Yunusobodda metro qurilishi boshlandi

Yunusobodda metro qurilishi boshlandi Image copyright carzone.uz
Image caption Yunusobodda metro qurilishi boshlandi

Shavkat Mirziyoev 8 sentyabr kuni O'zbekistonning muvaqqat prezidentiga aylandi. 10 kun o'tib, Yunusobod metrosining bitmagan bekatlaridan ikkitasini qurib tugatish haqida topshiriq berdi. Oradan bir oydan ko'proq vaqt o'tgach, Yunusobodning Petushok chorrahasidagi chala qolgan metro ob'ektida harakat boshlangan.

Bu janob Mirziyoevning Toshkentda metroni rivojlantirish bo'yicha yagona topshirig'i emas. Muvaqqat prezidentlikning 17-kuni u Sergeliga borib, tumanni shahar bilan bog'lovchi yer usti metrosini qurishni jadallashtirish haqida topshiriq berdi.

Ma'lumotlarga ko'ra, Yunusoboddagi ikki yangi metro bekatini foydalanishga topshirish uchun ikki yil, Sergelida qurilishi mo'ljallangan beshta yer usti metro bekati uchun 2022 yilgacha muhlat belgilangan.

Bu ulkan qurilish loyihalari qaysi manbalardan moliyalashtirilishi ochiqlanmagan. Tasdiqlanmagan ma'lumotlarga ko'ra, metro boshqaruvi "O'zbekiston temir yo'llari" shirkatiga topshirilgan va yangi metro bekatlari va yo'llari qurilishini ham shu shirkat nazorat qiladi.

Toshkent metrosi qaergacha boradi?

Toshkentagi metro "skeleti" Chilonzor, O'zbekiston va Yunusobod yo'nalishlari hisobiga asosan shakllanib bo'lgan, deydi 1972-1996 yillara "Toshmetroloyiha" institutiga rahbarlik qilgan Masar Xolmurodov.

Prognoz reja bo'yicha, Toshkentda hozir mavjud stantsiyalarga qo'shimcha yana 25 ta yangi metro bekati, 32,5 kilometr qo'shimcha metro yo'llari qurilishi maqsad qilingan.

"Birinchi galda metroni Yunusobod tumanidagi ko'p qavatli uylar qurilgan mavzelargacha olib borib, Yunusobod yo'nalishini mantiqiy yakuniga yetkazish kerak", - deydi Masar Xolmurodov .

Masar Xolmurodov o'zining "Toshkent metropoliteni: loyihalar va ro'yob" nomli kitobida yozishicha, "Shahriston" (eski "Habib Abdullaev") bekatidan Toshkent halqa avtomobil yo'li yoqasidagi loyihaviy "Turkiston" stantsiyasigacha 4,1 kilometrlik masofada tonnel inshootlari qurib bitkazilganiga ancha bo'lgan.

Bundan tashqari, Yunusobod yo'nalishini "Mingo'rik" bekatidan loyihadagi "Janubiy" bekatiga qadar qo'shimcha to'rt stantsiya ("Bobur", "To'qimachi", "Usmon Nosir", "Janubiy") bilan 5,2 kilometrga uzaytirish uchun texnik hujjatlar ham tayyor.

Biroq yo'nalishning janubiy qismi o'zining avvalgi muhimligini yo'qotgan. Bekatlar loyihasi tayyorlangan vaqtda, "Bobur", "To'qimachi", "Janubiy" bekatlari oldida respublika miqyosidagi universitet, kombinat, temiryo'l va avtovokzallar bo'lgan. Hozirda bu joylar aholisi uncha ko'p bo'lmagan mavzelardan biriga aylangan.

Aksincha, shaharning aholi gavjum va yanada ko'payishi kutilayotgan Sergeli, Otchopar, O'rikzor, Jarariq, Qoraqamish, Tuzel, Qo'yliq kabi dahalarida tezkor transport muammosi dolzarb bo'lib turibdi.

Carzone.uz saytining "Toshmetroloyiha" rejasiga asoslanib yozishicha, Chilonzor yo'nalishi Traktor zavodigacha, O'zbekiston yo'nalishi Qoraqamishdan boshlanib, Tuzel qo'rg'oni orqali Qo'yliqqacha, yangi quriladigan Sergeli yo'nalishi bo'lsa Sputnik mavzesidan boshlanib, Otchopar, O'rikzor bozorlaridan o'tib, Qoraqamishgacha cho'ziladi.

Yunusoboddan tashqari, Sergelida ham janob Mirziyoevning topshig'iridan keyin metro qurilishi bo'yicha ilk harakatlar boshlangan. Biroq qog'ozdagi qolgan rejalar qachon amalga ko'chishi noma'lum.

"Yunusobodda ish olib borilyapti"

Yunusobodda hozirgacha qurilgan olti metro bekatiga qo'shimcha yana uchta stantsiya ("Fayzulla Xo'jaev", "Yunusobod", "Turkiston") bunyod etilishi rejalashtirilgan. Shavkat Mirziyoev esa ikkita bekatni tezroq qurib bitkazish haqida ko'rsatma bergan. Aynan qaysi bekatlar qurilishi aytilmagan.

Yunusobodda "Shahriston" stantsiyasidan keyin Universamga yetmay (odamlar D2 deb ataydigan joyda), keyin Ahmad Donish bozori qarshisida, va so'ngra Petushok chorrahasi oldida yo'l o'rtasida beton devorlar bilan o'rog'liq uch ob'ekt bor. D2da biror harakat ko'zga tashlanmaydi, Ahmad Donish oldidagi joyda esa metro qurilishiga xos buyumlar, uskunalar bor.

"Mirziyoev topshiriq berganidan so'ng, Ahmad Donishni oldidagi ob'ektda bo'lib, uning ahvoli bilan tanishdik. Qilinadigan ishlar rejalashtirib, ta'mirlanadigan uskunalar belgilab olindi", - deydi Toshkent metrosidagi ismini sir saqlashni istagan manba.

Manbaga ko'ra, tonnellar to "betonka"gacha qazib qo'yilgan, devorlari betonlab chiqilgan, "rels qo'yilsa bo'ldi". "Tuproq qazib oladigan maxsus kovshlar, tuproq tashiydigan vagonchalar va ularni yuqoriga olib chiqadigan mexanizmlar ko'pdan beri ishlatilmay qolib ketgan. Ularni sozlashyapti", - deydi manba.

Metrodagi manbaning aytishicha, bu yerda qilinadigan asosiy ish - "stantsiyalarni qurishdir, qolgan hammasi deyarli tayyor". Oktyabrning so'nggi haftasida Petushokdagi beton devorlarning bir qismi olinib, o'sha aytilgan asosiy ish boshlandi - stantsiyani qurish bo'yicha birinchi ishlar qilindi.

Qarovsiz va tashlandiq holga kelgan ob'ekt maxsus texnika va og'ir yuk mashinalari yordamida necha yildan beri tarvaqaylab o'sib ketgan dov-daraxt, turli chiqindi va ortiqcha narsalardan tozalandi. "Yunusobod" nomli metro-stantsiyaga aylanishi kutilayotgan bu joyda bekatning o'rni ko'p yillar qazib qo'yilgan edi.

Qurilish bahona chorrahada avtotransport harakati to'xtagan, avtomobillar yarim kilometr nari-beridan burilib kelmoqda. Obodonlashtirish xizmatlari Petushok chorrahasidan keyin Halqa yo'li tomon ketgan yo'l o'rtasidagi xiyobon-ko'chada daraxtlarni belgilangan qizil nuqtalar bo'yicha kesib, uni navbatda turgan qazish ishlariga tayyorlamoqda.

  • BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq