Ukrain jurnalisti: "O'zbekistondan kechirim so'rash uchun ayb ish qilmadim"

Natalya Kravchenko
Image caption Natalya Kravchenko O'zbekistonda ochiq gapirilmaydigan mavzularni ko'targan

O'zbekistonliklarning g'azabi va rasmiy noroziligiga sabab bo'lgan ukrain jurnalisti BBCga o'z lavhasi qanday tayyorlangani, haqqoniyligi va maqsadi haqida gapirib berdi.

O'zbekiston prezidenti Islom Karimov vafoti ortidan ukrainalik muxbir Natalya Kravchenko Toshkent va Samarqandga safar qilgandi. O'zining ba'zida aftidan yashirincha kamera bilan olingan deyarli 13 daqiqalik telelavhasida u birinchi prezidentning dafn marosimi, majburiy mehnat, siyosiy bosimlar, Andijon qirg'ini, tsenzura va odamlar orasidagi qo'rquv haqida o'z ko'rganlari va qilgan suhbatlari asosida hikoya qiladi.

Samarqanddagi uylardan biriga mehmon bo'la turib, Kravchenko xonim O'zbekiston siyosatini an'anaviy o'zbek uyiga o'xshatadi - "Uning ichidagi hovli siri begona ko'zlardan baland devor yordamida himoya qilinadi", deydi u. Mazkur an'anaviy uyning egasi - nafaqaxo'r Rustam aka ham suhbatga tortilgan.

Kravchenkoning lavhasi 13 sentyabrda "Ukraina" telekanalida namoyish etildi. Uning o'zbekistonliklar nazariga tushishiga esa bir oydan so'ng o'zbek jurnalisti Nasiba Faxriddinovaning javobiy telereportaji sabab bo'ldi.

O'z reportajida Faxriddinova xonim ukrainalik hamkasbini ayg'oqchilik usullarini qo'llash, hurmatsizlik, noto'g'ri ma'lumotlarni tarqatish, akkreditatsiyasiz ishlash va asossiz xulosalar chiqarishda ayblaydi. Uning ayniqsa o'zbeklarning o'ziga xos milliy jihatlarini hurmat qilmaslik borasidagi ayblovlari jarangdor yangraydi.

Buning ortidan internetda Kravchenkoga lan'atlar yog'ildi. Uning BBCga aytishicha, so'kinish va lan'atlar tufayli ancha vaqt ijtimoiy sahifalariga kirmay qo'ygan.

Ibrat Safo undan avvalo O'zbekistonda uning reportajiga qarshi ishlangan javobiy lavhaga munosabatini so'radi.

Kravchenko: Albatta, men O'zbekistondan bo'lgan javobni ko'rdim. Bu materialning jurnalist kasbiga umuman aloqasi yo'q, shuning uchun, u haqida biron fikr yuritolmayman. Uni reportaj ham deb atash mumkin emas. His-tuyg'ularim haqida gapirsam, ha, u menga ta'sir qildi va hammasini boshdan oyoq ag'darib tashlashganini ko'rib, bir necha daqiqa xunob bo'ldim. Lekin, yana aytaman, kasbimga buning aloqasi yo'qligini ko'rib, tez taskin topdim. Targ'ibotni sharhlashga hojat yo'q.

BBC: Haqiqatdan ham yashirin kamera bilan olganmidingiz o'z lavhangizni?

Kravchenko: Yo'q, bizda klassik yashirin kamera yo'q edi. Bizning kameramiz kichkina, lekin noprefissonal kamera edi. Biz hazillashib uni "sayyoh niqobi" deb ataymiz. Hech qanday kamera bilan filmga olish mumkin bo'lmagan vaqtlarda esa, qo'l telefonimizni ishga solganmiz.

BBC: Erkin mamlakatlarda xorijiy jurnalistlardan akkreditatsiya, ya'ni reportaj olish uchun maxsus ruxsatnoma talab qilinmaydi. Sizni shu kabi ruxsatsiz O'zbekistonda ishlashda ayblashayapti. Ukrainaga xorijiy jurnalist kelsa, ruxsat olishi kerakmi?

Image caption Nasiba Faxriddinova ukraina hamkasbini hurmatsizlikda ayblagan

Kravchenko: Ukrainada ishlash uchun, masalan Buyuk Britaniyada kabi, jurnalistga akkreditatsiya kerak emas. Ammo, jang amaliyotlari ketayotgan hududlar, ya'ni Donbass bundan istisno. U yerda akkreditatsiyadan o'tishning o'ziga xos tartibi bor. Gap shundaki, antiterror amaliyotlar hududi (ATO)da ishlash uchun ukrain jurnalistlarining o'zlari ham ATO shtabidan akkreditatsiya olishlari kerak. Chunki u yerda urush ketyapti.

BBC: O'zbekistonning javobiy lavhasida sizni O'zbekistonga nisbatan hurmatsizlikda ayblashyapti. Nima deb o'ylaysiz, jurnalist milliy mentalitet va diniy hissiyotlarni hisobga olishi kerakmi?

Kravchenko: O'ylaymanki, jurnalist milliy mentalitet va diniy hissiyotlarni hisobga olishi kerak. Lekin, keyin u bularni o'zining tomoshabiniga tushuntirib berishi kerak. Shuning uchun ham, masalan, reportajimdagi ayollar va erkaklarni ikkita alohida qatorlarga bo'lishgani haqidagi gapim huddi shu faktni anglatgan: ya'ni tepalikdagi Karimov qabriga erkak va yollar alohida qatordan chiqishardi. Tamom-vassalom. Buni men Ukrainadagi tomoshabinimga yetkazishim kerak edi, chunki bu yerda, masalan, pravoslav cherkovda hamma bitta eshikdan kiradi. O'zbek jurnalisti ham agar Ukrainada nimanidir filmga olsa, shunday "o'ziga xos xususiyat"ga e'tibor qaratishi mumkin. Shaxsan men tepalikka ayollar qatori bilan chiqdim, hujjatlarim va telefonlarim bo'lgan so'mkamni tavoze bilan qo'riqchiga topshirdim, boshimni ro'mol bilan yopishdi. Aslida yonimda ro'mol yo'q edi. Shunda bir ayol yonimga kelib: "Tepaga chiqishni xohlaysanmi?" dedi. "Ha, juda ham!" desam, "mana", deb o'z ro'molini yechib menga berdi. "Voy, keyin sizga uni qanday qaytaraman?" desam, "Mana bu yerda qoldiraqol, menga keyin berib qo'yishadi", dedi. Mana shunday kichik voqea yuz berdi. Buni jonim bilan lavhamda ko'rsatgan bo'lardim, lekin filmga olish mumkin emasdi, hatto telefonlarimizni tortib olishgandi. Axir televizion reportaj - bu suratga olgan filming ostiga o'qilgan matn degani. Gazetada bemalol nimanidir tasvirlab berishing mumkin, televidenieda bunaqasi ketmaydi. Shuning uchun, shunday yorqin epizod faqat mening xotiramda qoldi. Agar u mamlakatda jurnalistlarga erkin ishlab, hukumat belgilab bergan emas, balki o'zlari ko'rayotgan manzarani olishga imkoniyat bo'lganida edi, bu kabi tushunmovchiliklar umuman bo'lmasdi.

BBC: O'zbekistonning javobiy reportajida samarqandlik sobiq voenkom sizni aldab intervyu olishda ayblaydi. Bu suhbat qanday o'tgandi?

Image caption Kravchenko lavhasida tarixiy uy egasi Rustam aka hukumat beparvoligidan shikoyat qiladi

Kravchenko: Voenkom bilan intervyumiz, Sovet informbyuro so'zlari bilan aytadigan bo'lsam, iliq va do'stona sharoitda o'tdi! Biz ko'chani, oddiy odamlarni filmga olayotgandik. U kishi bizni ko'rib qolib, oldimizga keldilar. Qaerdan va kim ekanimizni so'radilar. Ukrainalik ekanimizni aytganimda, juda xursand bo'ldilar. Kiev tashqarisida rafiqasining qarindoshlari yashashgan ekan. O'zlari ham tez-tez kelib turgan ekanlar. "O'zbek javobi"da mening ko'nglimni eng ko'p g'ash qilgani shu voenkom bilan intervyu bo'ldi. Bu qariya odamni nimalar bilan qo'rqitishgan ekan bu kabi safsata gaplarni aytishlari uchun? Men undan juda xavotir olayapman. "Rustam-aka" yaqinda insultdan omon qolib, endi-endi o'zlariga kelgan ekanlar. Ular esa u kishini shunday yerga urib, asabiylashishga majburlashgan.

BBC: Xabarlarga ko'ra, sizning telekompaniyangiz Kievdagi O'zbekiston elchixonasidan kechirim so'rabdi, shu rostmi?

Kravchenko: Men bilganim - rahbariyatimiz vakillari Ukrainadagi O'zbekiston elchisi bilan uchrashishgan. Menga ma'lum bo'lishicha, hech kim hech kimdan kechirim so'ramagan, chunki telekanal yo mening o'zim hech kechirim so'raydigan aybli ishni qilmaganmiz. Ammo, bizning reportajimiz efirga uzatilgani ortidan muayyan tushunmovchiliklar yuzaga kelganidan taassuf bildirilgan. Bu uchrashuvdan ikki kun o'tib internetda "o'zbek javobi", oddiyroq qilib aytadigan bo'lsam, tuhmatnoma paydo bo'ldi.

Natalya Kravchenko lavhasini tomosha qilish uchun mana bu yerga bosing.

Nasiba Faxriddinova lavhasini tomosha qilish uchun mana bu yerga bosing.

  • BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - bbcuzbekradio
  • bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring