Markaziy Osiyo suv uchun urushadimi?

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi
Kim suvsiz, kim svetsiz: Yechim nima?

Markaziy Osiyoda suv va elektr taqchilligi kuchaymoqda. Sovetlar tiklagan Yagona Energiya Tizimi qulagan. Oqibatda ba'zi davlatlarda suv yetishmaydi. Boshqalari muttasil elektr yetishmovchiligidan aziyat chekmoqda.

Chegara hududlarida suv ustidan chiqadigan kichik nizolar yangilik emas. Ammo ayrim fikrlarga ko'ra, bu faqat boshlanishi bo'lishi mumkin.

2009 yil yanvar tuni. Tojikiston poytaxti Dushanbe qorong'ulik bag'riga cho'mdi.

Shahar tug'ruqxonalaridan birida shifokorlar qorong'u va sovuq xonada yangi tug'ilgan ikki chaqaloqning jonini saqlashga urinishardi.

Chaqaloqlardan birining otasi Saymuddin Do'stov o'sha tun deyarli barcha do'st va tanishlariga qo'ng'iroq qilib, generator izladi.

Uning qizalog'i sun'iy nafas olishi kerak edi, biroq sun'iy havo beradigan uskuna elektrsiz ishlamasdi.

200 kilolik generator topib, uni beshinchi qavatga olib chiqishguncha, ikki soat o'tdi. Sham yorug'ida ota nafas olishga qiynalayotgan qizalog'iga yordam berolmay parishon edi.

"Qizchamga Pariso, deb ism topgandik. Parisom ko'z o'ngimda nafas olishga qiynalardi. Bu hech ko'z oldimdan ketmaydi" - eslaydi Saymuddin.

Yarim tundan keyin, soat ikkilarda Pariso boshqa nafas ololmay qoldi. Uning mitti tanachi sovugandi.

Image caption Tojikiston tog'lari

Pariso 2008-2009 yil qish paytlari Tojikistondagi qattiq sovuq va elektr yetishmasligidan olamdan o'tgan yagona chaqaloq emas.

Parisoning fojeasi esa Sovet davridan beri mintaqadagi besh davlatni ham suv, ham gaz va elektr bilan muntazam ta'minlagan yagona tizim qulashi oqibati edi.

Ushbu tizim oddiy tamoyil asosida ishlardi.

Qozog'iston, O'zbekiston va Turkmaniston gaz hamda elektrga boy, Tojikiston va Qirg'izistonda esa suv ko'p. Beshovlon hamkorlik qilishardi.

Ya'ni yozda pastdagi barcha ekin dalalari uchun tepadan suv kelardi. Qishda esa yuqori qo'shnilarga yozgi suv evaziga elektr va gaz berilardi.

Amudaryo va Sirdaryoda suv tortilsa, mintaqaning dehqonchilikka asoslangan quyi oqim davlatlarida ekinlar nobud bo'ladi.

Energiya kamaysa, yuqori oqimdagi davlatlar qahraton qishda qiynalishadi.

Image caption Transchegaraviy daryolar butun mintaqa suv ta'minoti uchun muhim

"Kelishmovchiliklar uchun har vaqt asos bo'lgan" - deydi qozog'istonlik tahlilchi Rasul Jumali - "Biroq ularni Moskva hal etgan".

Ammo 1991 yili SSSR quladi va har bir yosh, yangi davlat o'z muammolari qarshisida o'zi qoldi.

"Bir tarafda quyi oqim davlatlari oziq-ovqat ta'minoti masalasi, ikkinchi tomonda yuqori oqim mamlakatlari energiya ta'minoti turadi" - deydi Moskvadan jamiyatshunos Andrey Kazantsev.

"Yoki tepadagilar qishda sovuq qotishadi, yoxud pastdagilar yil bo'yi oziq-ovqatsiz qolishadi".

Mintaqa davlatlari bir necha yil davomida SSSRdan qolgan tizim bo'yicha ishlashdi. Ammo pastdagi energiyaga boy davlatlar uchun gaz va elektrni kambag'al qo'shnilarga emas, balki naqd xorijiy valyutada hisob-kitob qiladigan yangi xaridorlarga sotish foydali edi.

Shu asno 2009 yili O'zbekiston Markaziy Osiyo Yagona Energiya Tizimidan chiqdi va Afg'onistonga elektr sotishni boshladi.

Keyinroq turkman va o'zbek gazi Xitoyga oqa boshladi.

Tojikiston va Qirg'iziston esa o'z suvlarini qishda elektr ishlab chiqarish uchun ishlatishga kirishdilar. Natijada pastdagi O'zbekiston va Qozog'iston dalalarini yozda sug'orish uchun zarur suv tortila boshladi.

Xullas, Markaziy Osiyoning bir davlatida elektr va gaz taqchillashsa, boshqa mamlakatida suv yetishmovchiligi odatiy tus oldi. Qiynalgan - yana oddiy xalq.

Image caption Osima Dalanboy qizi: "Xudodan ham, hukumatdan ham faqat suv so'raymiz"

Janubiy qozog'istonlik Osima Dalanboy qizi - ulardan biri. O'tgan 40 yil davomida shakar lavlagi yetishtirib kelgan Osimaning oilasi 7 yildan beri ekinlarni sug'orish uchun suv topolmaydi.

Sababi - qo'shni Qirg'izistondan keladigan suv kamaygan. Bor suvni ham yuqoridagi qishloqlarda ishlatib bo'lishadi.

Bugun tomorqasini sug'orish uchun quduqdan suv tortadi. Ammo quduq suvi fermer xo'jaligini ta'minlashga yetmaydi.

Osimaning bolalari boshqa yoqlarga ish izlab ketishgan. O'zi ham bugun boshi qotganini aytadi.

"Ahvol shunday davom etaversa, biz yashay olmaymiz. Suvsiz hayot yo'q" - deydi suhbatdoshimiz.

Ammo suvga boy Qirg'izistonning o'zida ham ayrim hududlar suvsizlikdan qiynaladi.

Farg'ona vodiysining Qirg'iziston qismida yashaydigan G'appar To'ktashev oldin maktabda dars bergan ziyoli muallim. Biroq 2014 yili qo'shni tojikistonliklar bilan suv talashgan.

"Mana bu yerda tojiklar bilan yuzma-yuz turganmiz" - G'apparbek To'ktashev tog'li qirg'iz-tojik chegarasini ko'rsatadi.

Image caption G'appar To'ktashev: "Tojiklar bilan suv talashganmiz"

"Sabr kosamiz to'lgandi. Bir-birimizga qarata toshlar otdik. Qurolli askarlar bizlarni ajratishgan" - eslaydi oqsoqol.

"Qo'shnilar bilan urishishni istamaymiz, ammo yashash kerak-ku".

Otaxonning qishlog'iga suv qo'shni Tojikistondan keladi. To'g'rirog'i, bu aslida shundoq besh daqiqa piyoda yuradigan joydagi qishloq.

Lekin mustaqillik yillari mazkur kichik farqlar katta muammolarga yetaklay boshladi. Ayni damda, aholi o'smoqda, suv esa ko'payotgani yo'q.

G'appar-ota suvsiz tomorqasini ko'rsatadi. Bir necha o'rik daraxtini aytmasa, bu yil uning oilasi hech bir ekin eka olmagan. Sababi - suv yo'q.

2010 yil aprelida Qirg'iziston prezidentini amalidan ketkazgan va ikkinchi inqilobga yo'l ochgan g'alayonlar ham aynan energiya taqchilligi va elektr narxlarining oshib ketganiga qarshi norozilik sifatida boshlangandi.

O'zbekistondan keladigan energiya tortilgach, Qirg'iziston Xitoy puliga yangi simlar tortgandi. Oqibatda energiya tannarxi oshib, aholi to'lovlari ham qimmatlab ketgan.

Image caption Tojikistonlik Shodmon Xolov yozda qishlikni g'amlab, tezak tayyorlaydi

Ammo xorijga elektr va gaz sotayotgan O'zbekiston ham o'z xalqini energiyadan qismoqda.

Ko'plab kichik shahar va qishloqlarda elektr kuniga bir necha soat beriladi. Gaz ta'minoti esa aksar qishloq hududlarida uzoq xotiraga aylangan.

Rishtonlik o'qituvchi Bahodir Eliboevning aytishicha, qish paytlari maktab o'quvchilari ham uydan o'tin keltirib, sinfxonalarni isitishadi.

Atrof qishloqlarda esa azim daraxtlar kamayib ketgan. Chunki odamlar majburlikdan ularni kesib, o'tin qilib, yoqishadi.

"O'zbekiston chetga gaz va elektr sotishdan oldin o'z xalqini ta'minlashi kerak" - deydi Bahodir Eliboev - "O'zbekistonliklar qishda sovuqda yashaymiz".

Image copyright AFP
Image caption 2010 yilgi g'alayonlar ortidan prezident Qurmanbek Bakiev qudratdan ketkazilgan

Mintaqada poraxo'rlik, adolatsizlik va qonunlar hamda inson huquqlarini toptash odatiylik kasb etgan. Shu qatorda, narxlar oshmoqda, yuz minglab odamlar boshqa mamlakatlarga ish izlab ketishga majbur bo'lishayapti.

Ustiga ustak, jamiyatdagi chorasizlik, kambag'allik va imkonsizlikdan norozi yoshlar orasida turli radikal-ekstremist guruhlarga qo'shilayotganlar bor.

Afg'oniston shimolida - shundoqqina O'zbekiston va Tojikiston chegarasiga yondosh hududlarda esa jangarilar faollashmoqda.

Shunday holatda Markaziy Osiyo tahdid ostida qolayotgandek ko'rinadi.

"Ayni muammolar va voqeliklar qachon va qandayin portlashga yetaklashini hech kim bashorat qila olmaydi" - deydi tahlilchi Rasul Jumali.

"Eng yaxshi holatda hammasi hozirgidek qoladi" - fikrlaydi rossiyalik siyosatshunos Andrey Kazantsev - "Eng yomon holatda esa mintaqada ba'zi davlatlar birin-ketin qulaydi".

Image copyright BBC Sport
Image caption Tojikistondagi eng yirik "Nurek" GESi suv ombori loyqalashmoqda

Tojikiston va Qirg'iziston uchun bu muammolarni hal etishning yagona yo'li - ko'proq GESlar qurish. Bu borada ularning orzulari osmon.

Tojikiston hozir o'ta yirik loyihani boshlagan. Bu - "Rog'un" GESi. Bitkazilgach, u dunyodagi eng baland to'g'onli (340 metrcha) GES bo'ladi.

Kamida 5 milliard dollarlik "Rog'un"ni qurish uchun ba'zida sarmoyador topilmadi, ba'zan qo'shni O'zbekiston qattiq qarshilik ko'rsatdi.

To'g'onni suv bilan to'ldirish uchun 15-16 yil vaqt ketadi. Bu esa Amudaryo suvini sezilarli darajada kamaytirib, O'zbekiston va Turkmanistonni suvsiz qoldiradi, degan xavotirlarni tug'dirgan.

Lekin "Rog'un" Tojikistonni yirik energiya sotuvchisiga aylantirishi mumkin. Zotan, Dushanbening niyati - energiyaga chanqoq Janubiy Osiyo bozorlariga chiqish va Rossiyadagi muhojirlar puliga qarab qolgan o'z iqtisodini rivojlantirish.

O'zbekistonning marhum prezidenti Islom Karimov esa "Rog'un"ga qarshilini hech qachon yashirmagan va 2012 yili shu kabi loyihalar mintaqada urushga yetaklashi mumkinligidan ogohlantirgandi.

"Pastda yashaydigan odamlarning hayoti nima bo'ladi?!" - deya g'azabnok alfozda savol qo'ygandi Qozog'istonda gapirgan (marhum) Islom Karimov.

"Daryolar ustiga to'siqlar qurishsa, ertaga biz qancha suv olamiz? Bu mintaqaviy tanglikka va hatto urushga yetaklashi mumkin".

Ayni damda, oddiy odamlar muammolarni qo'llaridan kelgancha, o'z bilganlaricha hal qilmoqdalar.

Tojikiston janubidagi "Tojmahal" qishlog'iga kelganimizda, to'rt bolaning otasi Shodmon Xolov o'z oilasi bilan qishga tayyorgarlik ko'rayotgandi.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi
Tojmahal qishlog'i manzarasi.

Hovlini o'rab turgan devorlarga tezak yopilgan, Shodmon esa og'ilxona oldidagi go'nglardan tappi yasardi.

Bir paytlar Shodmonning uyida kecha-kunduz elektr uzilmagan. Bugun esa yagona umid tezakdan.

"Qishda 3-4 soat elektr berishadi" - deydi Shodmon - "Tezak yoqib uy isitamiz, ovqat qilamiz. Ertalab 8-9 dona, peshinda yana shuncha tezak tashlasak, xona kun bo'yi iliq bo'ladi".

Image caption Aksar tojik qishloqlarida puldor o'tin-ko'mir, pulsiz shox-shabba yo tezak yoqiib, qishdan chiqadi

Taqdir hazilini qarangki, Shodmonning uyi Tojikistondagi eng yirik "Nurek" GESidan bir necha daqiqalik avtoulov yo'lida joylashgan.

1960 yillari boshida tiklangan "Nurek" mamlakat ehtiyojlarining uchdan ikki qismini ta'minlaydi. Biroq "Nurek" suv omborida allaqachon loyqalashish kuchaygani aytiladi. Loy quyqasi qancha qalinlashsa esa, elektr ishlab chiqarish imkonlari shuncha pasayadi.

Lekin Shodmon masalaga falsafiy yondashadi.

"Hamma narsaning o'z vaqti bor. Muammolarni ham hal qilishadi. Yana kun bo'yi elektr bo'ladi" - deydi u ishonch bilan.

Lekin bu uchun qancha kutish kerak - hech kim bilmaydi.

Loyiha ustida Rustam Qobil, Oksana Vojdaeva va Maksim Lomakin ishlashgan.

"Markaziy Osiyoning talash daryolari" hujjatli filmini kelasi noyabr oyida BBC O'zbek vebsahifasi va YouTube BBCUZBEK kanalida tomosha qiling.

  • BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring