Qozog'iston: "Olma-otalik mergan" uchun o'lim jazosi

Qozog'iston Image copyright RIA Novosti

Bu kabi qarorga Olma-ota Jinoiy ishlar bo'yicha mahkamasi kelgan.

Mahkama shu yil iyul oyida Olmali tumani politsiya bo'linmasi xodimlariga qarshi sodir etilgan otishma yuzasidan Ruslan Kulekbaevni o'lim jazosiga hukm etgan.

Ruslan Kulekbaev Qozog'iston Jinoyat Kodeksining teraktga qo'l urish, ikki yoki undan ortiq kishini o'ldirish, qotillikka urinish, qurolli bosqin, noqonuniy qurol-yarog' savdosi, siloh o'g'rilash, mashina olib qochish va qonunga zid ravishda ozodlikdan mahrum etish bandlari bo'yicha aybdor, deb topilgan.

Ma'lum bo'lishicha, sud hukmi kuchli qo'riqlanuvchi tergov izolyatorida o'qib eshittirilgan.

Tarixcha o'rnida

Otishmaning o'zi esa, 18 iyul kuni Qozog'iston Milliy Xavfsizlik qo'mitasining Olma-ota boshqarmasi binosi yaqinida yuz beradi.

Ruslan Kulekbaev Olmali tumani politsiya bo'linmasi xodimlarini o'qqa tutadi.

Otishma natijasida aksariyati politsiya va milliy xavfsizlik qo'mitasi xodimlaridan iborat 10 kishi hayotdan ko'z yumishadi.

Xabarlarga ko'ra, Ruslan Kulekbaev buncha sondagi insonni o'ldirganiga iqror bo'ladi. Ammo o'z qilmishidan pushaymon emasligini aytadi.

Mahkama yakunida o'ziga berilgan so'zlash imkoniyatidan foydalanib, "musulmon-birodarlari"ga o'tkazgan tazyiqlari uchun huquq-tartibot xodimlaridan o'ch olganini bayon qiladi.

Qozog'iston Prezidenti Nursulton Nazarboev esa, o'shanda bu hodisani "terakt", deb ataydi.

Qozog'istonda 2003 yildan buyon mamlakat prezidentining o'lim jazosiga moratoriyni ko'zda tutuvchi muddatsiz farmoyishi amal qiladi.

Ya'ni, Qozog'istonda o'lim jazosiga oid barcha hukmlar ijrosi ma'n etiladi, ammo mahkamalar bu kabi hukm chiqarishga haqli bo'lib qolaverishadi.

  • BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring