Isyonchilar Halabda yirik amaliyot boshlamoqchi

Halab Image copyright Reuters
Image caption Isyonchilar orasida yuzlab markaziy osiyoliklar, xususan o'zbeklar ham borligi aytiladi

Suriya isyonchi guruhlari Halabning sharqiy qismida hukumat kuchlari qamalini yorib o'tishni rejalashtirgan yirik hujumlarni boshlayotganini e'lon qildi.

Associated Press agentligining jangari guruhlardan biriga iqtibosan xabar berishicha, amaliyotlarda hech bir istisnosiz "hamma isyonchi guruhlar ishtirok etishadi".

Ular orasida ilgari "Nusra Fronti" nomi bilan tanilgan va ko'p mamlakatlarda taqiqlangan "Jabhat Fotih ash-Shom" guruhi ham bor. Aynan shu guruh tarkibida ayniqsa markaziy osiyolik jangarilar ko'pligi aytiladi.

Ayni paytda janglarda asosan Halab tashqarisidagi isyonchi guruhlar ishtirok etishmoqda, endi shaharning qamaldagi sharqiy qismidagi isyonchilar ham quvvatlashi kutiladi.

Britaniyada joylashgan Suriya inson haqlarini kuzatish markazining bildirishicha, isyonchilar g'arbiy Halabga qarata yuzlab raketalar otishgan.

Image copyright AFP
Image caption Sharqiy Halab bir necha oydan beri qamalda

Inson haqlari himoyachilari ma'lumotlariga binoan, bu kamida 15 tinch fuqaroning umriga zomin bo'lgan, jarohatlanganlarning umumiy soni 100 dan ortiq.

Bundan tashqari, jangarilar hukumat kuchlari manzillari yaqinida ikki mashinani portlatib yuborganlar.

Isyonchilarning asosiy nishonlaridan biri Latakiya yaqinidagi Rossiya aviatsiyasi joylashgan Xmeymim havo bazasidir.

Rossiya bu xabarni hali tasdiqlagani yo'q.

Suriya urushi boshlanmasidan oldin Halab mamlakatning yirik iqtisodiy markazi sanalgan. 2012 yil shaharning sharqiy qismi isyonchilar qo'liga o'tgan, g'arbiy qismi esa hukumat kuchlari nazoratida.

Bashar Assadga tarafdor kuchlar hozirda Halabning sharqiy qismini qamal qilib turishibdi.

Qamaldagilarning soni qamida 275 ming inson deb ko'riladi.

Oxirgi paytlarda sharqiy Halab Rossiya va Suriya aviatsiyasi hujumlari ostida qolgan.

Ma'lumotlarga ko'ra, oxirgi oyda bolalar va ayollar, kasalxonadagi yaradorlar doxil kamida 500 inson bu hujumlar qurboni bo'lgan. Yana ikki mingga yaqin tinch fuqaro jarohat olgan.

  • BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring