Shavkat Mirziyoevning birinchi rasmiy tarjimai holi e'lon qilindi

Mirziyoev Image copyright courtesy
Image caption Rasmiy tarjimai holida aytilishicha, Mirziyoevning rafiqasi Z.M. Hoshimova ayni paytda uy bekasi

O'zbekiston Liberal-Demokratik partiyasi web sahifasida prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoevning rasmiy tarjimai holi chop etilgan.

Bu joriy yilning 8 sentyabrida O'zbekiston Prezidenti vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan Mirziyoevning hozirga qadar e'lon qilingan birinchi eng to'liq biografiyasidir.

Unda 59 yoshli Shavkat Mirziyoev hayot yo'lining bilingan tafsilotlari bilan bir qatorda, jumladan, uning rafiqasining to'liq bo'lmagan ism-sharifi ham ilk bor keltirilgan.

Hukumat portalida bosh vazirning rasmiy biografiyasi joylashtirilmagan.

Oqsaroyning rasmiy press-service.uz websaytida esa, haligacha marhum Prezident Islom Karimovning tarjimai holi turibdi.

Tarjimai hol yangilanmagan, jumladan, unga sobiq prezidentning vafot sanasi kiritilmagan.

UzLiDEP saytida e'lon qilingan rasmiy biografiyada aytilishicha, Sh.M. Mirziyoev oilali, ikki qiz, bir o'g'li, besh nafar nabirasi bor. Rafiqasi Z.M. Hoshimova - mutaxassisligi bo'yicha muhandis-iqtisodchi, ayni paytda uy bekasi.

Shuningdek, Mirziyoevning "Mehnat shuhrati" va "Fidokorona xizmatlari uchun" ordenlari bilan taqdirlangani aytilgan.

4 dekabrda o'tadigan saylovlar amaldagi vaqtincha prezidentning hokimiyatini qonuniylashtirishi kutiladi.

Saylovlarda undan tashqari yana uch siyosiy partiyalar nomzodlari ishtirok etmoqda.

Ovro'poda Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti oxirgi o'n yildan ko'proq vaqt mobaynida ilk bor O'zbekistondagi saylovlarga to'laqonli hay'at yuborishini ma'lum qilgan.

Quyida O'zbekiston Prezidentligiga bosh nomzod Shavkat Mirziyoev rasmiy tarjimai holining ayrim o'rinlarini e'tiboringizga havola qilamiz.

Manba': UzLiDEP

"Shavkat Miromonovich Mirziyoev 1957 yil 24 iyulda Jizzax viloyatining Zomin tumanida shifokor oilasida tug'ilgan. Millati - o'zbek. Oliy ma'lumotli, 1981 yili Toshkent irrigatsiya va qishloq xo'jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutini tugatgan. Muhandis-mexanik mutaxassisligiga ega. Texnika fanlari nomzodi, dotsent.

Mehnat faoliyatini 1981 yilda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo'jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida boshlab, kichik ilmiy xodim, katta o'qituvchi, dotsent, o'quv ishlari bo'yicha prorektor lavozimlarida ishladi.

1990 yili Respublika Oliy Soveti deputatligiga saylanib, ayni vaqtda Mandat komissiyasining raisi sifatida ham faoliyat ko'rsatdi.

1992 yilda Toshkent shahrining Mirzo Ulug'bek tumani hokimi lavozimiga tayinlandi. 1996-2001 yillarda Jizzax viloyati hokimi, 2001-2003 yillar mobaynida Samarqand viloyati hokimi lavozimlarida ishlab, mazkur tuman va viloyatlarni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirishga katta hissa qo'shdi.

Ijro hokimiyatidagi faoliyati bilan bir paytda 1995-2003 yillarda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining deputati sifatida ham mamlakatni siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda demokratik islohotlarni amalga oshirish borasidagi muhim qonun hujjatlarini ishlab chiqish va qabul qilish jarayonida faol ishtirok etib, samarali faoliyat olib bordi.

Sh.M. Mirziyoev 2003 yilda O'zbekiston Respublikasining Bosh vaziri etib tasdiqlandi va ushbu lavozimga yana uch marta - 2005, 2010, 2015 yillarda Oliy Majlis palatalari tomonidan qayta tasdiqlandi.

Sh.M. Mirziyoev mamlakatimiz mustaqillikka erishgan ilk kunlardan boshlab O'zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning yuksak ishonchini qozonib, uning yaqin safdoshi va maslakdoshi sifatida samarali faoliyat olib bormoqda...

2016 yil 8 sentyabr kuni O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qo'shma majlisida parlament palatalarining qo'shma qaroriga muvofiq O'zbekiston Respublikasi Prezidentining vazifa va vakolatlarini bajarish vaqtincha O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoev zimmasiga yuklandi".

  • BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring