Huquq faoli Bobomurod Razzoqov ozodlikka chiqarilgan

Bobomurod Razzoqov Image copyright Getty Images
Image caption Bobomurod Razzoqovning odam savdosida ayblangani uning kasbiy faoliyati va siyosiy qarashlari tufayli bo'lgani aytilgan

Toshkent viloyatida joylashgan Tovoqsoy qamoqxonasida jazo muddatini o'tagan buxorolik faol Bobomurod Razzoqov ozodlikka chiqarilgan.

O'zbekiston inson huquqlari "Ezgulik" jamiyati faollari Vasila Inoyatova hamda Abdurahmon Tashanov Tovoqsoydagi qamoqxonada Bobomurod Razzoqovning chiqishini kutib olganlar. Vasila Inoyatovaning BBCga aytishicha, huquq faollari Bobomurod Razzoqov bilan ko'rishib, gaplashganlar. "Ko'rinishi yomon emas, lekin qamoqdan chiqqan odam charchagan, toliqqan", deydi u. Ayni paytda huquq faoli Buxoroga, uyiga olib ketilgan.

"Ezgulik" jamiyati Buxoro viloyati bo'limi raisi bo'lgan 63 yoshli Bobomurod Razzoqov 2013 yil odam savdosida aybdor topilib, to'rt yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan edi.

Oldinroq, 22 oktyabr kuni "Ezgulik" faollari O'zbekiston Jazoni ijro etish Bosh boshqarmasi tizimining Shayxalidagi qamoqxonasida jazo muddatini o'tayotgan huquq faoli G'anixon Mamatxonov bilan uchrashganlar.

G'anixon Mamatxonov 2008 yil Islom Karimovning Farg'onaga tashrifidan oldin prezidentga uning yer islohotini tanqid qilib yozgan norozilik xati uchun hibsga olingan. So'ngra tovlamachilikda aybdor topilib, to'rt yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgandi.

65 yashar huquq faoli qamoqxonada "tartibni buzgani uchun" deya muddati yana uch marta uzaytirilgan.

G'anixon Mamatxonov 2016 yil 4 iyunda ozodlikka chiqishi kerak edi.

Ezgulik jamiyati rahbari Vasila Inoyatovaning BBCga aytishicha, G'anixon Mamatxonov bilan uchrashuvdan avval huquq faollari Shayxali qamoqxonasidagi mahkumlarning kundalik ovqat ratsioni, yotoqxona sharoiti va ish tartibi bilan muassasa rahbari tomonidan tanishtirilgan. Ularning aytishicha, so'nggi paytlarda muassasa faoliyati, mahkumlarga munosabat va mavjud sharoit ijobiy tomonga o'zgargan. G'anixon Mamatxonov ham qamoqxonadagi sharoit, oziq-ovqat va muassasa xodimlarining munosabatidan shikoyati yo'qligini aytgan.

Huquq faollari O'zbekiston qamoqxonalarida diniy va siyosiy mahbuslarga nisbatan ruhiy va jismoniy qiynoqlar doimiy mavjudligi bot-bot aytib kelishadi.

  • BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring