Turkiyaning kurd siyosiy rahbarlari hibsda

Selahittin Demirtash va Figen Yuksekdag' Image copyright AP/Reuters
Image caption Selahittin Demirtash va Figen Yuksekdag' hibsga olindilar

Turkiyaning Xalq Demokratiyasi (XDP) kurdparast muxolif partiyasi rahbarlari kamida to'qqiz boshqa deputat bilan birgalikda hibsga olinganlar.

Selahittin Demirtash va Figen Yuksekdag' Turkiya davlatiga qarshi kurashgan jangarilar uchun targ'ibot yoyishda ayblanmoqda.

Janob Demirtash Diyarbaqirda hibsga olinganidan bir necha soat o'tib, mashinaga o'rnatilgan bomba sakkiz kishini o'ldirdi va 100dan ortig'ini yaraladi.

Turkiyaning eng yirik sonli ozchiligi bo'lmish kurdlarning jangarilari yillar osha mustaqillik uchun kurashib keladilar.

Turkiya iyul oyida davlat to'ntarishi harakati barbod qilinganidan beri favqulodda vaziyat holatida qolmoqda.

Bu holat Prezident Rajab Toyib Erdo'g'on va uning vazirlar mahkamasiga parlament roziligisiz ham yangi qonunlarni ishlab chiqarish, hamda inson huquqlari va erkinliklarini cheklashga imkon beradi.

Hukumatning da'vo qilishicha, hibsga olingan siyosatchilar tergovchilar takliflariga javob bermaganlar. Hozirda xorijda bo'lgan yana ikki XDP deputati nomiga ham hibs sanktsiyasi e'lon qilingan.

Kurdlarga qarshi bosim oshgan: kurd matbuoti yopilgan, Diyarbaqir shahri hokimi hibsga olingan.

Kurd ishchilar partiyasi (PKK) bilan erishilgan otashkesim 2015 yilda barbod bo'lishi ortidan Turkiyadagi ko'p yillik kurd masalasiga echim topish umidlari ham puchga chiqqan.

Janob Demirtash o'zining liberal siyosati bilan xalqaro qo'llab-quvvatlovga erishdi, ammo uning tanqidchilari u o'z partiyasini PKKdan yiroqlashtira olmaganini aytishadi.

Juma kungi hibslar kurdlar orasidagi xavotirlar va zo'ravonlikni yanada kuchaytirishi mumkin.

XDPning PKKga aloqasi bormi?

Eng asosiy kurdparast partiya deb ko'rilsa-da, XDP turfaxil a'zolardan tashkil topgan. Uning safiga, misol uchun, so'l qanot siyosatchilar, liberallar, tabiat muhofazachilari, gey huquqlari faollari va dindor musulmonlar kirishgan. Shuning uchun u Turkiyadagi uchinchi eng yirik partiyaga aylangan.

U o'tgan yili 59 o'rinni qo'lga kiritishi bilan ilk bora parlament tarkibiga kirdi.

Saylovoldi kampaniyasida u o'ziga qarshi bir qator qonli hujumlarga qaramay, mo''tadil siyosiy bayonotlar bilan chiqdi.

Mazkur partiya PKKga aloqasi borligini qat'iyan rad etadi.

Janob Demirtash va uning safdoshlari Prezident Erdo'g'onni o'z qudratini oshirish uchun XDPni parlamentdan siqib chiqarishga urinishda ayblaydilar.

  • BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - bbcuzbekradio
  • bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring