"O'zgarishlar faqat saylovgacha bo'lmasin"

Istiqlol saroyi Image copyright Facebook Salomat Vafo

28 oktyabr, juma kuni Toshkentning "Istiqlol" saroyida Davlat Soliq qo'mitasi, Bosh Prokuratura, Ichki Ishlar vazirligi va Toshkent shahar hokimiyati rahbar xodimlari bilan tadbirkorlarning uchrashuvi bo'lib o'tgan.

Ayni tadbirga muvaqqat prezident va Bosh vazir Shavkat Mirziyoevning Tadbirkorlik to'g'risida qabul qilgan farmonidan so'ng rasmiylarning ko'rayotgan chora-tadbirlari sifatida qarash mumkin bo'ladi.

Farmonda 1 yanvardan boshlab tadbirkorlik sub'ektlarini rejadan tashqari tekshirishlarning barcha turlari, xususan jinoyat ishlari doirasidagi tekshiruvlar bekor qilinishi aytilgan.

Uchrashuvning o'tkazilishi bir necha kun oldin e'lon qilingan, ishtirokchilarga taklifnomalar berilgani ba'zi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan xabar qilingandi.

O'zbekistonda tadbirkorlarga nisbatan turli davlat idoralarining haddan ziyod tekshiruvlari ularning ishiga xalaqit berishi, biznes yuritmasdan oldin tugashiga yoki poraxo'rlik holatlarining yanada olib kelishi bot-bot aytib kelinadi.

"Istiqlol" saroyidagi uchrashuvda so'zga chiqqan Davlat Soliq qo'mitasi raisi Botir Parpiev bu holatni tan olib, tekshiruvlar tadbirkorlikning rivojlanishiga haqiqatdan to'sqinlik qilishini aytgan.

Janob Parpiev keltirgan ma'lumotlarga qaraganda, O'zbekistonda har yili o'rtacha to'rt mingdan ortiq tekshiruvlar o'tkaziladi. Oxirgi hisoblar bo'yicha tadbirkorlarga solingan jarima miqdori 1,5 milliard so'm, musodara qilingan tovarlar bahosi 4,4 mlrd so'mga teng.

Shuningdek, tekshiruvlar orqasidan 200 dan ortiq korxonalar faoliyati to'xtatilgani egalariga 25 milliard so'm zarar yetkazgan.

Soliq qo'mitasi rahbari bu kabi tekshiruvlarga chek qo'yilgani, qonunga amal qilmaganlarga nisbatan chora ko'rilishi, tadbirkorlar esa qo'llab-quvvatlanishiga va'da bergan. Gapining isboti sifatida 2016 yilda xizmat vazifasini suiste'mol qilgan 127 xodim ishdan bo'shatilgani, o'nlabiga jinoiy ish qo'zg'atilganini qayd etgan.

Shu bilan birga, erkinliklar tadbirkorlarni javobgarlikdan ozod etmasligi, soliq to'lamagan tadbirkorlar jazodan qutulib qolmasligini ham urg'ulagan.

Zaldagilarning savollariga javob bergan Bosh prokuror Ixtiyor Abdullaev barcha sohalar qatori tadbirkorlikka ham to'siq bo'layotgan poraxo'rlikka qarshi har kim kurashishi lozim, deb aytgan.

Istiqlol saroyida o'tgan uchrashuv Feysbuk, Odnoklassniki kabi tarmoqlarda muhokama qilingan.

Jumladan, tadbirda qatnashgan yozuvchi Salomat Vafo o'zining Facebookdagi sahifasida tadbir qanday o'tgani, o'zining takliflari haqida yozgan:

Image copyright Facebook Salomat Vafo

"5 ming kishi sig'adigan Xalqlar do'stligi saroyi odamlar bilan liq to'la edi. Bir Toshkent shahrining o'zida 48 ming nafar tadbirkor ro'hatdan o'tgan ekan. Bu katta raqam edi. Tadbirkorlarimizning mamlakatimiz taqdiriga befarq emasligi va grajdanlik intizomi meni quvontirardi. Janob bosh prokuror va janob Parpiev tadbirkorlik haqidagi yangi qonun farqlari va imtiyozlarini shunday tushuntirishdiki, agar 80 yoshlik inson ham ko'chaga chiqib bemalol biznes qilish sharoitidan millioner bo'lib ketishi tayin edi. Mikrafon oldida kutib turardim. Navbat menga kelib, hunarmandchilik sohasini rivojlantirish va ularga sayyohlar ko'p bo'ladigan shahar markazida alohida milliy rastalar qurish kerak degan taklif aytdim. Chunki Kadesheva bozoridagi milliy va adras liboslar sotadigan do'konchamiz iqtisodiy qiyinchiliklar tufayli yopilib qolgan edi.

Ikkinchi savolim: Toshkent shahri va Toshkent viloyati hududiga pasport ro'yhatidan o'tish.. va propiska qilinishi mumkin bo'lgan 59 ta korxona haqida: bugungi kunda Toshkent bozorlarida propiskasiz bolalarini bog'chaga va maktabga berolmayotgan, birovning nomiga sotib olgan uylariga egalik qilisha olmayotgani haqida hikoya qilayotgandim.. Demoqchi edimki, ro'yxatdan o'tish jarayoni reforma qilinishi lozim... Shu vaqt...zalda yig'ilganlarning vag'ir - vug'uri boshlanib, hokim Rahmonbek aka ularni tinchlantirishga urindi."Biz sizni hurmat qilib chaqirdik, sizlar bir - biringizni hurmat qilinglar.." dedi. Va "opa, siz ham cho'zib yubordingiz.." deya qo'shib qo'ydi. Birdan saroyining balkondagilarni hisobga olmaganda 4 ming odamning, 4 ming nigohi menga qadaldi. Va zaldagilar ham "o'tiring, o'tiring opa.. propiskaga nima bor bu yerda.." deyishdi. Endi...mening o'tirishdan boshqa iojim qolmagan edi. Hamma yog'imdan go'yo olov chiqayotgan edi", deb tasvirlaydi yozuvchi o'zining minbardagi holatini.

Salomat Vafoning yozishicha, o'ylab borgan hamma gaplarini rahbarlarga ayta olmagan bo'lsa ham, tadbir tugagach, atrofdagilar uni tabriklashgan. "Metro yo'lagiga tushguncha va hatto metroning ichida ham meni tabriklashardi... sizday odamlar ko'proq bo'lishi kerak" deyishgan.

Salomat Vafoning Feysbukdagi postiga izoh qoldirganlar ham uni olqishlashgan.

Jumladan, Umida Ahmedova "Barrakallo, Salomatxon!" deb yozgan.

Zilolabonu Xoliqova "Propiska...deyishingiz bilan valdirab qolishibdida...oxiri baxayr bo'lsin, lekin jasoratingizga qoyil. Boshingiz omon bo'lsin. Xozirgi eng kerakligi, adabiyot...shu borada bosh qotiringlar. Propiskani boshqalar xal qila qolsin. Dangal insonlarni xurmat qilaman" deydi.

Yozuvchi Muhammad Ismoil ham o'z sahifasida hech bir izohsiz uzoq yillardan beri matbuot va televideniega chiqishiga to'siq qo'yilgan bir qator yozuvchi va shoirlarga erkinlik berishni so'ragan Bosh vazirdan.

Ushbu mavzularda munozaralarga qo'shilgan ijtimoiy tarmoqning boshqa faollari "agar o'zgarishlar rostdan ham shunday davom etsa, aytilgan gaplar qog'ozda qolib ketmasa, O'zbekistonni yaqin yillarda yaxshi o'zgarishlar kutayotgani"dan umidlarini izhor etganlar.

"Odamlarga umid bergan o'zgarishlar ishqilib faqat saylovgacha bo'lmasinda...Poraxo'rlik, propiska, gaz, svet...bu muammolar hal qilinmas ekan, eski hammom, eski tos o'zbegim...", deb fikr qoldirgan Mister Iks.

  • BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring