Tramp: Klintonning rejalari uchinchi jahon urushiga olib keladi

Tramp Image copyright AP
Image caption "Siz faqat Suriya bilan urushmayapsiz, siz Suriya, Rossiya va Eron bilan muammoga kirishdingiz, buni tan oling!"

AQSh Prezidentligiga Respublikachi partiyadan nomzod Donald Tramp raqibi Xillari Klintonning Suriya inqirozini bartaraf etish bo'yicha rejalari Uchinchi jahon urushiga olib kelishini bildirgan.

Uning so'zlariga ko'ra, AQSh Suriyaning joriy Prezidenti Bashar Assadni iste'fo berishga ko'ndirishdan ko'ra, ko'p mamlakatlarda taqiqlangan "Islomiy davlat" jangari guruhiga qarshi kurashga diqqatni qaratishi lozimdir.

Qo'shma Shtatlar prezidentligi uchun Demokratik partiyadan nomzodi ilgari surilgan Xillari Klinton oldinroq Suriya ustida parvozsiz hudud tuzishni taklif qilgan edi.

Bir qator tahlilchilar bu qadam Amerikaning Suriyadagi Rossiya harbiylari bilan to'g'ridan-to'g'ri qarama-qarshiligiga olib keladi, degan fikrdalar.

"Siz faqat Suriya bilan urushmayapsiz, siz Suriya, Rossiya va Eron bilan muammoga kirishdingiz, buni tan oling!", deb aytgan Tramp.

Image copyright AFP
Image caption Xillari Klinton Suriyada parvozsiz hudud tuzish tarafdori

"Rossiya - yadroviy davlat, lekin boshqa faqat muzokaralar olib boradigan mamlakatlardan farqli tarzda yadroviy qurol amal qiladigan davlat", - deb qayd etgan janob Tramp.

Xavotirlar

Tramp janoblari shuningdek, Xillari Klinton Vladimir Putinga nisbatan keskin tanqidlari ortidan u bilan muzokaralar olib borishga qodir emas, deb hisoblaydi.

"U qanday qilib o'z so'zlaridan kechib, muzokaralar stoliga o'tirmoqchi bo'lyapti", deydi Tramp.

"Biz qilishimiz kerak bo'lgan narsa, asosiy e'tiborni Suriyaga emas, "Islomiy davlat"ga qaratishimiz kerak", ta'kidlaydi u.

Image copyright AP
Image caption General Danford ham kongressmenlarga Suriyada parvozsiz hudud tuzish bo'yicha o'z xavotirlarini izhor etgan

"Agar biz Xillari Klintonga quloq soladigan bo'lsak, buning hammasi Suriya orqasidan Uchinchi Jahon urushi bilan tugaydi", deya ogohlantiradi prezidentlikka Respublikachi partiya nomzodi.

Xuddi shunday xavotirni o'tgan oyda AQSh qurolli kuchlari shtab boshliqlari birlashgan qo'mitasi rahbari Jozef Danford ham bildirgandi.

"Hozir Suriya ustida havo hududi o'rnatishga erishish uchun biz Suriya va Rossiya bilan urushga kirishimizga to'g'ri keladi", degan Danford.

"Albatta bu haqda men qaror qilmayman, lekin bu borada jiddiy o'ylab, qaror berish lozim", - tushuntirgan general Amerika kongressidagi chiqishida.

AQSh Prezidentlik saylovlari noyabr oyiga rejalashtirilgan.

OQ Uy rahbarligi uchun Donald Tramp va Xillari Klinton kurashadi.

Saylovlarga tobora yaqin qolar ekan, Donald Trampning ayollar haqida aytgan uyatli gaplari oshkor bo'lgach, Klinton xonimni quvvatlovchilar soni oshgani kuzatilgan.

•BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

•TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

•Instagram - BBC UZBEK

•Twitter - BBC UZBEK

•Odnoklassniki - BBC UZBEK

•Facebook - BBC UZBEK

•Google+ - BBC UZBEK

•YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

•Skype - uzbekbbclondon

•bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring