"Litsenziyali domlalarimiz yoshlar uchun nima qilmoqda?"

Image copyright Internet
Image caption "Litsenziyali domlalarimiz yoshlar uchun nima qilmoqda?"

Qo'limga maktabni tugatish arafasida tushgan suratlar albomi tushib qoldi.

Oradan "viz" etibmi, "g'iz" etibmi 28 yil ham o'tib ketibdi, odam sezmay ham qolibdi.

Sinfdoshlarning ba'zilari oramizni tark etganiga ham bir necha yil bo'ldi.

Ammo ulardan ikki nafari…shashti baland, olov bir yigitlar edi.

Birin-ketin ular ham ketdi, qoradori deganlaridan "peredoz"dan…

Yigirma yoshdan o'tar-o'tmas ketishdi bechoralar.

Yaqinda esa 40 yoshida yurak xurujidan yana bir sinfdoshimizni berib qo'ydik.

Yuvvoshgina bola edi maktabda…

Keyin armiyaga borib keldi, melisaga ishga kirgandi.

O'tirishlarga, to'y va hashamlarga chaqirsak, doim "hozir usiliniedaman, kazarmennыy rejim", yaqinda pensiyaga chiqay, bemalol bo'laman der edi boyaqish.

Nafaqaga chiqishiga ozgina qolganidan bir bahona topilibdi, uni bo'shatvorishibdi...bunaqa munosabatni ko'tarolmadi, ketdi.

Boshqa bir sinfdoshimiz bolalikdan "ishkal" edi. Uyida ham erkatoy bo'lgandi.

Hayot uning erkaliklarini ko'tarmadi, hozir piyonista bo'lib qolgan, oilasi ham parokanda...

Bolalikda o'ynab-kulib katta bo'lar ekan odam, taqdir esa hammani har qayoqqa uloqtirib tashlar ekan.

Bir partani bo'lashib o'tirgan do'stim, sinfdoshim esa anchadan beri Rossiyada mardikor.

Eng a'lochi bola edi maktabda. Hatto universitetni ham qizil diplomga bitirgandi.

Keyin maktabda o'qituvchilik qildi.

Bolalari ko'paydi, ro'zg'orini tebratolmay Rossiyaga "dangasa" bo'lib ketdi.

Yana men havas qiladigan ikki sinfdoshim bor.

Ular do'st, biznes hamkor. Oila tutishlari ham go'zal.

O'zlari ham xushmuomala, qachon biror ehtiyoj bilan huzurlariga borsam, yo'q deyishmaydi, yordam berishadi.

"O'rtoq, pul odamning qo'lida bo'ladi, qalbida emas, qalbida bo'lishi kerak emas", deyishadi.

Hazillashib, shuncha pul bilan qochib ketsam nima qilasan qabilida so'rab qo'ysam, "qochib qayoqqa ham borasan, o'rtoq", deydi.

"Ha, okaxonlarga aytib, toptirib kelasanmi", deyman.

"Yo'q, Yaratganga ishonaman. Shunga agar aldab ketsang ham, u dunyoda har bir zarra hisob-kitob qilinadigan vaqt, Egam qarzni o'rnini o'zi to'ldiradi, yaxshi amaling bo'lsa, menga olib beradi, yo'q bo'lsa, meni yomon amalimni seni buyningga qo'yadi. Men shunga ishonaman. Lekin bilaman, bungacha hech bormaydi, chunki san mani do'stimsan", deydi.

Balki bizning zamonamizda diniy ilmlarga ega bo'lish yaxshiroqdir, deb o'ylab qolaman.

Kecha kuni Juma namoziga chiqqan edim, domla bu mavzuni juda maromiga keltirib yoritdilar.

Lekin afsus, atrofda yoshlar kam edi, aksariyat katta yoshdagi namozxonlar.

Bunaqa ma'lumotlar aslida yoshlarga, imkoni bo'lsa hali mustaqil oila qurmagan, bir ro'zg'orning boshini ushlamaganlar foydaliroq bo'larmidi?

Hozir yoshlarni masjidlardan ayrib qo'yib, biz o'zimizga o'zimiz zarar yetkazmayapmizmi?

Masjidlarimizdagi ma'ruzalar tekshirilib, tegishli idoralarning ko'rigidan o'tib, xalqqa va yoshlarga foydali bo'lsin deb bitilmaydimi?

Yoshlar qani?

Yaqinda Qozog'istonda masjidlarda ma'ruzalarni ruscha ham o'tkazish tavsiya qilinibdi.

Bilasizmi, tekshirishlarga ko'ra, aksar "terrorchi guruhlarga" aralashib qolgan yoshlar umuman qozoqchada yaxshi gapirishmas ekan.

O'z savollariga javob izlab internetga kirishar va turfa aqidaparast guruhlar ta'siriga tushib qolishar ekan...

Shular kelib chiqib o'ylaganim, dinimizning go'zal aqidalari, o'gitlarini masjidlardagi litsenziyali domlalarimiz yoshlarimizga ham tushuntirishsa yaxshi emasmi?

Siz nima deysiz?

  • BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring