Суръат Икромов
Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Mahbuslar avf qilinadimi yoki oqlanadi?

Toshkent viloyatida joylashgan Tovoqsoy qamoqxonasida jazo muddatini o'tagan buxorolik faol Bobomurod Razzoqov ozodlikka chiqarilgan.

O'zbekiston inson huquqlari "Ezgulik" jamiyati faollari Vasila Inoyatova hamda Abdurahmon Tashanov Tovoqsoydagi qamoqxonada Bobomurod Razzoqovning chiqishini kutib olganlar. Vasila Inoyatovaning BBCga aytishicha, huquq faollari Bobomurod Razzoqov bilan ko'rishib, gaplashganlar. "Ko'rinishi yomon emas, lekin qamoqdan chiqqan odam charchagan, toliqqan", dedi u. Ayni paytda huquq faoli Buxoroga, uyiga olib ketilgan.

"Ezgulik" jamiyati Buxoro viloyati bo'limi raisi bo'lgan 63 yoshli Bobomurod Razzoqov 2013 yil odam savdosida aybdor topilib, to'rt yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan edi.

Oldinroq, 22 oktyabr kuni faollar Shayxalidagi qamoqxonada jazo muddatini o'tayotgan huquq faoli G'anixon Mamatxonov bilan uchrashganlar.

G'anixon Mamatxonov 2008 yil Islom Karimovning Farg'onaga tashrifidan oldin prezidentga uning er islohotini tanqid qilib yozgan norozilik xati uchun hibsga olingan. So'ngra tovlamachilikda aybdor topilib, to'rt yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgandi.

65 yashar huquq faoli qamoqxonada "tartibni buzgani uchun" deya muddati yana uch marta uzaytirilgan.

G'anixon Mamatxonov 2016 yil 4 iyunda ozodlikka chiqishi kerak edi.

"Ezgulik" jamiyatiga ko'ra, G'anixon Mamatxonov bilan uchrashuvdan avval huquq faollari Shayxali qamoqxonasidagi mahkumlarning kundalik ovqat ratsioni, yotoqxona sharoiti va ish tartibi bilan muassasa rahbari tomonidan tanishtirilgan. Ularning aytishicha, so'nggi paytlarda muassasa faoliyati, mahkumlarga munosabat va mavjud sharoit ijobiy tomonga o'zgargan. G'anixon Mamatxonov ham qamoqxonadagi sharoit, oziq-ovqat va muassasa xodimlarining munosabatidan shikoyati yo'qligini aytgan.

Huquq faollari O'zbekiston qamoqxonalarida diniy va siyosiy mahbuslarga nisbatan ruhiy va jismoniy qiynoqlar doimiy mavjudligi bot-bot aytib kelishadi.

BBC toshkentlik inson haqlari faoli Sur'at Ikromovdan bu borada haqiqatdan o'zgarish bo'lgan deb aytish mumkinmi? - deb so'radi.

Shuningdek, oxirgi ikki oyda muvaqqat prezident Shavkat Mirziyoev tomonidan chiqarilgan qonun, qaror va farmonlar, jumladan amnistiya to'g'risidagi qaror ko'pchilikda ijobiy o'zgarishlar yuz berishiga umid uyg'otdi.

Biroq, kuzatuvchilar Shavkat Mirziyoev Islom Karimov vafotidan so'ng hokimiyat boshqaruvida haqiqatdan o'zgarish qilishga tayyor ekanligi avvalo uzoq yillardan beri tutqunlikda yotgan siyosiy va diniy mahbuslarning ozodlikka chiqarilishidan keyin ba'zi xulosalar qilishga imkon beradi, deyishmoqda. Bu borada ham umid qilishga asoslar etarlimi?

Sur'at Ikromovning aytishicha, hozirgi hukumat mahbuslar masalasida muammo qarshisida qolgan.

"Ularga amnistiya qo'llanilsa, ularni kechirgan bo'ladi. Lekin ularning aybi yo'q, soxta ayblovlar bilan, siyosiy erkin fikrlagani uchun qamalgan. Agar oqlasa, mahkumlar o'tirgan o'nlab yillar uchun ularga tovon to'lashi kerak bo'ladi. Bu muammoni yechish kerak. Shu haqda bosh qotirmoqda hozir rasmiylar. Lekin nima bo'lganda ham, yaxshi o'zgarishlar uchun umid bor", deydi u.

•BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

•TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

•Instagram - BBC UZBEK

•Twitter - BBC UZBEK

•Odnoklassniki - BBC UZBEK

•Facebook - BBC UZBEK

•Google+ - BBC UZBEK

•YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

•Skype - uzbekbbclondon

•bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring