"Tojikistonda xalqning hayoti yaxshilanmoqda"mi?

Tojikiston Image copyright COURTESY

Agar, Jahon Bankining yangi tadqiqotlari natijalariga tayanilsa, o'tgan yilgisi bilan taqqoslanganda, Tojikistonda aholi jon boshiga to'g'ri keluvchi o'rtacha daromad miqdori joriy yilning may-avgust oylarida qariyb 16 foizga ortgan.

Bankka ko'ra, mavjud holat Tojikistonda xalqning hayoti yaxshilanib borayotganiga dalolat qiladi.

Yangi tadqiqot tafsilotlaridan ma'lum bo'lishicha, bunga mamlakatda oylik maoshlarining ko'tarilishi(18.1%), qishloq xo'jaligi va xususiy tadbirkorlikdan kelayotgan daromad miqdorining ortishi sabab bo'lgan.

Buning ortidan esa, Tojikistonda o'zlariga lozim darajada oziq-ovqat xarid qilishga qodir bo'lgan oilalarning soni ham oshgan va qariyb 70 foizga yetib qolgan, deydi Jahon Banki.

Xuddi shu manzarada oilaning boshqa ehtiyojlarini qondirish uchun o'zlarini yeyish-ichishdan qisgan xonadonlarning soni ham 5 foizga kamaygani ma'lum bo'lgan.

Ya'ni, Tojikistondagi oilalarning yarmidan ko'prog'i hozir bunday qilmay qo'yishgan, deydi Jahon Banki o'zining so'nggi tadqiqotlariga tayanib.

Boshqa tomondan, qo'lga kiritilgan yangi ma'lumotlar Tojikistonda pullarini dori-darmon va tibbiy xizmatga sarflayotgan xonadonlarning soni ham qariyb 10 foizga kamayganiga dalolat qilgan.

Agar, hisobot mualliflariga ishonilsa, bu - o'z tadqiqotlarini boshlagan o'tgan yil may oyidan buyon Tojikistonda qayd etgan eng past ko'rsatkichlari bo'ladi.

Ularning aytishlaricha, joriy paytda mamlakatda mehnat bozorida band bo'lgan migrantlarning foizi ham ortgan va 81 dan 85% ga yetgan.

Maqsad

Jahon Bankiga ko'ra, so'nggi yillarda mintaqa doxil jahonda bo'y ko'rsatayotgan yangi iqtisodiy tendentsiyalarning Tojikistondagi aks-sadosini o'rganish uchun bu kabi tadqiqotga qo'l urishgan.

Tadqiqot mualliflariga ko'ra, o'z tekshiruvlari iqtisodiy o'sish sur'atlarining pasayishi, bundan aholining qanchalik jabr chekishi mumkinligi va mamlakatdagi vaziyatning yomonlashishi ehtimollariga oilalarning nechog'liq tayyor ekanliklarini tezliqda aniqlashga imkon beradi.

Tojikiston esa, mamlakat mustaqilligi bilan kechgan chorak asrlik vaqt davomida Markaziy Osiyodagi ikkita eng kambag'al davlatdan bittasi sanalib kelingan.

Mamlakat iqtisodi, yillarki, asosan yaqin va uzoq xorijda mehnat muhojirligida band fuqarolarining daromadlariga tayanib kelgan.

Ustiga ustak, Jahon Bankining Tojikistonga oid so'nggi umidbaxsh hisoboti yuz tutgan jiddiy iqtisodiy inqirozi va migratsiya to'g'risidagi qonun-qoidalarini kuchaytirgani sabab, tirikchilik ilinjida Rossiyaga yuz tutayotgan tojikistonliklarning soni ham kamaygan, ular o'z vatanlariga jo'natayotgan pul jo'natmalarining miqdori keskin qisqarib ketgani aytilayotgan bir manzarada o'rtaga chiqqan.

Rossiyaga ommaviy migratsiya, boshqa tomondan, mintaqa davlatlarida xavfsizlik kafolati bo'lib kelgan.

Aynan mehnat muhojirligi mintaqaning aksariyat aholisi uchun ish o'rinlari va daromad manbai vazifasini bajargan.

Rossiyaga migratsiya bilan bog'liq so'nggi ahvol esa, qashshoqlik, notenglik, ijtimoiy himoyaning ko'ngildagidek emasligi, korruptsiya hollari bilan qo'shilib, mintaqada ijtimoiy tangliklar xavfini kuchaytirishiga oid xavotirlarni paydo qilgan.

Qo'shni Afg'onistondan kelayotgan isyonchilik tahdidi qarshisida mavjud holat mintaqa davlatlari rahbarlarini ham jiddiygina o'ylantirmay qo'ymagan, ularni xalqning hayotini biroz bo'lsa-da yaxshilash uchun yangi ish o'rinlari yaratish, ma'lum iqtisodiy erkinliklarga qo'l urishga ham majbur qilgan.

Tojikiston Bosh vaziri Qohir Rasulzodaning yaqinda qilgan bayonotiga ishonilsa, o'tgan 15 yil ichida mamlakat aholisining daromadi 25 barobariga oshgan.

2000 yildan 2015 yilgacha esa, Tojikistonda qashshoqlik darajasi uch barobariga qisqarib, 31 foizga tushib qolgan.

  • BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring