Mirziyoyev "oddiy saylovchilar bilan uchrashmayapti"

Shavkat Mirziyoyev Image copyright courtesy

4 dekabr kuni o'tadigan Prezident saylovlarida asosiy nomzod Shavkat Mirziyoyev saylovoldi uchrashuvlarini Farg'ona vodiysidan boshlagan.

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati - O'zbekiston Liberal-demokratik partiyasi tarqatgan xabarda aytilishicha, janob Mirziyoyev 1-2 noyabr kunlari Farg'ona, Andijon va Namangan viloyatlarida bo'lgan.

Rasmiy xabarda saylovchilar bilan uchrashuvlarning videokonferentsiya tarzida o'tkazilgani va unda "barcha tuman markazlarida yig'ilgan saylovchilar bilan ochiq va jonli muloqot bo'lgani" aytiladi.

Janob Mirziyoyev saylovoldi nutqi bilan chiqqan va viloyatlardagi muammolarga to'xtalgan.

BBCga ma'lum bo'lishicha, Farg'onadagi uchrashuv Rishton tumanida, Andijondagisi esa Bo'z tuman hokimiyatlarida o'tkazilgan.

Farg'onadagi manba'lar uchrashuvlarning favqulodda xavfsizlik choralari ostida o'tgani va unga oddiy saylovchilar qo'yilmaganini aytishmoqda.

Rishtonlik o'qituvchi va mustaqil jurnalist Bahodir Eliboyev prezidentlikka nomzod bilan uchrashuvda qatnasha olmagan.

"Buni saylovoldi uchrashuvi deb aytmagan bo'lardim. Har ellik metrga militsiya qo'yilgandi. Men o'tolmadim. Mirziyoyev hokimiyat vakillari bilan uchrashdi, xolos ", - deydi u.

Uning aytishicha, uchrashuv avvaldan rasman e'lon qilinmagan, ammo aholi orasida "Mirziyoyev kelarmish" degan gaplar bo'lgan.

"Muammolardan xabardor"

Mirziyoyevning tashrifi arafasida favqulodda xavfsizlik choralari ko'rilganini tasdiqlagan farg'onalik inson haqlari faoli Abdusalom Ergashev bu choralarni tushunishini aytadi.

"Mirziyoyev oddiy nomzod emas, balki amaldagi Bosh vazir ham. Shuning uchun xavfsizlik choralarini tushunsa bo'ladi". - deydi u.

Uning so'zlariga ko'ra, uchrashuvning Rishtonda o'tkazilishi Mirziyoyevning muammolardan yaxshi xabardor ekanini anglatadi.

"Rishton sovet davridan buyon ahvol eng yomon bo'lgan mintaqa hisoblanadi. Odamlar muammo haqida gapirishganmi, yo'qmi, bilmayman, ammo Mirziyoyevning o'zi elektr toki bir sutkada 2 soatgina berilayotganini "qabul qilib bo'lmas" deb aytibdi", - deydi Abdusalom Ergashev.

Image caption Tanqidchilarga ko'ra, virtual qabulxona Mirziyoyevning saylovoldi targ'ibotlarining bir qismi, xolos

Ammo unga ko'ra, janob Mirziyoyev gaz muammosi haqida gapirmagan.

"Farg'ona vodiysidagi muammo elektr muammosi emas, balki gaz muammosidir. Tok yozda aholiga etadi, faqat qishda muammolar paydo bo'ladi. Gaz ta'minoti uchun mutasaddilar aholiga bermasdan, suyultirilgan gazni sotish bilan ovora. Chunki aholiga bersa, pul qilolmaydi", - deydi Abdusalom Ergashev.

Shu kunlarda Bosh vazirning virtual qabulxonasiga yo'llangan shikoyat va arizalarni ko'rib chiqishda "sansalorlikka yo'l qo'ygan" qator mansabdor shaxslarga nisbatan chora ko'rilgani ham xabar qilingan.

Tanqidchilar virtual qabulxona Mirziyoyevning saylovoldi targ'ibotlarining bir qismi ekanini aytishadi.

Ularga ko'ra, Mirziyoyevning virtual qabulxonasi hal qilayotgan muammolar kecha yoki bugun paydo bo'lgan emas, balki janob Mirziyoyev Bosh vazir lavozimida bo'lgan so'nggi 10 yildan ko'proq vaqt mobaynida yig'ilib qolgan muammolardir.

"Nomzod emas, Prezident"

Ayni paytda Shavkat Mirziyoyevning saylovoldi chiqishlariga e'tibor qaratgan siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimov janob Mirziyoyevning o'zini prezidentlikka nomzod emas, balki amaldagi prezident sifatida tutayotganiga e'tibor qaratgan.

"Sh. Mirziyoyev "huquqiy madaniyat yo'q", "huquqiy madaniyat yetishmaydi" deya ta'kidladi. Ayni paytda, uni chiqishidagi pozitsiyasida ham nozik bir huquqiy chegara ko'p marta buzildi: Shavkat Mirziyoyev o'z chiqishida o'zgarishlarni taklif qilmayapti - kafolatlayapti, u nomzod sifatida emas, joriy Prezident sifatida gapirayapti.

O'ylaymanki, bu yerda siyosiy reallik va vaziyatni huquqiy rasmiylashtirish o'rtasida ma'lum ziddiyat bor va Mirziyoyev siyosiy reallik bilan hisoblashayapti, xolos. Umuman olganda, undagi pragmatizm va utilitarizm jiddiy o'zgarishlarga asos bo'ladi", deb yozgan Kamoliddin Rabbimov o'zining Facebookdagi sahifasida.

4 dekabrdagi prezident saylovlarida boshqa partiyalardan nomzodlarning ham saylovoldi uchrashuvlari bo'lib o'tayotgani xabar qilingan.

Ularda nomzodlar asosan, tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish, sog'liqni saqlash va ta'lim tizimi, shuningdek, bandlik va boshqa ijtimoiy muammolarga e'tibor qaratishayotgani aytiladi.

  • BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring