Xalqaro Amnistiyaning Moskvadagi idorasi muhrlandi

Moskva Image copyright AMNESTY INTERNATIONAL

Bu haqda BBCga xalqaro inson haqlarini saqlash tashkilotining Rossiyadagi idorasi rahbari Sergey Nikitinning shaxsan o'zi bildirdi.

Uning aytishicha, bu ishning sababi o'zlariga butkul qorong'u.

"Xodimlarimiz mahalliy vaqt bilan ertalab 10:30 larda Moskva markazidagi idoramizga kelib, eshigining, aftidan, sindirilganiga guvoh bo'lishgan", - deya ma'lum qilgan Sergey Niktin.

Uning so'zlaridan ayon bo'lishicha, idoralari shundoqqina Moskva shahar ko'chmas mulk idorasining ro'parasida joylashgan.

Janob Nikitinga ko'ra, idoralari eshigi ayni shu tashkilot muhri bosilgan va telefon raqamlari tushirilgan qog'oz bilan muhrlangan.

Ammo sababini bilish uchun idora tomonidan qoldirilgan bu raqamga qo'ng'iroq qilib, tushish urinishlari zoe ketgan, hech kim qo'ng'iroqlariga javob bermagan.

"Moskva shahar ko'chmas mulk idorasi nega bunday qilgan bo'lishi mumkin? Bizni avvaldan ogohlantirishgani ham yo'q. Ijara haqi oktyabr oyi uchun ham to'langan. Ustiga ustak, biz ijara haqini hech qachon kechiktirmagan bo'lsak", - deydi u.

Amnesty International xalqaro tashkilotining Rossiyadagi yana bir xodimi Aleksandr Artemevning aytishicha, idoralariga elektr ta'minoti ham kesib qo'yilgan va ichkariga kirolmay halaklar.

Bu tashkilotga 1961 yilda Buyuk Britaniyaga asos solingan.

Uni tashkil qilishdan maqsad - inson haqlarining poymol etilishi hollariga e'tibor tortish va xalqaro me'yorlarga amal etilishini ta'minlash bo'lgan.

Tashkilot o'z faoliyati uchun Nobel Tinchlik mukofoti bilan ham taqdirlangan.

"Xorijiy Josuslar to'g'risida"gi qonun kuchga kirishi ortidan, Rossiyadagi qator xalqaro nodavlat tashkilotlari va jamg'armalar o'z faoliyatlarini to'xtatishga majbur bo'lishgan.

  • BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring