Shavkat Mirziyoyevning saylovoldi tashviqoti avjida

Shavkat Mirziyoyev Image copyright facebook
Image caption Shavkat Mirziyoyev

O'zbekiston Bosh vaziri, prezident vazifasi muvaqqat bajaruvchi Shavkat Mirziyoyevning saylovoldi tashviqoti so'nggi kunlarda anchayin shiddatli tus olgan.

Bu shiddat nafaqat Mirziyoyevning o'z tasviri tushirilgan va tobora ko'payib borayotgan yirik bannerlarda, balki Bosh vazirning mamlakat bo'ylab safarlarida, bot-bot TV orqali chiqishlarida ham sezilmoqda.

Kuni kecha Buxoro va Navoiy viloyatlariga safar qilgan Mirziyoyev o'zini xalq dardiga quloq soladigan rahbar o'laroq taqdim qilishda davom etgan.

Islom Karimovni "otam" deya ulug'lagan Shavkat Mirziyoyev zohiran marhum prezident davrida misli ko'rilmagan chiqishlar va amallarga qo'l urmoqda.

"Davlat xalqqa xizmat qiladigan davrlar" kelganini aytgan Shavkat Mirziyoyev bir ma'noda Islom Karimov zamonasida buning teskari bo'lganiga ishora qilgan.

Har holatda ham 4 dekabrda o'zbekistonliklar yangi prezident saylashadi.

Bu saylov natijalariga, o'zbekistonlik jurnalistlardan biri aytgani kabi "hatto nomzodlar ham zarracha shubha qilishayotgani yo'q".

Shunda ham mamlakat tarixida o'tgan saylovlardan bu galgisi katta farq qiladi.

4 dekabrda o'zbekistonliklar mustaqillik tarixida birinchi bor Islom Karimovsiz saylovga chiqishadi.

BBC O'zbek xizmati O'zbekiston prezidentligi uchun nomzodlarning tarjimai hollari, dasturlari va siyosiy qarashlari haqida bir qator maqolalar tayyorlagan.

Shavkat Mirziyoyevdan tashqari barcha nomzodlarning siyosiy dasturamallari va qarashlari saylov natijalariga ta'sir qilmasligiga shubha yo'q.

BBC O'zbek xizmati barcha nomzodlarning tarjimai holi, qarashlari va maqsadlari haqida qator maqolalar e'lon etib kelmoqda.

Bu gal navbat Liberal-demokratik partiyadan nomzod Shavkat Mirziyoyevga:

Mirziyoyev 1957 yil Jizzax viloyatining Zomin tumanida tug'ilgan. Uning otasi qo'shni Tojikistonning Yaxtan qishlog'ida tavallud topgan.

Ayni tarixiy haqiqat O'zbekistonda Shavkat Mirziyoyevning rasmiy va yo norasmiy tarjimai holida aks ettirilmagan.

1981 yil Toshkent irrigatsiya va melioratsiya institutini muhandis mutaxassisligi bilan tamomlagan. 1992 yilga qadar institutning o'zida ishlagan. Institut komsomol, keyinroq kommunistik partiya tashkilotiga rahbarlik qilgan, birinchi prorektor darajasigacha ko'tarilgan.

1990 yili O'zSSR Oliy kengashiga, 1994 va 1999 yillarda Oliy Majlisga deputat etib saylangan. 1992 yili Toshkent shahrining Mirzo Ulug'bek tumani hokimi etib tayinlangan.

O'zbekiston prezidenti Islom Karimov farmoni bilan 1996 yili Jizzax viloyatiga, 2001 yili Samarqand viloyatiga hokim etib tayinlangan. 2003 yildan O'zbekiston bosh vaziri.

Islom Karimovning vafoti va Senat raisi Nig'matilla Yo'ldoshev uch oy prezident bo'la olmasligini bildirganidan keyin, Shavkat Mirziyoyev parlament tomonidan O'zbekistonning muvaqqat prezidenti etib tayinlandi.

Muvaqqat prezidentlikdan keyingi ilk ishchi safarlarida o'zini Karimovning siyosiy farzandi deb e'lon qildi.

Mirziyoyev O'zbekiston prezidentligiga nomzodlar orasida eng serso'zi bo'ldi. Uning saylovoldi ma'ruzasi 6560 so'zdan iborat. Bu "Adolat" partiyasidan nomzod Narimon Umarov (ma'ruzasi 3524 so'zdan iborat) va "Milliy tiklanish" rahbari Sarvar Otamuratov (3243 so'z)ning ma'ruzalari yig'indisiga qariyb teng. Xalq demokratik partiyasidan nomzod Hotamjon Ketmonovning ma'ruzasi 3691 so'zdan iborat va uning yarmi partiya saylovda qanday harakat qilishi kerakligi haqida.

Shavkat Mirziyoyev, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati - O'zbekiston liberal-demokratik partiyasidan O'zbekiston prezidentligiga nomzod

Hozirgi ahvol haqida qanday fikrda?

Davlat boshqaruvi, kadrlar va murojaatlar bo'yicha

Ayrim rahbarlarning aholi ariza va shikoyatlarini ko'rib chiqishda sansolarlik, mas'uliyatsizlik, ortiqcha rasmiyatchilikka yo'l qo'ymoqda;

Mansabdor shaxslarning harakatsizligi oqibatida takroriy murojaatlar soni ortib bormoqda;

Aksariyat davlat idoralarining ish uslubi davr talabiga to'liq javob bermaydi;

Ayrim vazirlik va idoralar aholi muammolarini hal etishda rasmiyatchilikka yo'l qo'ymoqda, ular ko'pincha quruq raqam va ma'lumotlar to'plash bilan ovora;

Vazirlik va idoralarda ular mas'ul bo'lgan sohalardagi ahvolni chuqur tahlil qilib, kamchiliklarni tizimli ravishda aniqlash hamda bartaraf etishga qaratilgan faoliyat etarli darajada yo'lga qo'yilmagan;

Muammolarning asosiy sababi - kadrlarni tanlash, tarbiyalash va joy-joyiga qo'yish jarayonlari bilan bevosita bog'liq;

Ishga joylashtirish, yer uchastkalari ajratish, ish haqi va pensiyalarni o'z vaqtida to'lash masalalari bo'yicha murojaatlar soni ko'paygan;

Ayniqsa, sog'liqni saqlash va ta'lim sohalariga doir murojaatlarning oshgani, ishdagi kamchiliklardan dalolat beradi;

Shular qatorida aholining huquqni muhofaza qilish organlariga nisbatan bo'lgan e'tirozlari ham talaygina;

Qashqadaryo, Toshkent, Samarqand, Surxondaryo viloyatlari va Toshkent shahridan kelayotgan shikoyatlarning oqimi doimiy ravishda ortib bormoqda;

Ko'plab davlat xizmatchilarining zimmasiga katta mas'uliyat yuklanganiga qaramay, ularning ish kuni va ish haftasi aniq me'yorga solinmagan;

Shahar va tuman byudjetlarining daromadlar bazasini kengaymasa, hech qachon ushbu hududlarni jadal rivojlantirish mumkin emas;

Sud-huquq tizimi bo'yicha

Bugungi kunda sudlarda ishlarni ko'rib chiqishda yuz berayotgan ovoragarchilik fuqarolarning haqli noroziligiga sabab bo'lmoqda;

Keyingi yillarda sudlar tomonidan birorta ham oqlov hukmi chiqarilmagan;

Sudlar tomonidan jinoyat ishlarini qo'shimcha tergovga qaytarish amaliyoti odil sudlovning mazmun-mohiyatiga mutlaqo to'g'ri kelmaydi;

Birgina 2016 yilning 9 oyida 61 mingdan ortiq jinoyat va 2,5 milliondan ortiq huquqbuzarliklar qayd etilgan;

Joylarda bu masalada mahalla raisi, profilaktika inspektori va boshqa mutasaddilar o'z mas'uliyatini mutlaqo his etmayapti;

Iqtisodiy soha bo'yicha

Keyingi yillarda Surxondaryo viloyatida paxta hosildorligi pastligicha qolmoqda;

Surxondaryo viloyatidagi fermer xo'jaliklarining iqtisodiy ahvoli yildan-yilga yomonlashmoqda, tomorqalardan foydalanish ham talab darajasida emas;

Doimiy tekshirishlar, moliyaviy-xo'jalik faoliyatiga noqonuniy aralashuvlar oqibatida tadbirkorlar o'z ishini vaqtincha to'xtatishga, ayrim hollarda esa umuman tugatishga majbur bo'lmoqda;

Jinoyat ishlarini tergov qilish doirasida o'tkazilayotgan tekshirishlarning uzoq muddat davom etishi tadbirkorlarning haqli noroziligiga sabab bo'lmoqda;

Litsenziya va ruxsatnomalar berish jarayoni oylab cho'zilishi tufayli fuqarolar tadbirkorlik bilan noqonuniy tarzda shug'ullanishiga zamin yaratmoqda;

Mansabdor shaxslarning ta'magirlik holatlariga to'liq chek qo'yilmagan;

Tekshiruv tartiblarini buzish holatlari asosan soliq, yong'inga qarshi kurash, sanitariya nazorati, kadastr, tabiatni muhofaza qilish va boshqa nazorat qiluvchi organlar hissasiga to'g'ri kelmoqda;

Tekshirishlar tirnoq ostidan kir qidirish, kamchilik topishga yo'naltirilgan bo'lib, oxir-oqibatda tadbirkorlarni sindirmoqda;

Qoraqalpog'iston Respublikasi, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Surxondaryo, Sirdaryo va Xorazm viloyatlarida markazlashgan ichimlik suvi ta'minotida muammolar mavjud;

Aholi va korxonalar tomonidan elektr quvvati yetkazib berish masalasida ko'plab e'tirozlar mavjud ekanini ochiq tan olish kerak;

O'zbekiston bo'yicha 67 foiz past kuchlanishli elektr tarmoqlari eskirgan, transformator punktlari zo'riqib ishlamoqda;

Aksariyat qismi achinarli ahvolga kelib qolgan mintaqaviy va mahalliy ahamiyatga ega yo'llarga ham e'tibor qaratadigan vaqt keldi;

Ko'mir ishlab chiqarishning hozirgi hajmi mavjud talabni to'liq qondirish imkonini bermayapti;

Ijtimoiy va yoshlar sohasi bo'yicha

"Kamolot" yoshlar ijtimoiy harakati faoliyatini tanqidiy ko'z bilan qayta ko'rib chiqish lozim.

Nimalarni va'da qilmoqda?

Ijtimoiy-siyosiy, ichki siyosat sohasida

O'zbekiston birinchi prezidenti Islom Karimovning siyosiy merosi, u belgilab bergan O'zbekiston taraqqiyotining asosiy tamoyillari, ustuvor yo'nalishlar, maqsad va vazifalarini so'zsiz va to'liq amalga oshirmoqchi;

Iqtisodiy va ijtimoiy jarayonlarda partiyalarning rolini oshirmoqchi;

O'zbekistonning mudofaa qobiliyatini, Qurolli Kuchlarning salohiyatini har tomonlama mustahkamlamoqchi;

Kelgusida ham O'zbekistonda millatlararo totuvlik va hamjihatlikni mustahkamlashni davlat siyosatining ustuvor yo'nalishlaridan qilib belgilamoqchi;

Turli din vakillari o'rtasida o'zaro hurmat va do'stona munosabatlarni rivojlantirmoqchi;

Islom dinini noto'g'ri talqin etayotgan va uni niqob qilib, o'rta asrlar hayotiga qaytarishga urinayotgan buzg'unchi kuchlarga qarshi keskin kurashmoqchi;

Davlatga qarashli 1 million 109 ming o'rinli 2 ming 200 ta bolalar bog'chasini qurish, kapital ta'mirlash va jihozlash masalalarini hal etmoqchi;

Jurnalistlarning professional faoliyatini himoya qilishga va'da bermoqda;

Qishloq vrachlik punktlari, tez tibbiy yordam stantsiyalari, ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari faoliyatini yanada yaxshilash bo'yicha, shuningdek, xususiy tibbiyot muassasalarini rivojlantirish bo'yicha 4 ta qaror loyihasini tayyorlamoqda;

Yoshi ulug' insonlar, yolg'iz keksalar va imkoniyati cheklangan shaxslarga tibbiy yordam ko'rsatish dasturini qabul qilmoqchi, "Nuroniy" jamg'armasining nufuzini oshirmoqchi;

Mirziyoyev uchun O'zbekistonning jahon axborot texnologiyalari bozorida munosib o'rin egallash masalasiga ustuvor ahamiyatga ega;

Yoshlarning kitob o'qishga bo'lgan qiziqishini oshirishga, ularni kitob bilan do'st bo'lishiga, aholining kitobxonlik saviyasini yanada oshirishga alohida e'tibor qaratish kerak, deydi;

Ijodkor ziyolilarning eng yaxshi asarlarini O'zbekistonda va chet ellarda targ'ib etmoqchi, madaniyat, san'at, adabiyot va matbuot olamiga kirib kelayotgan iqtidorli yoshlarni, masalan, uy-joy sharoitlarini yaxshilashga alohida e'tibor qaratmoqchi;

Badiiy asarlar uchun to'lanadigan qalam haqi miqdorini qayta ko'rib chiqmoqchi, ijodiy va intellektual mulk egalarining manfaatlarini himoya qilmoqchi;

2017-2021 yillarda Oliy o'quv yurtlari tizimini yanada rivojlantirish bo'yicha dasturni amalga oshirmoqchi;

"Kamolot"ning o'zini mustahkamlash, uning O'zbekistondagi barcha yoshlar chin dildan intiladigan tashkilotga, ortiqcha tadbirlar o'tkazish va rasmiyatchilik ko'rinishlaridan xoli bo'lgan, yoshlar manfaatlarining haqiqiy himoyachisiga aylantirmoqchi;

Sud-huquq sohasida

Sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini hamda odil sudlov faoliyatiga aralashganlik uchun javobgarlik muqarrarligini ta'minlamoqchi;

Odil sudlovning mazmun-mohiyatiga mutlaqo to'g'ri kelmaydigan sudlar tomonidan jinoyat ishlarini qo'shimcha tergovga qaytarish amaliyotidan voz kechmoqchi;

Advokatura sohasini isloh qilmoqchi, advokat kasbi nufuzini oshirmoqchi, advokatlarning vakolatlarini kengaytirmoqchi;

Jinoyatchilikning oldini olish va har qanday jinoyatga adolatli baho berishga qaratilgan ishlarni keskin kuchaytirmoqchi;

Har bir jinoyat holati va vaziyati bo'yicha hokim, ichki ishlar bo'limi boshlig'i va prokurorning aholi vakillari oldida hisobot berishini ko'zda tutadigan yangi tizim joriy etmoqchi;

Rahbar kadrlar va murojaatlar bo'yicha

Har qanday darajadagi loqayd va befarq rahbar shaxslarga nisbatan jiddiy choralar ko'rmoqchi;

Xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqimizga xizmat qiladigan vaqt keldi, deb hisoblaydi;

Rahbarlar muntazam ravishda xalq orasida bo'lib, shaxsiy qabullar tashkil etishlari, joylardagi muammolarni hal qilishlari zarur, deb hisoblaydi;

Barcha darajadagi rahbar va mas'ul xodimlarning og'zaki va yozma murojaatlar bilan ishlashga bo'lgan munosabatini tubdan o'zgartirmoqchi;

Odamlar bilan ularning tilida gaplashish, dardini eshitish va muammolarini hal qilishning samarali usullarini joriy etmoqchi;

Joylardagi rahbarlar faoliyatiga birinchi navbatda ular bosh­qarayotgan hududdagi aholidan tushayotgan murojaatlar soni, ularning xalq ichida yurishi, mavjud muammolarning amaliy yechimiga qarab baho bermoqchi;

Davlat xizmatchilarining huquqlarini kafolatlamoqchi va himoya tizimi bilan mustahkamlamoqchi, davlat xizmati bo'yicha qonun qabul qildirmoqchi;

Mahalla tuzilmasini yanada qo'llab-quvvatlab, uni har tomonlama rivojlantirmoqchi;

Iqtisodiy sohada

Milliy valyuta - so'mning hamda ichki bozordagi narx-navo barqarorligini ta'minlamoqchi;

2030 yilga qadar yalpi ichki mahsulot hajmini ikki barobardan ziyod ko'paytirmoqchi, iqtisodiyot tarkibida sanoatning ulushini 40 foizga yetkazmoqchi;

Sanoatni rivojlantirish bo'yicha 8 dastur doirasida yaqin besh yil ichida umumiy qiymati qariyb 40 milliard dollar bo'lgan 657 ta investitsiya loyihasini amalga oshirib, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 1,5 barobar oshirmoqchi;

Tayyor to'qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 3 barobar oshiruvchi, umumiy qiymati 2 milliard 300 million dollar bo'lgan 140 ta investitsiya loyihasini amalga oshirmoqchi;

Tibbiyot xodimlari tomonidan bemorlarga qimmat dorilarni asossiz ravishda tayinlashga, dorixona tarmoqlarida narx-navoning besabab oshib ketishiga yo'l qo'ymaydigan eng qat'iy choralarni ko'rmoqchi;

Davlat dorixona tarmoqlarida hayotiy muhim dori vositalarining aniq belgilangan narxlarda sotilishini ta'minlamoqchi;

Urgut, Qo'qon va G'ijduvonda erkin industrial-iqtisodiy zona tashkil etmoqchi;

Hosildorligi past erlarda paxta ekishni kamaytirib, sabzavot, dukkakli va ozuqabop ekin maydonlarini kengaytirish, intensiv bog' va uzumzorlar barpo etmoqchi;

Surxondaryoda 2017 yilda tuproq unumdorligi past yerlar hisobidan qariyb 18 ming gektar paxta va 1000 gektar g'alla maydonlarini qisqartirib, sabzavot va meva yetishtirish, intensiv bog' va tokzorlar barpo etish, issiqxonalar tashkil qilishni rejalashtirgan;

Ekin maydonlarini optimallashtirish, paxta maydonlarini bosqichma-bosqich qisqartirishni ko'zda tutuvchi 2017-2020 yillarga mo'ljallangan ko'p tarmoqli fermer xo'jaliklarini rivojlantirish dasturini qabul qiladi.

Asosiy e'tiborni eksportga yo'naltirilgan meva-sabzavot va oziq-ovqat hamda chorvachilik mahsulotlari yetishtirishni ko'paytirishga, shuningdek, kichik ishlab chiqarish shoxobchalarini tashkil etish va servis xizmatlari ko'rsatishga qaratadi;

Qishloq xo'jaligini moliyalashtirishning mavjud tizimini takomillashtirmoqchi, busiz qishloq joylarda turmush darajasini yaxshilab bo'lmaydi, deb hisoblaydi;

Xususiy mulk va tadbirkorlikni rivojlantirishga xalaqit berayotgan barcha to'siq va cheklovlarni bartaraf etmoqchi;

Korruptsiyaga qarshi kurashish to'g'risida, Ma'muriy tartib-taomillar to'g'risida, Davlat xaridlari to'g'risida va Davlat-xususiy sheriklik to'g'risidagi kabi muhim qonunlarni qabul qilmoqchi;

Qoraqalpog'iston Respublikasi, Andijon, Buxoro, Jizzax, Navoiy, Samarqand, Sirdaryo va Farg'ona viloyatlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari ishlab chiqmoqchi;

Talab va ehtiyojlarini inobatga olgan holda, 2017-2021 yillarda tuman va shaharlarni kompleks rivojlantirish bo'yicha muhim dasturlarni ishlab chiqmoqchi;

Toshkentni dunyodagi eng go'zal va obod megapolislardan biriga aylantirmoqchi;

O'z echimini kutib turgan sotsial-ijtimoiy masalalarni hal qilish uchun O'zbekiston miqyosidagi 15 ta maqsadli dasturni puxta ishlab chiqish va amalga oshirish zarur, deb hisoblaydi;

Qishloq joylarda arzon uy-joylar qurish dasturini amalga oshirmoqchi (dastur 21 oktyabr kuni qabul qilingan), dastur bo'yicha, 2017 yilning o'zida 15 mingta zamonaviy uy-joy barpo etish mo'ljallanmoqda;

2017-2020 yillarda shahar joylarda 945 ta ko'p qavatli uylar qurish dasturi loyihasi ishlab chiqilmoqda, dastur yirik shaharlarda 50 mingga yaqin uy-joyga muhtoj oilalar uchun 5, 7 va 9 qavatli arzon uylarni qurishni nazarda tutadi;

Qishloq aholi punktlarida ichimlik suvi tarmoqlarini kengaytirish va modernizatsiya qilish dasturini qabul qilmoqchi, besh yilda 9 ming kilometr ichimlik suvi tarmoqlari, 1,4 mingta quduq va 3,6 mingta suv inshooti quriladi va rekonstruktsiya qilinadi;

Moliya vazirligi huzurida "Toza suv" maxsus jamg'armasini tashkil etmoqchi;

Uy-joy kommunal xo'jaligi vazirligini tashkil etmoqchi;

Shahar va qishloq aholisining elektr energiyasi ta'minotini yaxshilash dasturini ishlab chiqmoqda: dastur doirasida besh yilda elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlarini yanada oshirmoqchi;

Umumiy foydalanishdagi 1,7 ming kilometrlik avtomobil yo'llarini qurish va rekonstruktsiya qilmoqchi;

10,4 ming kilometrlik xo'jaliklararo qishloq avtomobil yo'llarini, shaharlar, tuman markazlari, kichik shaharchalar va qishloq joylardagi mahalla ko'chalarini kapital va joriy ta'mirlamoqchi;

Moliya vazirligi huzuridagi Yo'l jamg'armasini va "O'zavtoyo'l" kompaniyasining tashkiliy tuzilmasini mutlaqo tubdan qayta ko'rib chiqmoqchi;

Qishloqlar va shaharlarda transport xizmatini yanada yaxshilash dasturini qabul qilmoqchi, dastur bo'yicha 74 ta avtovokzal va avtostantsiya rekonstruktsiya qilinadi, yangi 3 mingta avtobus, 5,7 mingta mikroavtobus sotib olinadi;

Toshkent xalqaro aeroportining yangi terminalini barpo etish zarur, deb hisoblaydi;

Buxoro - Miskin temir yo'l tarmog'i qurilishini yakuniga etkazmoqchi, uni, shuningdek, Qarshi - Termiz, Pop - Namangan - Andijon - Qo'qon temir yo'llarini ham elektrlashtirmoqchi;

Qattiq maishiy chiqindilarni sanitariya yo'li bilan tozalash va utilizatsiya qilishni yanada yaxshilash dasturini qabul qilmoqchi;

Aholiga ko'mir yetkazib berish tizimini takomillashtirish, uning narxi sun'iy ravishda oshib ketishining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirmoqchi.

Tashqi siyosat sohasida

Tashqi siyosatni amalga oshirishda barcha davlatlar, birinchi navbatda, qo'shni mamlakatlar bilan do'stona munosabatlar va o'zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlashni o'zining birinchi darajali vazifasi deb biladi;

Asosiy maqsadi

Vatan taraqqiyoti va xalq farovonligi.

  • BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq