Tomas Shennon Islom Karimov qabriga gul qoʻydi

Томас Шэннон Ислом Каримов қабрига гул қўйди Image copyright fb.com/usdos.uzbekistan

AQSh Davlat kotibining siyosiy masalalar boʻyicha oʻrinbosari Tomas Shennon Oʻzbekistonga safari doirasida Samarqandga ham tashrif buyurgan.

Juma kuni Davlat departamenti rasmiysi Samarqandda Oʻzbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov xotirasiga hurmat bajo keltirib, qabriga gul qoʻygan.

AQSh vakiliga Oʻzbekiston Tashqi Ishlar vaziri Abdulaziz Komilov, AQShning Oʻzbekistondagi elchisi Pamela Spratlen va Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo boʻyicha yordamchisi Daniyel Rozenblyum hamrohlik qilgan.

Janob Shennon Samarqandda boshqa tarixiy obidalarni ham borib koʻrgan.

Tomas Shennon Markaziy Osiyoga safarini 24 oktyabrda Qozogʻistondan boshlagan. Soʻngra Bishkekda boʻlgan. 28 oktyabrda Toshkentda Oʻzbekiston Tashqi Ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bilan muzokaralar oʻtkazib, siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-insonparvarlik va boshqa bir qator sohalarda ikki tomonlama munosabatlarni muhokama qilgan.

Joriy yilda Tomas Shennon Nьyu Yorkda oʻtgan BMTning 71-sessiyasida Oʻzbekiston Tashqi Ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bilan uchrashgan edi.

Dastlab xabar berilganidek, ikki mamlakat rasmiylari S5+1 formati (Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSh) boʻyicha xalqaro va mintaqaga doir masalalarni ham muhokama etganlar.

Bundan tashqari, janob Shennon Oʻzbekistonda boʻlajak prezidentlik saylovi demokratik tamoyillarga mos tarzda oʻtkazilishiga umid bildirgan.

AQSh Davlat kotibi oʻrinbosari bir kun oldin Bishkekda ham bu xaqda toʻxtalib, Vashington Oʻzbekistonning boʻlajak hukumati bilan hamkorlik qilishga tayyorligini qayd etgan edi.

Azimjon Asqarov ishida oʻzgarish boʻladimi?

AQSh Davlat kotibining Markaziy Osiyoga tashrifi 2010 yilda Qirgʻizistondagi etnik nizolarga aloqadorlikda ayblanib umrbod qamalgan Azimjon Asqarov ishi qayta koʻrib chiqilayotgan vaqtga toʻgʻri kelgan.

Tomas Shennon Bishkekdagi uchrashuvda oʻzbek faol Azimjon Asqarov masalasiga ham toʻxtalgan. AQSh hamisha adolat va demokratiya tarafdori boʻlib kelganini aytgan.

"Inson huquqlarini himoya qilish diplomatik missiyamizning eng asosiy qismidir. AQSh mustaqilligini eʼlon qilganida mamlakatda yashovchi har bir odamning huquqlarini himoya qiladi, degan printsiplarga tayangan. Shundan kelib chiqqan holda, kim boʻlmasin har bir odamning huquq va erkinliklarini himoya qilib kelamiz", -degan u.

AQSh vakilining tashrifi Asqarov mahkamasi natijasiga qanchalik taʼsir qilishi nomaʼlum.

21 aprelda Birlashgan Millatlar tashkilotining Inson huquqlari qoʻmitasi ekspertlari 2010 yil yozidan buyon hibsda qolayotgan Azimjon Asqarovni ozod etishga chaqiriq bilan chiqishi orqasida uning ishi mahkamada qayta koʻrib chiqilmoqda.

AQSh hamda Ovroʻpo Ittifoqi, qator xalqaro va mahalliy inson haqlari faollari Azimjon Asqarovga chiqarilgan mahkama hukmidan oʻz noroziliklarini bildirganlar.

Kuzatuvchilarga binoan, S5+1( Markaziy Osiyo 5 davlati va AQSh) amerikaliklarga Markaziy Osiyodagi har bir mamlakatning pozitsiyasini tasavvur qilishga imkon beradi.

Shu boisdan, bu safar AQShning ishtiroki Qozogʻiston, Qirgʻiziston yoki Oʻzbekistondan koʻra nisbatan kamroq boʻlgan Turkmaniston va Tojikistonga tashrif rejalashtirilmagan.

AQSh Davlat kotibining Markaziy Osiyoga tashrifi 29 oktyabrda yakunlanishi xabar qilingan.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibogʻlanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring.