O'zbekiston qahramoni, Хalq shoiri Abdulla Oripov Amerikada vafot etdi

Image copyright ziyo.uz
Image caption O'zbekiston qahramoni, Хalq shoiri Abdulla Oripov

O'zbekiston qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripov Amerikada vafot etdi. O'zbekiston qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripov 1941 yil Qashqadaryoda tavallud topgan. Shoirning o'nlab kitoblari nashr etilgan. Nafaqat O'zbekiston, balki qo'shni mamlakatlarda ham Abdulla Oripovni tanimagan o'zbeklarni uchratish mushkul.

Abdulla Oripov Sho'rolar davrida ham, undan keyingi mustaqillik yillarida ham hukumat va xalq tomonidan ardoqlangan edi.

Faqat umrining so'nggi yillarida O'zbekiston qahramoni bo'lgan shoir hukumatning nazaridan chetda qolgani aytiladi.

O'zining yaqin shogirdlari bilan suhbatlarda marhum bir necha bor "bir zamonlar atrofida yurganlarning bevafoligidan" noligani ham ijtimoiy tarmoqlarda yozilgan edi.

Abdulla Oripovning so'nggi yillarda salomatligi yomonlashgan, asosan xorijda - Amerikada, yaqinlari yordamida davolanayotgan edi.

Yaxshilik va yomonlik

El aro yuradi bir naql,

Xalq uni takrorlab aytadi.

Kimsaga yomonlik qilmagil,

Bir kuni o'zingga qaytadi.

Darvoqe, pand bersang bir jonga,

U ham tinch turarmi hech zamon.

Deydilar, tuflasang osmonga

Yuzingga tushgaydir begumon.

Yaxshilik qilsang-chi, sen, biroq,

Qaytarmi u senga? Bu mubham...

Boshini silasang gohi choq

Qo'lingni tishlaydi iting ham.

Ibodat

Dunyodan roziman dema hech qachon,

Desang ham, so'ylagil sahroga, toqqa.

Chunki seni tinglab, kimdir o'sha on.

Nega rozisan, deb tutgay so'roqqa.

Dunyodan norizo bo'lsang ham agar,

So'z dema, bardosh qil azob, firoqqa.

Chunki seni tinglab, kimlardir batta

Nega, deb albatta, tutgay so'roqqa.

Dunyo ishlariga boqma hech hayron,

Jimgina nazar sol ko'hna bu korga.

Olis kechalari yolg'iz qolgan on,

Dilingni och faqat Parvardigorga.

Vafo Qilurmisan, Bahorim

Ruhimda yo'qoldi qarorim,

Tanimda qolmadi madorim.

Bizlarni bir yo'qlab kelibsan,

Vafo qilurmisan, bahorim?!

Yoz o'tdi, kuz o'tdi, qish o'tdi,

Boshlardan sinovli ish o'tdi.

Yurakka izg'irin - nish o'tdi,

Vafo qilurmisan, bahorim?!

Yam-yashil qirlarni sog'indim,

Chechakzor erlarni sog'indim,

U inja sirlarni sog'indim,

Vafo qilurmisan, bahorim?!

Lolaning lablari xandadir,

Dog'i ham tubida - andadir.

Qxshashi ruh ila tandadir,

Vafo qilurmisan, bahorim?!

Intiqmiz do'st bilan, yor bilan,

She'r bilan, soz bilan - tor bilan,

Diydorlash bizningdek xor bilan,

Vafo qilurmisan, bahorim?!

Toqat

Bozordan tutoqib qaytar uyga chol,

Go'sht qayda? Yog' qani? Va'da so'zdami?

Kampiri xo'rsinib yupatar darhol:

— O'kinmang, taqchillik faqat bizdami?

Yonboshlab gazeta varaqlaydi chol,

To'polon chiqibdi zavod, Vuzdami.

Kampiri yupatar surgancha xayol:

— O'ylamang, janjal ham faqat bizdami?

Oqshom televizor ko'rayotib chol

Birdan sapchib tushar. Esi o'zdami?

— Davlatga tosh otdi kimdir bemalol

Kampiri yupatar: faqat bizdami?!

Toqatim toq bo'ldi, deydi endi chol,

Toqat yurakdami? Toqat ko'zdami?

Kampiri er chizib shivirlar behol:

Chidang-da, toqat ham faqat bizdami?!