolumbiya Universitetidagi kurslari ko'pchilikka, soddaroq qilib tushuntirganda, SSSR faqat rus xalqidan tarkib topmaganini "kashf qilib bergan".

Edvard Olvorsning Markaziy Osiyoga qiziqishi harbiy sifatida 1944 yilning 6 iyunida Frantsiyaga parashyutda tashlanganidan ko'p o'tmay boshlangan.

Oradan bir necha kunlar o'tib, yosh Edvardni Olmoniya natsistlarining harbiy kiyimini kiyib olgan askarlarning tashqi qiyofasi osiyoliklarnikiga o'xshashi hayron qoldirgan.

Natsistlar formasida asir tushgan askarning millati Yoqut bo'lib chiqqan.

Ma'lum bo'lishicha, Sovet askari bo'lgan bu yoqut yigit nemislarga asirga tushganidan keyin natsistlarga yordam bera boshlagan.

Edvard Olvors boshqa janglar qatori 1944 yil dekabrida Belgiyaning Baston shahri uchun qaqshatqich janglarda ham ishtirok etadi.

Ikki marta jarohatlangan Olvors Valor uchun jangda AQShning "Bronza yulduzi" bilan taqdirlangan.

Urushdan so'ng Edvard Olvors rafiqasi Janet bilan uchrashdi.

Yosh juftlik bir yil mobaynida Turkiyaning Istanbul shahrida turkiy tillarni o'rgandilar.

Kolumbiya Universitetidagi professor Olvors kurslarini o'ta qiyin kurslar deb ta'riflashadi.

U bir o'quv semestri davomida shogirdlaridan O'zbek tili, Markaziy Osiyo tarixi, Markaziy Osiyo va Qofqoz dramasi kurslarini o'zlashtirishni talab qilar, shuningdek, tadqiqotlar ham so'ralardi.

Ko'p o'qituvchilar ikki kurs bilan cheklanishar, ammo professor Olvors uchun to'rt kurs, odatdan tashqari emas, oddiy ta'lim berish yo'li sanalardi.

U shu taxlit o'nlab yillar davomida ustozlik qildi.

Professor Olvorsni nozikta'b, har bir talabasi haqida qayg'uradigan, shogirdining o'rganayotgan mavzusiga chin dildan "sho'ng'ishini" istaydigan o'qituvchi edi, deb xotirlashadi shogirdlari.

Edvard Olvors ko'plab kitoblar nashr etdi.

Bu kitoblar orasida "Zamonaviy O'zbeklar" hamda Abdulrauf Fitratning islohotchiligiga bag'ishlangan "Reallikdan qochib" deb nomlangan asarlari bor.

U ko'plab marta ilmiy anjuman natijalari hisoblangan kitoblarga muharrirlik qilgan, ular orasida endigina oliy o'quv yurtini tugatgan yosh tadqiqotchining bir yoki bir necha ma'ruzasi joy olardi.

  • BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring