Suriya: havo hujumida 22 bola va olti o'qituvchi halok bo'ldi

Suriya Image copyright MUAZ AL-SHAMI, SYRIAN REVOLUTION NETWORK, VIA AP

UNICEF xalqaro tashkiloti xabar berishicha, Suriya shimolida havo hujumi natijasida 22 bola va olti o'qituvchi halok bo'lgan.

Idlib viloyatida isyonchilar nazorati ostidagi qishloqning maktabi bombalashdan zarar ko'rgan. Suriya hukumatiga binoan, Idlibda "terroristlar"ga qarshi hujumlar uyushtirilgan.

"Bu fojea. Bu zo'ravonlik. Agar bu qasddan, bilib turib qilingan ekan urush jinoyatidir", deyiladi UNICEF boshqaruvchi direktori Entoni Leykning tashkilot saytida bosilgan xabarda.

Leykning aytishicha, bu hujum Suriyadagi urush sobaynida maktablarga qilingan hujumlarning eng qonlisidir.

Oldinroq Suriya faollari Xass qishlog'iga havo hujumidan 22 inson qurbon bo'lgani, 50 nafari yaralangani haqida xabar tarqatishgan.

Britaniyada joylashgan Suriya inson haqlarini kuzatish markazi ham 14 bola va ayollar doxil 22 qurbon borligini aytadi.

Suriya davlat ommaviy axborot vositalari harbiy manbalarga asoslanib, bir qancha terroristlar o'ldirilganini xabar berganlar.

Idlibning Xass qishlog'i Halabdan janubi-g'arbdan 70 kmdan oshiq masofada joylashgan.

Rossiyaning BMTdagi doimiy vakili Vitaliy Churkin maktabga hujumni qoralagan.

"Men umid qilaman, bu bizga bog'liq emas. Menga "yo'q" deb aytish oson, lekin mas'uliyatim bor. Men Mudofaa vazirimiz nima deyishini aniqlashim lozim", deb aytgan hodisaga izoh bergan janob Churkin Frans Pressga.

Ayni vaqtda BMT Bosh kotibining insonparvarlik yordamlari bo'yicha o'rinbosari Stiven O'Brayen Suriya va Rossiya havo hujumlari oqibatida Halabda tinch fuqarolar o'lmoqda, ularning bir qismi havo hujumida, boshqalari ochlikdan hayotdan ko'z yummoqdalar, deb aytgan. Uning bu bayonoti Churkin bilan tortishuvni keltirib chiqargan.

Payshanba kuni Rossiya Mudofaa vazirligi Rossiya va Suriya harbiy uchoqlari to'qqiz kundirki Halab shahriga 10 kilometr masofa hududda hech bir parvozni amalga oshirmaganini ma'lum qilgan.

"Biroq jangarilar o'zlarining qo'lbola reaktiv vositalaridan shaharning aholi yashaydigan hududlarini o'qqa tutishda davom etmoqdalar", deyiladi Rossiya Mudofaa vazirligi xabarida.

BMTning 2016 yil 1 fevraldagi ma'lumotlariga binoan, Suriyada besh yildan beri davom etayotgan urushda jami 366 ming 200 kishi, boshqa manbalarga ko'ra, 470 ming 860 kishi halok bo'lgan.

4.5 milliondan 7 milliongacha suriyaliklar uylarini tashlab chiqqanlar. Besh milliondan ortiq inson qochqinga aylangan.

  • BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring