Nima uchun O'zbekiston Koreya emas?

Pusan, Marina markazi Image copyright BBCuzbek
Image caption Pusandagi Marina bandargohi

Tabiiy boyliklardan mahrum bo'lgan Janubiy Koreya iqtisodi insoniy resursga tayanib rivojlanmoqda.

U dunyoda sanoati eng yuqori rivojlangan 11 mamlakat ichiga kiradi. Biroq bunday yuksak yuutuqlarga qashshoq mamlakatdan Koreya bor yo'g'i bir avlod umri davomida erishishga muvafaq bo'lgan.

Koreyaga ilk safardan olingan xulosa shuki - davlat insonning qadr-qimmatini yaxshi tushunadi va insonning obro'sini saqlash, insonni noqulay ahvolga qo'ymaslik uchun iloji boricha harakat qiladi.

Image copyright BBCuzbek
Image caption Pusan, tungi hayot

Jamoat transporti

Seul va Pusan metrolari dunyodagi eng gavjum metrolardan sanaladi. 1970-yillarda boshlangan metro qurilishiga koreys muhandislari amaliy va pragmatik yondashuvni qo'llaganlar. Ya'ni, me'morchilikda ortiqchaliklarga yo'l qo'yilmagan. Har bir bekat nomidan tashqari o'ziga xos raqam va rang bilan belgilangan. Bekatlarda xaritalar va kerakli ma'lumotlar ingliz tilida ham taqdim etiladi. Metroda o'rnatilgan tartibga hamma rioya qiladi.

Image copyright BBC uzbek
Image caption Seul temir yo'l va metro bekati

Poezd eshiklari ochilishi mumkin bo'lgan joylar bo'yoq bilan chizib qo'yilgan. Shu joylarda yo'lovchilar navbat tuzishadi. Poezd platformaga yetishiga bir-ikki soniya qolganda klassik musiqa o'ynashni boshlaydi. Musiqani eshitgach, yo'lovchilar tezroq platformaga tushishga harakat qiladilar. Poezd harakatlanishi bilan musiqa ham to'xtaydi. Vagonlarning ichi keng va yorug', vagonda ovqat yeyish, ichimlik ichish mumkin emas ko'rinadi. Hammayoqni yalab tozalashganmi, deysiz.

Image copyright BBCuzbek
Image caption Seul metrosi

Har bir vagonda televizor osilib turadi. O'tib ketgan metro bekatlarining xaritasi yonib turadi va bundan tashqari bekatlar to'rt tilda e'lon qilinadi: koreys, ingliz, xitoy va yapon tillarida. Bu ham - ta'limning bir yo'lidir. Metrodan chiqish yo'laklari raqamlangan va bu juda ham qulay. Yirik murakkab bekatlarda 15 tagacha chiqish yo'llari bor. Nazoratchilar umuman ko'rinmaydi. Butun tizim - yo'lovchilarning halolligiga tayangan.

Yer ostidagi hayot

Image copyright BBCuzbek
Image caption Yer osti savdo markazi, Pusan

Metroning ba'zi o'tish yo'lakchalari va bekatlarida qator do'konchalar va yirik savdo markazlari joylashgan. Yer osti yo'lakchalari bir necha kilometrga cho'zilgan. Keng va yorug' yo'laklarning ikki chetida yo'lovchilar uchun supermarketlar, qahvaxonalar va fontanlar ishlab turibdi.

Image copyright BBCuzbek
Image caption Yer ostidagi favvora

Bunday yer osti shaharchalari bilan mahalliy hukumat aholining haddan ko'pligi muammosini hal etishga harakat qilayotgani ko'rinadi. Ginnes rekordlar kitobiga kiritilgan "Shinsege Sentum Siti" savdo markazi - Pusan shahri ichidagi haqiqiy alohida bir shahar...

Image copyright BBCuzbek
Image caption "Shinsege Sentum Siti" savdo markazi, Pusan

O'n to'rt qavatli markazga kirgan har bir kishi nafaqat xarid qila oladi, balki turli restoran va fud-kortlarda ovqatlanib, muz saroyi va boshqa sport maydonchalarida jismoniy mashq qilib, SPA saunalarida hordiq chiqarsa ham bo'ladi.

Image copyright BBCuzbek
Image caption "Shinsege Sentum Siti" ichidagi muz maydoni

Uning yer ostidagi to'rt qavatida esa xaridorlar uchun erosti avtomobil qo'yish joylari va savdo dukonlari ham joylashgan.

Image copyright BBCuzbek
Image caption Metro yo'lakchalari

Koreya - bozor o'lkasi

Bozorlar bir-biriga ulanib davom etgan, xuddi hududsiz maydonga yoyilib ketgandek. Yuraverib, yuraverib ham keti yo'q bozorlarni bir kunda aylanib chiqib bo'lmaydi. Shahar ichidagi bozorlar boshqa qismlaridan ajratilmagan, ko'chalarda yurib, bozorning ichiga bilmasdan kirib ketishingiz mumkin.

Image copyright BBCuzbek
Image caption Pusandagi Gukje bozori

Ulgurji va chakana, bir-biridan chiroyli baliq bozorlari, boshqa oziq-ovqat mahsulotlari bozorlari, turli mollar bozorlari - bularning keti yo'q. To'lib ketganligi va gavjum bo'lganiga qaramay, bozorlar o'z-o'zini boshqaradi.

Image copyright BBCuzbek
Image caption Pusandagi Chagalchi baliq bozori

Zamonaviy supremarketlardan ko'ra bozorlar qadimgi Koreyaning iliq uy muhiti bilan ajralib turadi. Ular eski zamondan qaerda paydo bo'lgan bo'lsa, o'sha yerda hamon va kechki payt bo'lsa ham faoliyat yuritayotgan ko'rinadi.

Image copyright BBCuzbek

Ehtimol, ularni tartibga solish urinishlari bo'lgandir, biroq kundalik hayotda bozorlar ichida bironta politsiya xodimini uchratganimiz yo'q. Shunga qaramay, bozorlarda tartib buzilmaydi va eng qizig'i - har yerda tezkor internet aloqa tarmog'i Wi-Fi signali bemalol!

Image copyright BBCuzbek

Mikroprotsessorli hojatxonalar

Jamoat hojatxonalarining ahvolini Koreya madaniyatining belgisi deb aytish mumkin.

Image copyright BBCuzbek
Image caption Shisenge savdo markazi

Birinchidan, ellik million atrofidagi aholi uchun tualetlar hammabop va bepul. Ulardan odamlar bemalol pul to'lamasdan foydalanishlari mumkin. Ikkinchidan, tualetlarda zamonaviy texnologiya qo'llanilgan.

Image copyright BBCuzbek
Image caption Mikroprotsessorlik hojatxona, Boshqarish pulti

Yuz foiz bo'lmasa ham, unitazlarning aksari boshqarish pulti bilan jihozlangan. Istinjoni har tomonlama bajarish uchun turli operatsiyalar mavjud. Pult orqali suvning harorati va shiddatini to'g'rilash mumkin. Buning ustiga privacy degan funktsiyasi ham bor. Uni bosganda, hojatxona sharshara tovushlariga to'lib ketadi. Ya'ni, insonni noqulay ahvolga solib qo'ymaslikka shu qadar e'tibor berilgan. Jamoat hojatxonasi har qadamda joylashgandek ko'rinadi.

Image copyright BBCuzbek
Image caption "Shinsege Sentum Siti" savdo markazidagi hojatxona

Ba'zilarining tozaligi va dizaynini ko'rib,inson o'zini xuddi san'at galereyasiga kirib qolgandek his qiladi. Koreyslar komfortni juda yaxshi ko'radilar. Shuning uchun hojatxonalarini ham inson hayotini qulay etuvchi mayda-chuydalar bilan jihozlashgan. Chunki hamma hojatxonadan foydalanadi. Nima uchun ularni chiroyli va qulay qilmaslik kerak?

Image copyright BBCuzbek
Image caption Shisange savdo markazi

Yirik savdo markazlarida joylashgan ba'zi hojatxonalar bir necha zonaga, hattoki pardoz-andoz qilish uchun zonasigacha, bo'lingan. Misol uchun, qo'l yuvish zonasida issiq-sovuq suv, sovun, qo'l losonidan tashqari og'iz chayish uchun dispenser ham devorga o'rnatilgan. Og'iz chayish suyuqligidan sovun, loson va qog'oz sochig'i singari bepul foydalanish mumkin.

Image copyright BBCuzbek
Image caption Pusan yoshlari

Zamonaviy koreyslar, ayniqsa yoshlar orasida, og'iz va tish gigienisiga rioya qilish kuchaygan. Bu ham insonning o'ziga bo'lgan hurmatining alomatidir!

Shiyponlarda o'tirgan onaxonlar

Image copyright BBCuzbek

Xontaxta atrofida o'tirishga o'rgangan koreyslar uchun goh shahar bo'lsin, goh qishloq, ko'p joylarda skameykalar yoki ayvonli supalar o'rnatilgan.

Image copyright BBCuzbek
Image caption Pusan bandargohi

Pusan shahrining ikki kilometrga cho'zilgan dang'illama Heunde plyajida ham eng uzun skameyka o'rnatilgan bo'lib, oddiy koreyslar (chet el sayohlari emas!), ularda dam olayotganlari yoki yotganlarini ko'rish mumkin.

Image copyright BBCuzbek
Image caption Pusanning Heunde plyaji

Hech kim ularni haydamaydi. Ko'p joylarda ko'k piyozmi yoki ko'k barglarni bir-biridan ajratib o'tirgan keksa ayollarni uchratasiz. Hattoki zamonaviy osmono'par binolar qad rostlagan shaharning hashamatli markazida ham shiyponlar ichida o'tirib olib, opaxonlar bo'xchalarida olib kelgan ko'm-ko'k o'tlarini terib o'tirganlarini ko'rdik. Ularni hech kim bunday dang'illama joylardan quvmaydi.

Image copyright BBCuzbek
Image caption Pusan trenajyorlari

Ha, aytgancha, odamlarning jismoniy salomatligi haqida qayg'urgan hukumat ko'chalarda trenajyorlarni o'rnatib qo'ygan. Bundan tashqari, hayot qulayligi tufayli uzoq umr ko'rayotgan keksalarni kompyuter o'rganish yoki boshqa mashg'ulotlar bilan band etish maqsadida davlat ular uchun turli bepul to'garaklarni tashkillashtirgan. Mana buni haqiqiy amaliy jonkuyarlik va g'amxo'rlik deb atasa bo'ladi!

Image copyright BBCuzbek
Image caption Pusan san'at muzeyi

O'zbekiston va Koreya o'rtasidagi o'xshashliklar

Koreys xalqi - bolajon xalq. Har bir ota-onaning o'z farzandi uchun joni halak. Toki bola o'n olti yoshga kirguncha.

Image copyright BBCuzbek
Image caption Seul shoh ko'chasi o'rtasidan oqayotgan Chxongechxon irmog'i

O'z ota-onasi, ulug' yoshdagi insonlarga izzat-ehtirom ko'rsatish - koreyslarning qon-qoniga singib ketgan va buni yashirmaydilar. G'arb madaniyatini qabul qilganlari bilan milliy urf-odatlaridan voz kechishmagan. Yoshlarning kattalardan oldin taomga qo'l uzatmasligi. Yoki uyga kirishda poyafzalni yechib kirish.

Image copyright BBCuzbek
Image caption Oyog' yechish udumi

Hattoki ba'zi yemakxonalarga kirishdan oldin ham mijozlar poyafzallarini yechib kiradilar. Umuman uyda poyafzalda yurmaslik - bu Koreyadagi asosiy odob-axloq qoidasidir.

Image copyright BBCUZBEK
Image caption Seul restoranlaridan biri ostonasi

U yerda bo'lganingizda bosh egib ta'zim qilishni o'rganishingiz kerak.

Image copyright BBCuzbek
Image caption Bosh egib ta'zim etish - mahalliy odob-axloqning qoidalaridan biri

Mijoz bilan muomala qilayotganda koreyslar ikki qo'l bilan narsa uzatishadi. O'ng qo'l bilan uzatganda ham, xuddi chap qo'li bilan o'ng tirsagini ushlab turgan o'zbek kelinchaklari kabi, uzatishadi. Bunday muomalani yoshi katta bo'lgan odam va qarindoshlarga ham qo'llashadi.

Image copyright BBCuzbek

Xullas, mijoz bo'lasizmi yoki oddiy inson - sizga cheksiz iltifot ko'rsatiladi.

Agar o'z qadr-qimmatingizni bilmoqchi bo'lsangiz - Koreyaga safar qiling!

  • BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring