"Saylovda ovoz berishdan bosh tortaman"

O'zbekiston Markaziy Saylov komissiyasi

"Chunki siz mening O'zbekiston fuqarosi sifatidagi saylash va saylanish huquqimni bir yarim yildan buyon poymol etmoqdasiz", deydi mamlakat rasmiylariga Natalya Rajimetova.

40 yoshli Natalya Rajimetovaning BBCga aytishicha, mutasaddilarning O'zbekiston Konstitutsiyasiga zid amallari tufayli fuqarolik pasportiga ega bo'lolmayapti, pasportsiz esa saylovda ishtirok etib bo'lmaydi.

Natalya Rajimetovaning aytishicha, Birlashgan Arab Amirliklari poytaxti Dubay shahrida nufuzli "Kristian Dior" shirkatining idorasida qonuniy ishlab kelgan.

"2015 yil martida shirkatimiz uchun orgtexnika xarid qilish uchun borganimda pasportim, pullarim va kartochkalarimni taksida unutib qoldiribman. Dubay politsiyasi qidiruv e'lon qilib, hech narsamni topib berolmadi. Dubaydagi O'zbekiston Konsulligi vatanga qaytish sertifikati qilib berdi va 2015 yil 23 mayida Toshkentga keldim", deydi Rajimetova.

Image copyright Natalya Rajimetova shaxsiy arxividan

"Meni bir necha marta tuman pasport idorasiga, bir necha marta ichki ishlar bo'limiga, O'zbekiston Ichki vazirligiga suhbatga chaqirishdi va uch soatlab savol-javob qilishdi. Barcha talab qilingan hujjatlarni taxlab OVIRga topshirdim. Lekin shu kungacha ham menga pasport bermayaptilar", deydi u.

"Bir necha marta advokat yolladim. Nima sababdan menga pasport bermayotganlarining sababini tushuntirib berishlarini so'rab Ichki ishlar vazirligiga ariza yozdim. Ammo natija yo'q".

"Men O'zbekistonning qonunga itoatkor fuqarosiman. Biror bir qonunni buzganim yo'q. Xorijda qonuniy yashab, O'zbekistonda soliq to'lab kelganman. Bir yarim yildan buyon esa pasportsiz na ishga joylasha olaman, na 13 yashar qizimni maktabga. Tahsili qolib ketmasin deb oxiri pul berib qizimni o'qishga joylashtirdim. Ishlolmaganimdan bemor onamga ham yordam berolmayapman", deydi Natalya Rajimetova.

Biror bir o'zgarish bo'lmaganidan keyin Natalya Rajimetova O'zbekiston Markaziy Saylov komissiyasiga murojaat qilishga majbur bo'lganini aytadi.

Image copyright Natalya Rajimetova

Prezidentlikka nomzod, Bosh vazir Shavkat Mirziyoevning Virtual Qabulxonasi faoliyat boshlagani haqidagi xabardor bo'lganidan keyin Natalya Rajimetova Virtual Qabulxonaga ham murojaat qilgan.

Rajimetovaning aytishicha, shu paytgacha Virtual Qabulxonadan ham o'z murojaatiga biror munosabat bo'lmagan.

Oliy Majlis, Respublika Prokuraturasi va Ichki Ishlar vazirligiga qilgan ko'p sonli murojaatlariga "pasport berish vakolatli organlar" tomonidan ko'rib chiqiladi, degan mazmunda javob xati olgan.

O'zbekistonlik tajribali huquqshunosning BBCga aytishicha, biror bir mutasaddi idora bu "vakolatli yoki kompetent organ"ning qaysi organ ekanini ochiq aytolmaydi.

"Chunki bu Milliy Xavfsizlik xizmati. Biroq O'zbekistonning birorta qonunida fuqaroga pasport berish masalasini MXX boshqarsin, degan joyi yo'q. Mamlakat qonunchiligida MXXning o'zining maqomi belgilab berilmagan", deydi o'z ismi-sharifi ochiqlanishini istamagan o'zbekistonlik huquqshunos.

Shu sabab qator o'zbekistonlik inson huquqlari faollari yoki o'zgacha fikrga ega fuqarolari mamlakatdan chiqish vizasini olishda ham mushkulliklarga duch kelganlar.

Image copyright Natalya Rajimetova

Natalya Rajimetova esa, "agar davlat menga pasport berishni istamasa, mamlakatdan chiqishim uchun boshqa bir hujjat berishsin, men o'z oilamni olib chiqib, meni qabul qilishni istaydigan boshqa bir mamlakatning fuqarosi bo'lishimga ijozat bersinlar", deydi.

O'zbekistonda biometrik pasportga o'tish ko'plab o'zbekistonliklarni qiyin ahvolga solib qo'ydi.

Dunyoning aksar mamlakatlari konsulliklari o'z fuqarolariga xorijda pasport olishlariga ko'maklashadi.

O'zbekistonning chet mamlakatlaridagi konsulliklari konsullik hisobiga turmagan fuqarolar o'zlarining O'zbekiston ichkarisidagi propiskadan o'tgan ichki ishlar bo'limidan pasportlarini almashtirishlari lozimligini tushuntiradilar.

  • BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring