General Do'stum: "Poytaxt Kobulga qaytmayman, agar..."

General Do'stum Image copyright COURTESY

Afg'oniston birinchi vitse-prezidenti yana bir bor prezident G'aniyni qudratni o'z qo'liga jamlaganlikda ayblagan.

Agarda, o'z tanqidlari milliy birdamlik hukumati tomonidan jiddiy inobatga olinmasa, Shibirg'ondan poytaxt Kobulga qaytmasligi bilan ogohlantirgan.

General Abdulrashid Do'stum, o'z navbatida, tezda Loya Jirga chaqirish, prezident va muovinlarining vakolatlarini mamlakat konstitutsiyasiga muvofiq belgilab berishga ham chaqirgan.

Aks-holda Afg'onistondagi barcha partiyalar va jamoatchilik tashkilotlarini tinch amallarga hozir bo'lib turishga ham da'vat etgan.

Afg'oniston birinchi vitse-prezidentining Jauzjondagi bu chiqishi prezidentlik saroyi xos bayonotidan uch kun o'tib kuzatilgan.

Ammo general Do'stumning takroriy tanqidlari, so'nggi ogohlantirishi va da'vatlariga, hozircha, prezidentlik saroyi rasman biror bir munosabat bildirmagan.

Afg'oniston birinchi vitse-prezidenti o'tgan hafta boshida prezident G'aniy va ijroiy rais doktor Abdulla Abdullalarni keskin tanqid ostiga olgan.

Afg'oniston rahbarini qudratni yakka o'zining qo'lida jamlaganlikda ayblagan.

General Do'stum, shuningdek, ikkovlonni millatchilikda ham tanqid qilgan.

Xuddi shunga muvofiq, Afg'oniston xavfsizlik kuchlari o'rtasida hamohanglik yo'qligini aytib, mavjud vaziyatdan ham o'zining jiddiy noroziligini izhor etgandi.

Dastlabki munosabat

Buning ortidan, kun o'tib, Afg'oniston prezidentligi saroyi xosan bayonot bilan chiqqan, general Abdulrashid Do'stumning bu kabi jiddiy tanqidlari lozim idoralar tomonidan tekshirilishi kerakligini bayon qilgandi.

Bunga qo'shimcha, prezidentlik saroyining bayonotida birinchi vitse-prezidentning vakolatlari qonun asosida belgilab qo'yilgani va u bir davlat mulozimi sifatida o'zining salohiyatlaridan foydalanayotgani ham aytilgandi.

General Do'stumning Shibirg'ondagi Jauzjon viloyati mas'ullari, viloyat kengashi a'zolari, jamoatchilik faollari, ulamolar, ziyolilar, xotin-qiz faollar, faol yoshlar va "Junbushi Milliy Islomiy" partiyasining qator shimoliy viloyatlardagi namoyandalari ishtirokida bo'lib o'tgan yakshanba kungi yig'inda qilgan chiqishi esa, ana shu bayonotga bir munosabat sifatida talqin etilmoqda.

Afg'oniston birinchi vitse-prezidentining mamlakat shimoli, jumladan, Turkmaniston va Tojikistonga bevosita chegaradosh Faryob va Qunduz viloyatini tozalashga qaratilgan va 15 oktyabr kuni boshlangan keng ko'lamli yangi harbiy amaliyotlari oradan ikki haftacha o'tib to'xtab qolgan.

Amaliyotlar birgina Faryobning ikki beqaror tumani: Qaysor va G'o'rmoch bilan cheklangan, buning ortidan general Do'stum prezident va ijroiy raisga qarshi keskin tanqidlar bilan chiqqan va Turkmanistonga bevosita chegaradosh shimoliy Jauzjon viloyati markazi Shibirg'ondagi uyiga qaytib ketgandi.

Faqat bugina emas

Shibirg'ondagi yakshanba kungi yig'in tafsilotlaridan ma'lum bo'lishicha, Afg'oniston birinchi vitse-prezidenti yana bir bor mamlakatning aksariyat Markaziy Osiyo davlatlariga bevosita chegaradosh shimoliy va shimoliy-sharqiy mintaqalaridagi xavfsizlik bilan bog'liq vaziyatdan jiddiy xavotir izhor etgan.

Bu mintaqalarda vaziyatning izdan chiqib borayotganida Pokiston Josuslik Xizmati va afg'on hukumatidagi ba'zi bir siyosiy doiralarni ayblagan.

Afg'oniston birinchi vitse-prezidenti, o'z navbatida, mamlakat xavfsizlik idoralari rahbarlarini zaiflikda ayblagan, bu tashkilotlarda korruptsiya hollari keng tarqalganini ham da'vo qilgan.

Ayon bo'lishicha, general Do'stum Shibirg'ondagi so'nggi chiqishida ayrim tahlilchilar va muxbirlarning, "Harbiy amaliyotlarga boshchilik qilish uchun o'zining nega faqat shimoliy viloyatlarga ketishi"ga oid davomiy savollariga ham oydinlik kiritgandek bo'lgan.

Xos yig'inlarda toliblarga qarshi kurashish uchun Afg'onistonning janubiy, janubiy-sharqiy viloyatlarga ham borish istagini takroran bayon qilib kelgani, ammo buning uchun o'ziga izn berilmaganini aytgan.

General Do'stum

General Abdulrashid Do'stum Afg'onistonning asosan o'zbeklar yashovchi va O'zbekiston bilan chegaradosh shimolidagi eng qudratli muxolif siyosatchilardan biri sanaladi.

Sobiq kommunist va afg'on o'zbeklari etakchisi ham sanalgan Abdulrashid Do'stum esa, bungacha uzoq yillar Tolibonga qarshi urishib kelgan.

General Do'stumning kuchlari xalqaro ittifoq kuchlarining dastagi bilan 2001 yilda Afg'onistonda Tolibon tuzumini qulatishda ham muhim o'rin tutgan.

Buning ortidan, yangi afg'on hukumatidagi rasmiy amali u qadar baland bo'lmasa-da, ammo amalda ta'siri juda kuchli bo'lgani e'tirof etib kelingan.

Hali 2012 yilda "Milliy Islomiy Uyg'onish" partiyasi rahbarining Tolibon bilan muzokaralarga rozi bo'lgani haqida xabarlar o'rtaga chiqqandi.

Buni o'shanda BBC O'zbek Xizmati bilan suhbatida uning muovini ham tasdiqlagandi.

Ammo, oradan bir muddat o'tib, janob Do'stum Tolibon bilan qudrat bo'lishish Afg'onistonda yana fuqarolar urushini keltirib chiqarishi mumkinligi bilan ham ogohlantirgandi.

So'nggi vaziyat

Ta'kidlash joiz, bugunga kelib toliblar Afg'onistonda qayta faollashishga muvaffaq bo'lishgan.

Xuddi shu manzarada Afg'oniston tuprog'idagi IShID jangarilarining soni ham bir necha yuzdan bir necha mingga etgani aytiladi.

Xorijiy ittifoq qo'shinlari esa, afg'on mojarosiga biror bir yechim topmay, bundan ikki yil burun ortga safarbarlikni boshlab yuborishgan.

O'tgan 15 yil badalida jangarilar bilan turli darajada tinchlik muzokaralari olib borish urinishlari deyarli samara bermagan.

Afg'oniston Tolibon harakati rahbariyati esa, afg'on tuprog'ida xorijiy askar bo'lar ekan, muloqotlarga bormasligini ta'kidlab keladi.

Afg'oniston birinchi vitse-prezidenti Shibirg'onda qilgan yakshanba kungi chiqishida Yaqin Sharqdagi IShID guruhining mamlakat shimoliga minglab jangarilarini sizdirish niyatida ekaniga oid ogohligiga qayta to'xtalgan.

Ammo bu xavfning oldini olishga qodir ekanliklarini ham yana bir bor bayon qilgan.

General Abdulrashid Do'stumning shu yil hisobidan uchinchisi bo'lgan Afg'oniston shimolidagi so'nggi harbiy amaliyotlarining yakuniy taqdiri esa, hozircha, ma'lum emas.

Milliy birdamlik hukumati Afg'onistonda 2014 yilgi saylov bo'hroni ortidan, Amerika tomoni vositachiligidagi qudratga kelgan.

Afg'oniston davlatchiligi tarixida bungacha bu kabi siyosiy tajriba hech qachon amalda bo'lmagan.

Uning qanchalik ish berishi avvalboshdanoq ko'plab siyosiy tahlilchilarning umidsiz bashoratlariga ham sabab bo'lib ulgurgan.

Ammo saflarida bundan avval ham kelib chiqqan jiddiy ziddiyatlarga qaramay, yangicha hukumat shu paytgacha Afg'onistonni boshqarib kelishga qodir bo'lgan.

Eng so'nggida ta'kidlash joiz, general Abdulrashid Do'stum Afg'oniston tarixidagi millati o'zbek birinchi vitse-prezident bo'ladi.

  • BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring