Rossiya o'zbekistonlik jangarilardan ham xavotirda

Usmon G'oziy Image copyright video

Rossiya Xavfsizlik Kengashi kotibining ogohlantirishicha, Afg'onistonda mahalliy toliblar, Pokiston Tolibon harakati a'zolari bilan bir qatorda O'zbekiston Islomiy Harakati ham faoliyat olib bormoqda.

Nikolay Patrushevga ko'ra, bu terrorchilarning Afg'oniston shimolidagi platsdarmlari Rossiya va Markaziy Osiyo davlatlariga to'g'ridan-to'g'ri xavf tug'diradi.

Rossiya Xavfsizlik Kengashi kotibi bu haqdagi xavotirlarini RIA Novosti axborot agentligi bilan so'nggi suhbati chog'ida izhor etgan.

Janob Patrushevning ta'kidlashicha, "Afg'onistonda terrorchilar mavqe'larining kuchayayotgani va jangarilar moliyaviy manbalaridan biri bo'lgan giyohvand moddalar noqonuniy savdosining ortib borayotgani kuzatilmoqda".

Rossiya Xavfsizlik Kengashi kotibiga ko'ra, Afg'onistonda bu uch jangari guruhdan tashqari, o'zlarida faoliyati rasman taqiqlangan IShID va "al-Qoida" tarmog'i a'zolari ham faollar.

Uning aytishicha, bu ekstremistlar Afg'onistonning shimoliy viloyatlarida o'z mamlakati va Markaziy Osiyo davlatlariga bevosita tahdid solayotgan platsdarmlarini tashkil qilishgan.

Ammo Nikolay Patrushev o'z suhbati chog'ida Afg'onistonning aynan qay bir shimoliy viloyatlarini nazarda tutayotgani tafsilotlariga to'xtalmagan.

Xuddi shuning barobarida "bu tahdid"ga qarshi qandaydir reja yoki amaliy chorada ekanliklari borasida ham bir so'z demagan.

Afg'oniston shimoli

Afg'onistonning shimoliy Faryob, Jauzjon, shimoliy-g'arbiy Badg'is viloyatlari Turkmaniston, Balx viloyati esa, O'zbekistonga bevosita chegaradosh sanaladi.

Xuddi shu o'rinda ta'kidlash joiz, Rossiya tomonining so'nggi xavotiri Afg'oniston birinchi vitse-prezidenti general Do'stumning mamlakat shimolidagi yangi harbiy amaliyotlari arafasida qilgan ogohligidan qisqa vaqt o'tmay kuzatilmoqda.

O'tgan oy o'rtalarida, Faryobda ekan, Afg'oniston birinchi vitse-prezidenti Yaqin Sharqdagi IShID guruhi mamlakat shimoliga etti mingdan ortiq jangarisini sizdirish harakatida ekani, ularning orasida Markaziy osiyoliklari ham borligini aytgan.

Bu jangarilarning yakuniy maqsadlari esa, Afg'oniston bo'lmay, aynan Markaziy Osiyo davlatlari ekanini ta'kidlagandi.

Harbiy doiralarda Afg'onistondagi IShID jangarilari asosan Pokiston Tolibon harakati va bundan ikki yil burun guruhga rasman bay'at keltirgan O'zbekiston Islomiy Harakati sobiq a'zolariga nisbat beriladi.

Ammo, Rossiya Xavfsizlik Kengashi kotibining so'nggi xavotirlari manzarasida ta'kidlash joiz, Afg'onistonning janubiy-sharqiy Zobul va sharqiy G'azna viloyatida toliblar bilan kechgan qaqshatqich janglari ortidan, yaqinda O'zbekiston Islomiy Harakati saflari jiddiy parchalanganiga oid xabarlar olingan.

O'zini yana O'zbekiston Islomiy Harakati, deb atagan jangarilar harakat saflaridan ajralib chiqqanliklari, ortiq IShIDga emas, Afg'oniston toliblariga moyil ekanliklarini bayon qilishgandi.

Ular o'z bayonotlarida yangi liderlari kimligini ochiqlashmagan, xuddi shu manzarada harakatning so'nggi yetakchisi Usmon G'oziyning taqdiri ham noayonligicha qolmoqda.

Sobig'i va yangisi nazarda tutilganda ham, Afg'onistonda hozirda faol O'zbekiston Islomiy Harakati a'zolarining sonlariga oid aniq va eng so'nggi ma'lumotlar imkonli emas.

Lekin Afg'oniston Ichki ishlar vazirligining o'tgan yilgi rasmiy ma'lumotlariga tayanilsa, mamlakat shimoli va shimoli-sharqidagi xorijiy jangarilarning soni 2 mingdan ortadi.

Shimol-sharq

Afg'onistonlik mas'ullar ularni aynan Pokiston Tolibon harakati, "al-Qoida" tarmog'i va O'zbekiston Islomiy Harakati a'zolariga nisbat berib kelishadi.

Ularning Pokiston, Markaziy Osiyo fuqarolari ekanliklari, bundan tashqari, oralarida uyg'urlar, arablar va chechenlar borligini ham aytishadi.

Ta'kidlash joiz, Rossiya tomoni katta sondagi G'arb qo'shinlarining ommaviy safarbarliklari ortidan kechgan so'nggi ikki yil ichida Afg'oniston masalasida bunga o'xshash bayonotlar bilan bir emas, bir necha bor chiqqan.

Ammo Rossiya prezidentiniki bo'ladimi yoki Tashqi ishlar vaziriniki, ularning kattayu kichik minbarlardan turib izhor qilgan oshkora xavotirlari asosan Afg'onistonning shimoliy-sharqiy mintaqalaridagi vaziyatga qaratilgandi.

Afg'onistonning eng beqaror ikki shimoliy-sharqiy viloyati bo'lgan Qunduz va Badaxshon esa, Tojikistonga bevosita chegaradosh sanaladi.

Lekin, shuni ham e'tirof etish kerakki, so'nggi paytlarda Afg'onistonning Turkmanistonga qo'shni shimoliy Jauzjon viloyatida IShID jangarilarining faollashgani, o'tgan bir necha kunning o'zida o'nga yaqin tinch fuqaroning umriga zomin bo'lganiga oid xabarlar olingan.

Viloyat mas'ullari ularni o'z vaqtida Afg'oniston Tolibon harakati saflarida jang qilgan O'zbekiston Islomiy Harakatining o'zbekistonlik a'zolariga nisbat berishgan, sonlarini esa, yuzga yaqin ekanini aytishgandi.

Shu yil avgust oyida esa, birinchi bor aynan Jauzjonda IShID ning shimoldagi hokimlaridan biri qo'lga olingani, uning aynan ushbu viloyatda guruh faoliyatini yoyish rejasida bo'lgani ham aytilgandi.

Ammo

Afg'oniston birinchi vitse-prezidenti, general Abdulrashid Do'stum esa, hali o'tgan yili mamlakat shimolida yo'lga qo'ygan dastlabki harbiy amaliyotlari chog'idayoq o'zlariga qarshi jang olib borayotgan jangarilar aksariyatining Markaziy Osiyo fuqarolari bo'lgan IShID a'zolari ekanini aytgandi.

Ammo general Do'stum so'nggi bir necha haftaning ichida avval Faryob, so'ngra Jauzjonda qilgan chiqishida ham Yaqin Sharqdagi IShID guruhining Afg'oniston shimolini ko'zda tutgan yangi rejasi oldini olishga qodir ekanliklarini bayon qilgan.

Afg'oniston shimoli-sharqidagi xavfsizlik vaziyatidan jiddiy xavotirlarini izhor etgan Rossiya Prezidenti Vladimir Putin esa, lozim, deb topsa, afg'on hukumatiga ko'mak berishga hozir ekanliklarini bayon qilgan.

Orada Rossiya tomonining Afg'onistondagi IShID xavfining oldini olish uchun Tolibon harakati a'zolari bilan yashirincha muzokaralar olib borayotganiga oid xabarlar ham o'rtaga chiqqan, ammo rasman o'z tasdig'ini topmagandi.

O'z o'rnida eslatib o'tish joiz, bir tomondan, saflarida jang qilayotgan sobiq Sho'ro davlatlari fuqarolari soni ortib borayotganidan tashvishda ekanini aytib, rasmiy Kreml IShID jangarilariga qarshi Suriyadagi havo hujumlariga ham bosh qo'shgandi.

Ammo xuddi shu manzarada so'nggi xavotirli bayonotlarini Rossiyaning Markaziy Osiyodagi geo-siyosiy manfaatlari bilan bog'lab izohlayotgan ekspertlar ham yo'q emas.

Ularga ko'ra, Rossiya, bir tomondan, Markaziy Osiyoda o'zining manfaatlarini parvarishlash, ishtirokini kuchaytirish uchun Afg'oniston tahdidini bo'rttirib, informatsion sohada unga kattaroq e'tibor berayotgan bo'lishi mumkin.

Boshqa tomondan, yaqinda Rossiya va Xitoy prezidentlari "xalqaro terrorchilikning Markaziy Osiyoga kirishiga yo'l qo'yib bo'lmasligi"ni yana bir bor oshkora bayon qilishgan.

Ikkovlonning bu izhorotlari Hindistonning Goasida bo'lib o'tgan BRIKS sammiti bahona o'tkazgan yuzma-yuz muloqotlari chog'ida yangragan.

Ular xalqaro terrorchilikning mintaqa orqali boshqa davlatlarga yoyilishining oldini olish uchun bundan buyog'iga ham o'z hamkorliklarini davom etdirishning muhimligini urg'ulashgandi.

Ham qayta bo'y ko'rsatayotgan Tolibon xavfi va ham yangitdan paydo bo'layotgan IShID tahdidi bilan bog'liq xavotirlari manzarasida esa, Afg'oniston bilan bevosita chegaradosh yoki emasliklariga qaramay, barcha Markaziy Osiyo mamlakatlari so'nggi ikki yil ichida o'z davlat chegaralari himoyasiga zo'r berishgan, favqulodda xavfsizlik choralariga qo'l urishgan.

  • BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring