O'zbek-Tojik chegarasidan o'tish-qaytish yengillashtiriladi

Tojikiston Image copyright Getty Images

Bu haqda O'zbekistonning Tojikistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Shoqosim Shoislomov aytdi, deb xabar tarqatgan Tojikiston ommaviy axborot vositalari.

Janob Shoislomov Tojik jamoatchiligi vakillariga 25 oktyabr kuni Dushanbeda bo'lib o'tgan brifing chog'i aytgan.

O'zbekistonning Tojikistondagi elchisi ma'lum qilishicha, ikki mamlakatning rasmiylari noyabr oyi o'rtalarida Toshkentda uchrashishlari rejalashtirilgan va ular O'zbek-Tojik chegarasidan o'tib-qaytishni osonlashtirish masalalarini muhokama etadilar.

"Avvalambor, bu chegaralardagi o'tkazish punktlarida fuqarolarning harakatlanishini yengillashtirishga bog'liq. Shuningdek, ushbu masala chegaradosh tumanlar yashovchilarining harakatlanishi, viza olish jarayonini osonlashtirish va boshqalarni ham o'z ichiga oladi", deya O'zbekiston elchisidan iqtibos keltirgan Tojikistonda faoliyat yuritadigan "Avesta" Internet sayti.

Elchi janoblari hozircha O'zbekiston bilan Tojikiston o'rtasidagi viza tartibini butkul bekor qilish masalasi kun tartibida turmaganini aytgan.

Buning asosiy sabablaridan biri Afg'onistondan qurolli jangarilarning chegaradan sizib o'tish xavfi butkul bartaraf etilmaganini aytgan elchi Shoqosim Shoislomov.

1999 yil yozida O'zbekiston Islomiy harakati jangarilarining Qirg'izistonning O'zbekistonga chegaradosh Botken tumaniga kirishgani, 2000 yil yozida O'zbekiston janubidagi Surxondaryo viloyatining Tojikistonga chegaradosh Sariosiyo va Uzun tumanlarida O'IH qurollilari bilan O'zbekiston armiyasi o'rtasida qurolli to'qnashuvlar yuz bergani O'zbekistonning Tojikiston bilan chegaralarini minalashi, ikki mamlakat o'rtasida viza tartibi joriy etilishiga yetaklagan edi.

1998 yil oxirida Tojikiston shimolidagi Sug'd viloyati hududiga asli tojikistonlik o'zbek qo'mondon Mahmud Xudoyberdiev etakchiligidagi qurollilar bostirib kirgan, Tojikiston hukumati O'zbekistonni polkovnik Mahmud Xudoyberdievni qo'llab-quvvatlashda ayblagan edi.

Ushbu hodisalar va keyinroq Tojikistonning yirik Rog'un GESini barpo etish rejasi O'zbekistonning qarshiligiga duch kelgan, munosabatlar sovuqlashishiga yetaklagan edi.

Marhum prezident Islom Karimov 2012 yili suv ustidan tortishuv Markaziy Osiyo mamlakatlari o'rtasidagi urushga ham yetaklashi mumkinligidan ogohlantirgandi.

2 sentyabr kuni O'zbekistonni 27 yil mobaynida boshqargan Islom Karimovning 78 yoshida vafot etgani xabar qilindi.

3 sentyabr kuni Samarqand shahrida Islom Karimovning dafn marosimida Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmonning eng oldingi saflarda bo'lgani ko'pchilikda o'zaro gina-kuduratlar kechirilishiga umid uyg'otdi.

Karimovning siyosiy vorisi - muvaqqat prezident Shavkat Mirziyoev bundan keyingi O'zbekiston hukumatining ustuvor siyosiy yo'nalishlaridan biri mintaqadagi qo'shnilari bilan o'zaro aloqalarni yaxshilash bo'lishini aytdi.

Oktyabr oyi boshida Qirg'iziston hay'ati O'zbekistonning Andijon viloyatida mehmonda bo'ldi.

O'zaro chegaralardagi bahsli hududlarni xatlash bo'yicha komissiyalar ishlarini faollashtirdilar.

Oradan ikki hafta o'tib o'zbekistonlik tadbirkorlar Tojikistonning Sug'd viloyatida mehmonda bo'ldilar.

•BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

•TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

• Instagram - BBC UZBEK

•Twitter - BBC UZBEK

•Odnoklassniki - BBC UZBEK

•Facebook - BBC UZBEK

•Google+ - BBC UZBEK

•YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

•Skype - uzbekbbclondon

•bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring