Prezidentlikka nomzod Otamuratov: "Lotin yozuviga to'liq o'tamiz, o'zbek kurashini Olimpiada o'yinlari ro'yxatiga kiritaman"

"Milliy tiklanish" partiyasi nomzodi Sarvar Otamuratov Image copyright uzreport.uz
Image caption "Milliy tiklanish" partiyasi nomzodi Sarvar Otamuratov

4 dekabrda O'zbekiston yangi prezident saylaydi. Bu saylov natijalariga, o'zbekistonlik jurnalistlardan biri aytgani kabi "hatto nomzodlar ham zarracha shubha qilishayotgani yo'q".

Shunda ham mamlakat tarixida o'tgan saylovlardan bu galgisi katta farq qiladi.

4 dekabrda o'zbekistonliklar mustaqillik tarixida birinchi bor Islom Karimovsiz saylovga chiqishadi.

BBC O'zbek xizmati O'zbekiston prezidentligi uchun nomzodlarning tarjimai hollari, dasturlari va siyosiy qarashlari haqida bir qator maqolalar tayyorlagan.

Shavkat Mirziyoevdan tashqari barcha nomzodlarning siyosiy dasturamallari va qarashlari saylov natijalariga ta'sir qilmasligiga shubha yo'q.

Ammo ularning dasturamallari va qarashlarida farq bormi?

"Milliy tiklanish" partiyasi nomzodi Sarvar Otamuratov

Sarvar Otamuratov 1973 yili Toshkent shahrida tug'ilgan. 1995 yili Toshkent davlat universiteti (hozirgi O'zbekiston milliy universiteti)ni bitirgan. 1998 yili Bank akademiyasini, 2003 yili Prezident akademiyasini tamomlagan. Sotsiologiya fanlari nomzodi, iqtisodchi, xalqaro munosabatlar magistri. O'zbek tilidan tashqari o'zbek va rus tillarini biladi. Oilali, ikki farzandi bor.

1995-2006 yillarda Moliya vazirligi tizimida ishlab, bosh boshqarma boshlig'i lavozimigacha ko'tarilgan. 2006-2013 yillarda O'zbekistonning sug'urta kompaniyalarida rahbar lavozimlarda ishlagan.

2009 va 2014 yillarda Oliy Majlis Qounnchilik palatasiga deputat etib saylangan. 2010-2014 yillarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Byudjet qo'mitasi raisi o'rinbosari sifatida ishlagan. 2015 yildan palata spikeri o'rinbosari, Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari qo'mitasi a'zosi hisoblanadi.

2013 yil martida "Milliy tiklanish" demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi etib saylangan. Partiyaning 2016 yil 15 oktyabr kuni bo'lib o'tgan qurultoyida O'zbekiston prezidentligiga nomzod sifatida tasdiqlandi.

Qurultoyda Sarvar Otamuratov o'z saylovoldi dasturi bilan chiqish qildi. 3243 so'zdan iborat ma'ruzani ikki qismga - u hozirgi O'zbekistonda qanday muammolarni ko'rayotgani hamda ularni hal qilish va boshqa masalalar bo'yicha nimalarni va'da qilayotgani haqida ikki qismga bo'lib, e'tiboringizga havola qilamiz.

Hozirgi ahvol haqida qanday fikrda?

Hali bir qator madaniy meros ob'ektlari hisobga olinmagan, eksponatlar, kollektsiyalar va arxiv hujjatlari to'liq toifalashtirilmagan;

Lotin yozuviga asoslangan o'zbek alifbosiga o'tish haqidagi qonun qabul qilinganiga 23 yil bo'ldi, lekin bu jarayon hali ham to'liq tugallanmagan, katta avlodning ko'p qismi hali bu alifboni o'zlashtirmagan;

Ommaviy muomala va ommaviy axborot vositalarida o'zbek adabiy tili me'yor va qoidalari qo'pol buzilmoqda;

O'zbekistonda yashab o'tgan buyuk olimlar, san'at va adabiyot namoyandalari, buyuk davlat arboblari, harbiy sarkardalar haqida hayoti va faoliyati haqida milliy kino asarlari deyarli yo'q;

O'zbekiston televideniesi orqali namoyish etilayotgan badiiy va videofilmlarning aksariyati chet el davlatlari tarixi, ularning qahramonlari va olimlari haqida;

Teatr san'atiga qiziqish havas qilarli darajada emas, teatr zallari ko'pincha tomoshabinlar bilan to'lmayapti;

Fuqarolarning sertashvish sud majlislariga xohish-istagi yo'q;

O'zbekistonda transport xizmatlarining narxi sezilarli darajada yuqori -- 20 tonni mahsulotni 500 kilometr masofaga avtomobilda tashish tannarxi O'zbekistonda 1 kilometr uchun 1,75 dollar, qo'shni davlatlarda esa 0,7 dollardan 1,3 dollargacha;

O'zbekistonda logistika infratuzilmasi sust rivojlangan, mahsulot eksporti uchun talab etiladigan hujjatlar ko'p va ularni ko'rib chiqish muddati uzoq ham qimmat, bularning bari O'zbekistonning eksport salohiyatini tushirmoqda va o'zbek mahsulotlari tannarxi sun'iy oshishiga sabab bo'lmoqda;

Quvvat beruvchi ichimliklarni o'smirlar sog'ligiga zararli deb hisoblaydi;

Shaharlardagi ko'p qavatli uylarda texnik ekspluatatsiya qilish norma va qoidalari buzilishi odatiy tus olgan, odamlar uyni ushlab turgan ustunlarni buzib bo'lsa-da, o'z xonadonini kengaytirishga harakat qilyapti;

Uy-joy sohasidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazorat qilish tartibi va aniq mexanizmi bugungi kun talablariga javob bermaydi.

Nimalarni va'da qilmoqda?

O'zbekiston tarixining buzib, soxtalashtirib talqin qilinishiga qarshi kurashadi;

Madaniy meros ob'ektlarini to'liq xatlovdan o'tkazadi, eksponatlar, kollektsiyalar va arxiv hujjatlarini to'liq toifalashtiradi, bu boradagi qonunchilikni yanada takomillashtiradi;

UNESCOning jahon madaniy merosi ro'yxatiga kirmagan osori-atiqalarni unga kiritishda faollik ko'rsatadi;

Moddiy madaniyat merosini qayta tiklash va kapital ta'mirlash jamg'armasini tashkil etish zarur, deb hisoblaydi;

Chet mamlakatlarda qolib ketgan yoki olib chiqib ketilgan, xorij kutubxonalari, arxivlari va muzeylarida saqlanayotgan o'zbek allomalari, mutafakkirlari va yozuvchi-shoirlarining asarlarini O'zbekistonga qaytaradi;

O'zbek tilini boyitish, yanada takomillashtirishga, uning davlat tili sifatidagi maqomini mustahkamlash va uning to'la amal qilishiga erishmoqchi;

Lotin yozuviga asoslangan o'zbek alifbosiga o'tishni to'liq yakuniga yetkazmoqchi;

Funamental fanlar, zamonaviy axborot va kommunikatsiya texnologiyalari, sanoat, bank-moliya tizimi, yurisprudentsiya, diplomatiya, harbiy ish va shu kabi o'ta muhim tarmoqlarda o'zbek tili o'zining haqiqiy o'rnini egallashiga erishmoqchi;

O'zbekistonda yashab o'tgan buyuk olimlar va arboblar haqida jahonning yetakchi kinostudiyalari, taniqli rejissyor va aktyorlar bilan hamkorlikda kinolar oldirmoqchi va butun dunyo jamoatchiligiga yetkazmoqchi;

Chet ellarda vafot etgan o'zbek alloma va mutafakkirlarining qabrlarini aniqlash, ularni obodonlashtirish ishlarini davlat miqyosida amalga oshirmoqchi;

O'zbekiston tarixi va madaniy merosi haqida kitoblar chop etayotgan noshirlarni iqtisodiy qo'llab-quvvatlab, ularga soliq imtiyozlari bermoqchi;

Teatrga odamlarni qaytarmoqchi, teatr tomosha madaniyatini oshirmoqchi, mamlakatning barcha teatrlarida "Ochiq eshiklar kuni"ni tashkil etmoqchi;

Mahallani milliy demokratik institut stfaiida yanada takomillashtirmoqchi;

Mamlakatda huquqiy ta'lim tizimini yanada takomillashtirmoqchi, inson huquqlari va demokratiya asoslarini uzluksiz o'rganish tizimini rivojlantirmoqchi;

Oila, meros, uy-joy da'vosi va maishiy turmush manbaida tug'iladigan nizolarni sudgacha hal qilish tizimini rivojlantirmoqchi, bu borada mahalla, vasiylik va homiylik organlari, nodavlat notijorat tashkilotlarning rolini kuchaytirmoqchi;

Dunyo bozorida raqobatbardosh va milliy iqtisodiyotimiz timsoliga aylanadigan transmilliy kompaniyalarni shakllantirmoqchi;

Eksport uchun ishlayotgan o'zbekistonlik ishlab chiqaruvchilar uchun soliq miqdorini kamaytirmoqchi, bojxona imtiyozlari va imtiyozli subsidiyalarni va'da qilmoqda;

Transport-ekspeditorlik kompaniyalariga imtiyozlar bermoqchi, yirik yuk tashuvchi avtomobillarni lizingga berishni rivojlantirmoqchi;

Bojxona xizmatlari narxini kamaytirish va chegaradan o'tish tartibini soddalashtirish kerak, deb hisoblaydi;

Yengil va ixcham to'qimachilik korxonalari sonini ko'paytirmoqchi;

Davlat kompaniyalari va davlat ulushi ustunlik qiladigan korxonalarning moliya-xo'jalik faoliyati shaffofligini ta'minlamoqchi;

Injener-mexanik, moliya-iqtisod, korporativ boshqaruv menejmentlari, axborot texnologiyalari sohasida dasturchilarni tayyorlashni tubdan kuchaytirmoqchi;

O'zbekistonda sifatli va xavfsiz oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarilishini ko'paytirmoqchi, bunda genlarni modifikatsiya qilish usulini cheklamoqchi;

Quvvat beruvchi ichimliklarni o'smirlarga sotishni to'la taqiqlamoqchi;

Uy-joy fondini texnik ekspluatatsiya qilish norma va qoidalarining buzilishi oldini olish, sohada qonunchilikning bajarilishi ustidan samarali davlat nazoratini o'rnatmoqchi;

Milliy axborot tizimlari va milliy axborot resurslarini rivojlantirishni bugunning eng dolzarb vazifasi sifatida ko'radi;

O'zbekiston iftixori bo'lgan sportchilar haqida tarbiyaviy ahamiyatga ega bo'lgan filmlar, ilmiy-ommabop asarlar yaratishni yanada kuchaytirmoqchi;

O'zbek kurashining Olimpiada o'yinlari dasturidan o'rin olishi uchun bor kuch va imkoniyatini ishga solmoqchi va bu borada oxirigacha kurashmoqchi;

Chet eldagi O'zbekiston fuqarolari va kompaniyalari huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini har tomonlama himoya qilmoqchi.

Bosh maqsadi - zamonaviy rivojlangan demokratik davlat qurish.

  • BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring